XX–XXI asrlar bo‘sag‘asida jahon xo‘jaligida rivojlangan mamlakatlar yetakchi o‘rin egallab, ular asosan Yevropa va Shimoliy Amerikada joylashgan. «Katta yettilik» (keyinchalik «katta sakkizlik») mamlakatlari iqtisodiy rivojlanishi tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda uzoq muddatli ilmiy-texnik taraqqiyot bilan belgilanadi. Ushbu davlatlarda resurs tejamkorligi va energetik samaradorlik ustuvor ahamiyat kasb etadi. Masalan, AQShda XX asr davomida ishlab chiqarish hajmlarining sezilarli o‘sishi kuzatilgan. Shu bilan birga, sanoat rivojlanganiga qaramay, narxlar darajasining yuqoriligi xizmatlar sohasi kengayishi va ilmiy-texnik inqilobga asoslangan yangi tarmoqlarning shakllanishi bilan izohlanadi.
Мазкур мақолада сунъий интеллектнинг (СИ) барқарор ривожланиш глобал кун тартибидаги геоиқтисодий аҳамияти ва технологик трансформациянинг миллий ҳамда минтақавий барқарорликка таъсири таҳлил қилинган. Тадқиқотда АҚШ, Европа Иттифоқи, Хитой ва Марказий Осиё мамлакатларининг СИни тартибга солиш сиёсати ўрганилган. Мақолада катта эътибор Ўзбекистоннинг СИни ривожлантириш стратегияси ҳамда 2025 йилда БМТ Бош Ассамблеясининг Марказий Осиёда барқарор ривожланиш учун СИ ролига доир резолюциясига қаратилган. Натижаларга кўра, устувор йўналишлар сифатида СИ иқтисодий барқарорликни мустаҳкамлаш, ресурслар самарадорлигини ошириш ва “яшил иқтисодиёт”га ўтиш белгиланган
Ushbu tadqiqot makroiqtisodiy omillar va kompaniyalar rentabelligi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganadi hamda korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari yalpi foyda marjasi (gross margin), operatsion marja (operating margin), EBITDA marjasi va aktivlarning rentabelligi (ROA)ga ta’sirini tadqiq qiladi. Nazariy yondashuvlar, empirik tahlillar va iqtisodiy-ekonometrik modelga tayangan holda, tadqiqot zamonaviy AQSH iqtisodiyotining asosiy drayverlari bo‘lgan 16 ta yirik kompaniya misolida makroiqtisodiy omillar va firmaning o‘zaro ko‘p qirrali aloqa dinamikasini ochib beradi. Natijalar valyuta kursi, inflyatsiya kabi makroiqtisodiy omillar va korporativ foyda o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi hamda kompaniyalarning makro darajadagi o‘zgarishlarga qanday javob berishini yoritadi. Shuningdek, moliyaviy menejerlar uchun amaliy ahamiyatlari muhokama qilinib, qaror qabul qilish jarayonlarida makroiqtisodiy sharoitlarni hisobga olish muhimligi ta’kidlanadi. Umuman olganda, maqola makroiqtisodiy omillar va firma ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tushunishga hissa qo‘shadi hamda kelgusida yanada chuqur tadqiq etilishi lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha tavsiyalar beradi
Ushbu maqolada davlat xaridlarini tashkil etishning xorijiy mamlakatlardagi ilg‘or tajribalari o‘rganiladi. Xususan, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy va Singapur kabi davlatlarning xarid tizimlari, ularning institutsional asoslari, raqamlashtirish darajasi, shaffoflikni ta’minlash mexanizmlari hamda korrupsiyaga qarshi choralar tahlil qilinadi. Xorij tajribasi O‘zbekiston davlat xaridlari tizimini takomillashtirishga oid amaliy tavsiyalar bilan yakunlanadi
Ushbu tadqiqot Global innovatsion indeks (GII) ma’lumotlariga asoslanib, O‘zbekistonning 2020-2025-yillardagi innovatsion samaradorligini baholaydi hamda uni jahon yetakchilari (Shveysariya, Shvetsiya, AQSH), rivojlanayotgan mamlakatlar (Hindiston, Vetnam, Marokash) va mintaqaviy hamkorlar (Qozog‘iston, Ozarbayjon) bilan taqqoslaydi. O‘zbekistonning umumiy GII reytingi 2025-yilda 79-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa-da, uning innovatsion natijalari kiritilgan resurslardan ancha past bo‘lib qolmoqda, natijada o‘rtacha samaradorlik farqi 23-pog‘onani tashkil etmoqda. Hindiston, Vetnam va Marokash o‘zlarining resurs darajasiga nisbatan kutilganidan yaxshiroq natijalarga erishayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘z salohiyatidan past natijalarni ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston uchun asosiy muammo investitsiyalar darajasi emas, balki ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini tijoratlashtirishning cheklanganligi, sanoat va ilmiy-tadqiqot sohalari o‘rtasidagi aloqalarning zaifligi hamda yuqori texnologiyali eksportning pastligi tufayli resurslarni natijalarga aylantirishning sekinligidir. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston innovatsion iqtisodiyotni barpo etish uchun tanlangan tarmoqlarga maqsadli xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va venchur moliyalashtirish orqali milliy innovatsion tizimni muvofiqlashtirishni takomillashtirishi lozim
Mazkur maqolada oliy taʼlim muassasalarida menejerlarni tayyorlash jarayonida kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishning dolzarb masalalari hamda ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish yo‘nalishlari tahlil qilingan. Menejer kadrlarning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun kasbiy, kommunikativ va konseptual kompetensiyalar zarurligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, АQSh, Yevropa va Sharq mamlakatlari tajribasida taʼlim jarayonida innovatsion o‘qitish texnologiyalari, amaliyotga yo‘naltirilgan dasturlar va interfaol usullar keng qo‘llanilishi taʼkidlangan. Ushbu tajribalarni milliy taʼlim tizimiga tatbiq etish menejerlarni raqobatbardosh va strategik fikrlay oladigan mutaxassis sifatida shakllantirishga xizmat qiladi
Мақолада Ўзбекистонда фаолият юритаётган иқтисодий ночор корхоналар муаммолари, уларнинг молиявий барқарорлиги ва рентабеллигини тиклаш масалалари комплекс ёндашув асосида ёритилган. Тадқиқот давомида корхоналарнинг молиявий аҳволини баҳолашда халқаро тажрибалар (ЕИ, АҚШ, Жанубий Корея) ва маҳаллий ёндашувлар солиштирилиб, миллий тизимда мавжуд камчиликлар аниқланади. Шунингдек, мақолада давлат дастурлари орқали имтиёзли молиялаштиришдан фойдаланаётган корхоналар таҳлили келтирилиб, саноат, энергетика, қишлоқ хўжалиги, туризм ва инновацион тармоқларда ажратилган маблағлар миқдори ва мақсадлари кўрсатиб ўтилган. Бундан ташқари, молиявий ҳолатни баҳолашда қўлланилаётган асосий механизмлар – тўловга қобилиятни таҳлил қилиш, қарздорлик коеффициенти, санаация режаси, муҳандислик-иқтисодий экспертиза ва иқтисодий судлар қарорлари – уларнинг афзалликлари ва камчиликлари билан бирга таҳлил қилинади. Бу услубларнинг такомиллашуви рақамли платформалар, автоматлаштириш, халқаро баҳолаш стандартларини жорий этиш заруратини юзага чиқаради.