Mazkur tadqiqotda oliy ta’lim muassasalarining mehnat bozori uchun malakali mutaxassislar tayyorlashini tashkiliy-huquqiy jihatdan tartibga soluvchi institutsional mexanizmlar keng qamrovda o‘rganilgan. Tahlil asosida bitiruvchilarning ish bilan bandlik darajasiga ta’sir etuvchi omillar aniqlangan va ularni oshirish borasida amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada zamonaviy ta’lim tizimida pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirishning dolzarbligi, uning ta’lim sifatini oshirishdagi ahamiyati hamda raqamli transformatsiya sharoitida o‘qituvchi faoliyatiga qo‘yilayotgan yangi talablar ilmiy-nazariy jihatdan yoritilgan. Shuningdek, raqamli kompetensiya tushunchasining mohiyati, tarkibiy qismlari, xalqaro tajriba hamda O‘zbekiston ta’lim tizimida ushbu kompetensiyalarni shakllantirish yo‘llari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish ta’lim samaradorligini ta’minlashda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi.
Mazkur tadqiqot Oʻzbekistonda toʻgʻri soliqlarni prognozlash metodologiyasini takomillashtirish amaliyotining hozirgi holatini tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotda foyda soligʻi, jismoniy shaxslar daromad soligʻi hamda mol-mulk va yer soliqlari kabi asosiy toʻgʻri soliqlar boʻyicha prognozlashtirish jarayonlarining amaldagi mexanizmlari oʻrganilgan. Statistik tahlil, taqqoslama baholash va iqtisodiy modellashtirish usullari asosida prognoz koʻrsatkichlari aniqligi va barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Shuningdek, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq bazasining kengayishi hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish jarayonlarining prognozlash sifatiga ta’siri ochib berilgan. Tadqiqot natijalari asosida toʻgʻri soliqlar tushumlarini prognozlashda zamonaviy iqtisodiy-matematik modellarni qoʻllash, axborot bazasini takomillashtirish hamda institutsional yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va xulosalar ishlab chiqilgan
Maqolada O‘zbekiston elektron tijorat bozorining 2035-yilgacha rivojlanish istiqbollari prognoz qilinadi hamda o‘sish sur’ati va sifati uchun hal qiluvchi omillar tahlil qilinadi. Asosiy drayverlar sifatida raqamli to‘lovlar va davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, logistika infratuzilmasining kengayishi, mobil internet qamrovi, marketpleyslar ekotizimi va transchegaraviy savdoning faollashuvi, shuningdek, tartibga solish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining takomillashuvi ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda ssenariy yondashuvi (bazaviy, tezlashtirilgan va inert) qo‘llanib, makroiqtisodiy sharoitlar, raqamli bozorlardagi raqobat va ma’lumotlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining savdo jarayonlariga ta’siri baholanadi. Ishonch masalalari, kiberxavflar, yetkazib berish sifati, raqamli tafovut va KOB (kichik va o‘rta biznes) kompetensiyalari yetishmasligi kabi to‘siqlar alohida yoritiladi. Xulosalar davlat siyosati, biznes strategiyalari va ilmiy tadqiqotlar uchun amaliy ahamiyatga ega.
Mazkur tadqiqot jamoa faoliyatida izchillik va sifat oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni hamda ularning samaradorlikka taʼsirini tahlil qiladi. Tadqiqot “Iman Invest Fintech” kompaniyasining empirik maʼlumotlari asosida olib borilgan boʻlib, unda jamoalarning kundalik faoliyati, natijalar barqarorligi va xizmat sifati koʻrsatkichlari chuqur oʻrganilgan. Asosiy eʼtibor izchillikning (barqarorlik, jarayonlarga rioya qilish va natijalarning takrorlanuvchanligi) samaradorlikdagi rolini aniqlashga qaratilgan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, jamoalar uchun doimiy ravishda barqaror natija koʻrsatish, ayrim holatlarda yuqori, lekin notekis sifat natijalariga qaraganda muhimroq hisoblanadi. Izchillik jamoa ichidagi hamkorlikni mustahkamlab, xatolarni kamaytiradi va prognozlash imkoniyatini oshiradi, bu esa umumiy samaradorlikni yaxshilaydi. Tadqiqotda regressiya va panel tahlil usullaridan foydalanilib, izchillik va sifatning nisbiy taʼsiri baholangan. Shuningdek, izchillikning kamayib boruvchi chegaraviy foydasi mavjudligi aniqlangan boʻlsa-da, u baribir muhim omil sifatida namoyon boʻladi. Xulosa qilib aytganda, fintech jamoalari uchun izchillikni ustuvor yoʻnalish sifatida rivojlantirish samaradorlikni oshirishning samarali strategiyasi hisoblanadi.
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida bank aksiyadorlik jamiyatlarida raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati tadqiq etiladi. Raqamli boshqaruvni faqat avtomatlashtirish yoki axborot texnologiyalarini joriy etish bilan cheklab bo‘lmasligi, balki u qaror qabul qilish sifati, risklarni boshqarish, komplayens va moliyaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatuvchi data-driven boshqaruv tizimi ekani asoslanadi. Tadqiqotda DESI va EGDI kabi makrodarajadagi indekslarning korporativ boshqaruv samaradorligini baholashdagi cheklovlari aniqlanadi. Ushbu bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida raqamli boshqaruvni iqtisodiy natijalar bilan bog‘lovchi mualliflik indikatorlar tizimi va integral baholash modeli taklif etiladi. Natijalar bank amaliyoti uchun metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi
Ushbu ilmiy maqolada mehnat bozorida kompetent mutaxassis kadrlar bandligini ta’minlashga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda zamonaviy iqtisodiy sharoitda mehnat bozori talablari, oliy ta’lim tizimining natijadorligi, kasbiy va amaliy kompetensiyalar darajasi, raqamli ko‘nikmalar, ish beruvchilarning kadrlarga qo‘yadigan talablari hamda davlatning bandlik siyosati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari yoritilgan. Tadqiqot doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlari, xalqaro tashkilotlar (ILO, OECD, World Bank) hisobotlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan 300 nafarlik so‘rovnoma natijalari tahlil qilingan. Maqolada kompetent mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirishda nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy tayyorgarlik, moslashuvchanlik, tashabbuskorlik va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash qobiliyati muhim omil ekanligi asoslab berilgan. Korrelyatsion va regressiya tahlili yordamida bandlikka ta’sir etuvchi omillarning nisbiy og‘irligi miqdoriy jihatdan baholangan. Maqola yakunida mehnat bozorida malakali kadrlar ulushini oshirish, bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ta’lim tizimi bilan amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy xulosalar va takliflar ishlab chiqilgan
Ушбу мақолада хизмат кўрсатиш ва сервис соҳаларини жадал ривожлантириш орқали камбағалликни қисқартиришга эришиш йўллариасосланган.Камбағаллар жамиятнинг иқтисодий фаол қисми ҳисобланади, агар уларнинг ишлаб чиқариш фаолиятида иштирок этиш имкониятлари кенгайтирилса, ишчилар ёки тадбиркорлар сифатида иқтисодий ўсиш жараёнларида ҳам иштирок этишлари мумкинлиги бўйича таклиф ва тавсиялар берилган
Ushbu maqola Jahon bankining Business Ready (B-READY) doirasi asosida biznes to‘lovga qodir emaslik sohasidagi mamlakatlararо farqlarni tahlil etadi. Tadqiqot O‘zbekistonning OECD iqtisodiyotlari va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHT) a’zolari orasidagi o‘rnini alohida ko‘rib chiqadi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, to‘lovga qodir emaslik bo‘yicha ko‘rsatkichlar birinchi navbatda to‘lovga qodir emaslikka oid qonunchilik bazasining mavjudligi va mustahkamligi bilan emas, balki institusional infratuzilma, raqamlashtirish va restrukturizatsiyaga yo‘naltirilganlik bilan belgilanadi. Olingan xulosalar samarali to‘lovga qodir emaslik tizimlarining qonunchilik yutuqlari emas, balki institusional yutuqlar ekanligini empirik tarzda isbotlash orqali qiyosiy to‘lovga qodir emaslik nazariyasiga muhim hissa qo‘shadi
Мақолада олий таълим муассасаларида таълим сифатини бошқариш самарадорлигини битирувчиларнинг бирламчи ишга жойлашиши асосида баҳолаш масаласи тадқиқ этилган. 2015-2025 йилларда Ўзбекистон олий таълим тизимида муассасалар, талабалар ва битирувчилар сонининг кескин ўсиши таълим сифатини фақат ички жараёнлар билан эмас, балки меҳнат бозоридаги натижалар орқали баҳолаш заруратини кучайтирди. Тадқиқотда битирувчиларнинг кадрлар буюртмачилари томонидан бирламчи ишга қабул қилиниши таълим дастурлари амалийлиги, иш берувчилар эҳтиёжига мослик ва бошқарув қарорлари натижавийлигини ифодаловчи ташқи индикатор сифатида асосланади. Эконометрик ёндашув орқали мазкур кўрсаткичга таъсир этувчи институционал, ресурс ва меҳнат бозори омилларини баҳолаш имконияти кўрсатилган. Натижалар таълим сифати бошқарувини KPI, прогнозлаш, ресурсларни мақсадли тақсимлаш ва иш берувчилар билан ҳамкорликни такомиллаштириш орқали ривожлантириш зарурлигини асослайди. Мақола натижалари бандлик мониторингини кучайтириш ва стратегик қарорлар қабул қилиш учун амалий аҳамиятга эга
Geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida Global Janub mamlakatlariga yo‘naltirilgan turizm investitsiyalari ko‘lamni kengaytirish modelidan risklarga asoslangan qaror qabul qilish mantiqiga o‘tmoqda. Ushbu maqolada ushbu transformatsiyani tahlil qilish uchun institutsional nazariya, resurslarga asoslangan yondashuv (RBV) va faoliyat uchun ijtimoiy litsenziya (SLO) konsepsiyalari umumlashtiriladi. Jahon banki ma’lumotlar bazasidan olingan 18 ta “Bir makon, bir yo‘l” mamlakatlari (2019–2024 yillar) bo‘yicha panel ma’lumotlariga tayanib, uchta o‘lchov bo‘yicha risklarni baholash tizimi ishlab chiqildi: institutsional sifat, makroiqtisodiy barqarorlik va rivojlanish darajasi. Entropiya usuli yordamida risklarning aniq gradienti aniqlandi: eng yuqori risk intensivligi Afrikada kuzatiladi, undan keyin Markaziy Osiyo va Markaziy-Sharqiy Yevropa turadi, Janubi-Sharqiy Osiyo esa eng barqaror mintaqa hisoblanadi. Valyuta kursi o‘zgaruvchanligi va siyosiy beqarorlik asosiy tizimli drayverlar sifatida namoyon bo‘ladi. Yakuniy qismda Global Janubning o‘zgarib borayotgan investitsiya muhitida investitsiyalarni taqsimlashning tabaqalashtirilgan mintaqaviy strategiyalarini shakllantirish imkonini beruvchi “risk–salohiyat–strategiya” adaptiv asosi taklif etilgan