Mazkur maqolada turizm xizmatlari samaradorligini oshirishda klasterlash yondashuvining roli, uning iqtisodiy mexanizmlari hamda amaliy qo‘llanish imkoniyatlari tahlil qilingan. Tadqiqotning amaliy qismi sifatida Samarqand shahrining turizm hududlari geografik-klasterlik nuqtayi nazaridan o‘rganilib, shahar hududida shakllangan tarixiy, transport, ilmiy-madaniy, zamonaviy dam olish va aeroport klasterlarining fazoviy tuzilishi aniqlangan. Xaritaga asoslangan tahlil turizm oqimining asosiy markazlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmaning o‘zaro integratsiyalashganligini ko‘rsatadi. Shuningdek, turizm klasterlari tizimining iqtisodiy samaradorlikka ta’siri, tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlar orqali tarmoq ishtirokchilarining o‘zaro manfaatli hamkorligini kuchaytirish yo‘llari haqida takliflar berilgan.
Maqolada O‘zbekiston turizm xizmatlari bozorining hozirgi holati va uning iqtisodiyotdagi o‘rni tahlil etiladi. Tadqiqotda sohaning o‘sish tendensiyalari, infratuzilma rivoji, raqamli transformatsiya jarayonlari hamda xizmatlar sektorining iqtisodiy samaradorlikdagi ahamiyati yoritilgan. Natijalar turizm sohasining pandemiyadan keyingi davrda barqaror o‘sish bosqichiga chiqqanini va mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardosh yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi. Shu asosda, sohaning kompleks rivojlanishini ta’minlash uchun tizimli yondashuv va innovatsion boshqaruv mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlanadi
Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlari mahalliy infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va xizmatlar sifatini oshirishda samarali vosita sifatida qaralmoqda. Ushbu maqolada DXSh tizimining Qashqadaryo viloyatidagi qoʻllanilish holati, mavjud loyihalar tahlili va ularning iqtisodiy hamda ijtimoiy samaradorligi baholandi. Tadqiqotda hujjatli manbalar, rasmiy statistika, xalqaro tajriba va mahalliy ekspertlarning fikrlari asosida tizimli yondashuv qoʻllanildi. Natijalar viloyatda DXShning infratuzilmaviy tarmoqlar, xususan sogʻliqni saqlash, taʼlim va energetika yoʻnalishlarida salmoqli oʻrin egallayotganini koʻrsatdi. Shu bilan birga, mavjud institutsional toʻsiqlar va investitsiya xavflarining tahlili asosida takomillashtirish yoʻnalishlari ham ishlab chiqildi.
Iqtisodiy jarayonlarning faol raqamli transformatsiyasi sharoitida elektron tijorat subyektlarini boshqarish samaradorligini oshirish masalalari alohida dolzarblik kasb etmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida e-commerce sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar boshqaruv ko‘rsatkichlarini optimallashtirishga doir konseptual yondashuvlar va amaliy mexanizmlar tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida elektron biznesning institutsional muhiti, raqamli yetuklik darajasi va texnologik infratuzilmasi o‘rganilib, rivojlanishni cheklayotgan asosiy to‘siqlar aniqlangan. E’tibor integratsiyalashgan boshqaruv modelini joriy etish zarurati, jumladan, raqamli analitika, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, mijozlar bilan aloqani shaxsiylashtirish va zamonaviy platformaviy yechimlardan foydalanishga qaratiladi. Xalqaro tajriba bilan solishtirma tahlil asosida, O‘zbekiston sharoitiga mos holda e-commerce subyektlari faoliyat samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari raqamli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini shakllantirish va elektron savdoning barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda qo‘llanilishi mumkin.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining Logistik Performance Indeksi (LPI) bo‘yicha reytingdagi o‘rni, uni belgilovchi asosiy mezonlar va bu ko‘rsatkichlarning transport tizimiga ko‘rsatadigan ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida LPI ko‘rsatkichlari bilan mamlakatdagi transport-logistika infratuzilmasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, mavjud muammolar va imkoniyatlar aniqlanadi. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimidagi tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarishda LPI indeksining ahamiyati yoritiladi. Maqola yakunida mamlakatning LPI reytingini yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Mazkur maqolada 2018–2024 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida davlat qimmatli qog‘ozlari bozorining holati va tuzilishi, jumladan talab va joylashtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha har tomonlama tahlil qilingan. Davlat obligatsiyalari moliyaviy tizimning muhim elementi hisoblanib, ichki va tashqi investitsion resurslarni safarbar etishga xizmat qiladi. Tadqiqotda ushbu bozor segmentining to‘liq rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan institutsional va tuzilma bilan bog‘liq cheklovlar aniqlangan. Ular qatoriga mavjud qarz instrumentlarining cheklanganligi, ikkilamchi bozorda likvidlikning pastligi, qisqa muddatli obligatsiyalarning ustuvorligi hamda foiz stavkalari o‘zgaruvchan obligatsiyalar kabi moslasha oladigan vositalarning mavjud emasligi kiradi. Muallif tomonidan davlat obligatsiyalari muomalasining to‘liq ko‘p bosqichli infratuzilmasini yaratish uchun indekslashgan, “yashil” va ijtimoiy obligatsiyalar kabi innovatsion vositalarni joriy etish zarurligi asoslab berilgan. Shu bilan birga, davlat qarzi siyosatida shaffoflikni ta’minlash va byudjet moliyalashtirilishining barqarorligini kuchaytirishda davlat obligatsiyalari bozorini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes subyektlarini kreditlash tizimining amaldagi holati tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba va empirik izlanishlar asosida kichik biznesni moliyalashtirishda uchraydigan asosiy cheklovlar aniqlanib, kredit axborot infratuzilmasini rivojlantirish, garovsiz kreditlash mexanizmlari, raqamli moliyalashtirish vositalari va davlat kafolatlarini kuchaytirishga doir strategik takliflar ilgari suriladi.