Ushbu maqolada ishontiruvchi aloqa, uni ahamiyati va reklamalarda qo‘llanilishi yoritilgan. Shu jumladan, ishontirish, ishontiruvchi aloqa tushunchalari mavjud ilmiy manbalarga asoslanib tadqiq qilingan. Ishontiruvchi aloqa tushunchasini va uning jarayonini ifodalashda umumiy aloqa jarayoni modeli, uni tashkil etuvchi asosiy elementlari va komponentlari alohida ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, ishontiruvchi aloqa doirasida o‘rganish, dissonans-atribut, kam ishtirok ierarxiyalari reklamalarda qo‘llanilishi nuqtai nazaridan yoritilgan.
Ushbu maqolada raqamli platformalarning raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillar tahlil qilinadi. Raqamli platformalar bugungi kunda iqtisodiyotda muhim rol o'ynaydi, ular foydalanuvchilarga turli xizmatlar va mahsulotlarni taqdim etib, bozorni shakllantiradi. Maqolada texnologik innovatsiyalar, foydalanuvchi tajribasi, xizmatlar va mahsulotlarning sifati, ijtimoiy tasdiqlash, biznes modeli va monetizatsiya strategiyasi kabi omillar raqamli platformalarning raqobatbardoshligini oshirishga ta'sir qilishi ko'rib chiqiladi. Shu bilan birga, maqolada raqamli platformalarning bozordagi muvaffaqiyatiga ta'sir etuvchi faktorlar va ularning bozor sharoitiga moslashish usullari hamda raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan tavsiyalar keltirilgan. Tadqiqot natijalari, raqamli platformalarni muvaffaqiyatli boshqarish va raqobat muhitida samarali ishlash uchun zarur bo'lgan asosiy omillarni aniqlaydi.
Maqolada mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida hududlar eksportining dinamikasi va hozirgi holati, uning tarkibiy o‘zgarishlari tahlil qilingan. Shuningdek, eksportni diversifikatsiyalash va barqarorligini ta’minlash masalalari tahlil qilingan. 2014-2024 yillar bo‘yicha statistik ma’lumotlar asosida Surxondaryo viloyati eksport dinamikasi tahlil qilingan, ARIMA modeli yordamida 2025-2030 yillarga prognozlar ishlab chiqilib, eksport hajmining o‘sish tendensiyasi aniqlangan. Shuningdek, eksport tarkibini kengaytirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish, raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali eksportni rivojlantirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Maqolada zamonaviy pedagogika va psixologiya fanida tobora dolzarblashib borayotgan “implitsit (yashirin) kompetensiya” tushunchasining ilmiy-nazariy asoslari tahlil qilinadi. Kompetensiya va kompetentlik tushunchalarining evolyutsiyasi (R. Uayt, N. Xomskiy), M. Polanyining implitsit bilim (tacit knowledge) nazariyasi, A. Reberning ongsiz (implitsit) o‘rganish konsepsiyasi, K. Dvekning implitsit nazariyalar (mindset) yondashuvi hamda X. va S. Dreyfuslarning mahoratni bosqichma-bosqich egallash modeli tizimli tarzda yoritiladi. Zamonaviy xorijiy va milliy ilmiy adabiyotlar tahliliga tayangan holda implitsit kompetensiyalarning tarkibiy tuzilishi, ularning eksplitsit (ochiq ifodalangan) kompetensiyalardan farqi hamda ta‘lim jarayonida ularni shakllantirish mexanizmlari asoslab beriladi.
Bugungi kunda ta’limning raqamli ekotizimi shakllanib borayotgan sharoitda pedagoglarning kasbiy faoliyatini ishonchli va obyektiv baholashni ta’minlaydigan innovatsion diagnostika mexanizmlarini ishlab chiqish dolzarb ilmiy vazifalardan biri hisoblanadi. Mazkur maqolada pedagoglarning kasbiy faoliyatini baholashning multimodal diagnostik modeli nazariy va amaliy jihatdan asoslangan. Tadqiqot davomida kompetensiyaviy, tizimli, faoliyatli va raqamli pedagogika yondashuvlari integratsiyasi asosida baholash mezonlari hamda ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari, elektron portfolio, ta’limni boshqarish tizimlari (LMS), videodarslar tahlili va raqamli faoliyat izlari asosida pedagoglarning kasbiy rivojlanishini kompleks monitoring qilish imkoniyatlari yoritildi. Muallif tomonidan ishlab chiqilgan “MuhandislikWeb” axborot tizimi va “Muhandislar hisobi” moduli baholash jarayonini avtomatlashtirish, diagnostika natijalarining ishonchliligini oshirish hamda pedagoglarning individual kasbiy rivojlanish traektoriyasini shakllantirishga xizmat qilishi asoslab berildi. Tajriba-sinov natijalari taklif etilgan multimodal diagnostik modelning amaliy samaradorligini tasdiqlab, uning oliy ta’lim muassasalarida pedagog kadrlar faoliyatini baholash va boshqarish tizimini takomillashtirishda samarali vosita bo‘lishini ko‘rsatdi.
Mazkur maqolada tijorat banklarida moliyaviy risklarni kompleks baholashning zamonaviy metodologik yondashuvlari tadqiq etilgan. Kredit, likvidlik, bozor, operatsion va kapital risklarini yagona tizimda baholash, stress-test, ssenariy tahlili, erta ogohlantirish indikatorlari va integral indeksdan foydalanish imkoniyatlari yoritilgan. Shuningdek, bankning umumiy risk profilini aniqlash va boshqaruv qarorlarini takomillashtirishga qaratilgan kompleks baholash modeli taklif etilgan.
Ushbu maqolada xorijiy davlatlarda oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirishning nazariy–huquqiy asoslari tizimli tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi davlat budjeti, shartnomaviy o‘qitish, grantlar va xayriya endowmentlari kabi manbalar uyg‘unligining huquqiy dizaynini aniqlash hamda samarali moliyalashtirishni belgilovchi institutlarni qiyosiy baholashdan iborat. Metodologiya sifatida institutsional tahlil, normativ-huquqiy hujjatlarni kontent tahlil qilish, hamda OECD va Yevropa oliy ta’lim makoni indikatorlari asosida qiyosiy yondashuv qo‘llanildi. Ilmiy yangilik moliyalashtirish modellarini uch qatlamli yondashuv orqali talqin qilishda namoyon bo‘ladi, huquqiy manbalar arxitekturasi, mablag‘ taqsimoti mexanizmlari va javobgarlik-oshkoralik instrumentlari. Natijalar turli mamlakatlarda natijaga yo‘naltirilgan budjetlash, talaba markazli vaucherlash va aralash grant-kontrakt tizimlari huquqiy normalar bilan qanday bog‘lanishini ko‘rsatadi
Maqolada oliy ta’lim muassasalariga berilgan moliyaviy va akademik mustaqillikning huquqiy asoslari tahlil qilingan, amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlar aniqlangan va ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda oliy ta’lim muassasasining “byudjet tashkiloti” maqomi bilan berilgan mustaqillik o‘rtasidagi huquqiy nomuvofiqlik asoslab berilgan. Muallif tomonidan oliy ta’lim muassasasi uchun “daxlsiz jamg‘arma (endowment fund)” institutini huquqiy tartibga solish modeli taklif etilib, uning asosiy elementlari korpusning daxlsizligi, sarflash tartibi, homiylar uchun soliq rag‘batlari va boshqaruv mexanizmi belgilangan. Mazkur institut moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash va muassasaning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlashning strategik vositasi sifatida asoslangan
Ushbu maqolada korxona foyda solig‘idan maqsadli chegirmalar asosida innovatsion faoliyatni moliyalashtirishning hududiy yo‘naltirilgan mexanizmi asoslanadi. Tadqiqotning dolzarbligi O‘zbekiston Respublikasining innovatsion salohiyatining poytaxt mintaqasida yuqori hududiy konsentratsiyasi bilan bog‘liq, shu bilan birga mintaqalardagi korxonalarning innovatsion faolligi past. Umumiy soliq yukini oshirmasdan, korxona foyda solig‘ining 1 foizini qayta taqsimlash orqali tuman darajasida mahalliy hududiy innovatsion fondlarni shakllantirish taklif qilinmoqda. Sirdaryo viloyatidagi 12 239 ta korxona bo‘yicha rasmiy statistikaga asoslanib, mablag‘larning potentsial hajmi tuman va iqtisodiy sektor bo‘yicha hisoblanadi. Jamg‘arma resurslarini shakllantirish, boshqarish va taqsimlash tartiblari tavsiflangan, modelni xalqaro analoglar (Vengriya, Braziliya, AQSh) va innovatsion rivojlanishning klaster modeli bilan taqqoslash amalga oshirilgan, shuningdek, afzalliklari, xavflari va ularni minimallashtirish usullari baholangan. Innovatsion moliyalashtirishni markazlashtirmaslik va mintaqaviy innovatsion tafovutni kamaytirish vositasi sifatida mexanizmning amaliy imkoniyatlari to‘g‘risida xulosa chiqarilgan
Ushbu maqolada qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish ta’lim yo‘nalishi talabalarida “Tannarx muhandisligi” fani doirasida ma’lumotlarga asoslangan (data-driven) tahliliy-boshqaruv kompetensiyalarini shakllantirishning nazariy-metodologik asoslari tadqiq etilgan. Mazkur maqolada mavjud malaka talablari va o‘quv fan dasturlari kontent-tahlil qilinib, bo‘lajak muhandislarning iqtisodiy-tahliliy ko‘nikmalarini rivojlantirishdagi nazariy va amaliy bo‘shliqlar aniqlangan. Maqolada pedagogik hamda tarkibiy-mantiqiy modellashtirish prinsiplari asosida bo‘lajak muhandislarning boshqaruvchanlik salohiyatini oshirish metodologiyasi ochib berilgan. Aniqlangan qonuniyatlar asosida oliy ta’lim tizimi uchun konseptual pedagogik tavsiyalar majmuasi ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada hududiy iqtisodiy oʻsish tendensiyalarini baholash va prognoz qilishda vaqtli qatorlar tahlilining zamonaviy ekonometrik usuli hisoblangan ARIMA modellarini qoʻllash masalalari tadqiq etilgan. Surxondaryo viloyatining 2010–2025-yillardagi real iqtisodiy oʻsish surʼatlari va nominal yalpi hududiy mahsulot (YaHM) hajmi dinamikasi asosida tegishli modellar qurilgan. Vaqt qatorlarining statsionarligi Kengaytirilgan Dikki-Fuller (ADF) testi yordamida tekshirilib, model tartiblari AIC, BIC va HQC axborot mezonlari asosida optimallashtirilgan. Tadqiqot natijasida viloyat iqtisodiy oʻsish surʼatlari uchun ARIMA(0,1,2) va nominal YaHM hajmi uchun ARIMA(3,2,2) modellari spetsifikatsiya qilinib, 2026–2031-yillar uchun oʻrta muddatli prognoz qiymatlari hisoblab chiqilgan. Mazkur model va prognozlar hududiy iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, bandlikni saqlash hamda soliq-byudjet koʻrsatkichlarini rejalashtirishda qaror qabul qiluvchilar uchun ilmiy-amaliy asos boʻlib xizmat qiladi
Ushbu maqola O‘zbekiston tijorat banklarining valyuta zahiralarini diversifikatsiya qilish masalalarini kompleks tarzda tadqiq etishga bag‘ishlangan. 2018–2024 yillar oralig‘idagi statistik ma’lumotlar, 12 ta tijorat bankining moliyaviy hisobotlari asosida valyuta portfellarining tarkibi, xavflarni boshqarish mexanizmlari va diversifikatsiya strategiyalari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston tijorat banklarida valyuta zahiralarining 73,4 foizi AQSH dollarida jamlangan bo‘lib, bu konsentratsiya darajasi xalqaro standartlardan 2,5–3 barobar yuqori va tizimli valyuta riskini sezilarli oshiradi. Taklif etilgan “5-valyuta optimal diversifikatsiya modeli” asosida banklarning Sharp koeffitsiyentini 96 foizga oshirish, stress test sharoitida maksimal yo‘qotishlarni 6,3 foizli punktga kamaytirish hamda VaR ko‘rsatkichini 4,4 foizli punktga pasaytirish imkoniyati mavjudligi aniqlangan
Ushbu maqolada yashil iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi. Tadqiqotda iqtisodiy kengayish va ekologik muvozanat bir-biriga zid jarayonlar emas, balki uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlovchi o‘zaro bog‘liq rivojlanish omillari sifatida baholanadi. Maqolada qiyosiy tahlil, statistik kuzatuv va kichik tanlanmaga asoslangan OLS regressiya modeli qo‘llanilib, O‘zbekistonda YAIM o‘sishi, aholi jon boshiga CO2 emissiyasi va qayta tiklanuvchi energiya ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi munosabat o‘rganiladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, institutsional, texnologik va moliyaviy yashillashtirish mexanizmlari yetarlicha rivojlanmaganda iqtisodiy o‘sish ekologik bosim bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining kengayishi va ESG tamoyillarining kuchayishi ushbu bog‘liqlikni bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi
Ushbu maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarida boshqaruv tizimini rivojlantirish mexanizmlari tahlil qilinadi. Xorijiy tajribaga (Bangladesh, Xitoy, Turkiya, Vetnam) va MDH mamlakatlari amaliyotiga tayangan holda, O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilgan to‘rt qavatli boshqaruv modeli hamda Boshqaruv rivojlanishi indeksi (BRI) formulasi taklif etiladi. Statistik tahlil 2020-2024-yillar ma’lumotlari asosida olib borildi
Mazkur maqolada korxona faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida boshqaruv hisobi tizimini zamonaviy tahlil usullari asosida rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Boshqaruv hisobini an’anaviy hisob tizimidan boshqaruv qarorlarini qabul qilishni analitik jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi vositaga aylantirish zarurati asoslab berilgan. Tadqiqotda umumilmiy va iqtisodiy-statistik usullar, jumladan, tahlil, sintez, qiyosiy tahlil hamda ekonometrik modellashtirish usullaridan foydalanilgan.Korxona faoliyati samaradorligining integral ko‘rsatkichiga boshqaruv hisobi tizimi rivojlanganlik darajasi, analitik usullardan foydalanish hamda hisob jarayonlarining raqamlashtirilganlik darajasining ta’sirini baholash uchun ko‘p omilli regressiya modeli taklif etilgan. Tadqiqot natijalari o‘rganilgan omillar bilan samaradorlik o‘rtasida barqaror ijobiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi, bunda eng katta ta’sir zamonaviy analitik vositalar (KPI, omilli va marjinal tahlil) hissasiga to‘g‘ri keladi. Olingan natijalar asosida boshqaruv hisobi tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi, jumladan KPI tizimini joriy etish, analitik vositalarni rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish. Taklif etilgan yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish boshqaruv qarorlarining sifatini oshirish, xarajatlarni optimallashtirish hamda korxonaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi
Mazkur maqolada 2024-2025 yillarda O‘zbekiston hududlarida innovatsion tadbirkorlikning rivojlanish darajasi kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqotning dolzarbligi hududlar o‘rtasida innovatsion faollik va investitsion salohiyat ko‘rsatkichlaridagi nomutanosiblik bilan asoslanadi. Tadqiqot metodologiyasi sifatida kontent-tahlil, solishtirma tahlil hamda induksiya va mantiqiy umumlashtirish usullari qo‘llanildi. Muallif tomonidan Hududiy innovatsion tadbirkorlik indeksi (HITI) ishlab chiqilib, rasmiy statistik ma’lumotlar asosida hisob-kitoblar amalga oshirildi. Natijalar hududlar o‘rtasida sezilarli differensial rivojlanish mavjudligini ko‘rsatdi. Yuqori indeksga ega hududlarda innovatsion infratuzilma va investitsiya konsentratsiyasi yuqori bo‘lsa, past indeksli hududlarda institutsional va moliyaviy cheklovlar mavjud. Maqolada innovatsion siyosatni hududiy differensial yondashuv asosida takomillashtirish bo‘yicha strategik takliflar ishlab chiqildi
Mazkur maqolada Qashqadaryo viloyatida aholiga aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining rivojlanish tendensiyalari tahlil qilinib, ularni prognozlashning ko‘p omilli empirik modellari ishlab chiqilgan. Tadqiqot jarayonida hududiy statistik ma’lumotlar asosida asosiy ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, ularning xizmatlar hajmiga ta’siri ekonometrik usullar yordamida baholangan. Model qurishda regressiya tahlili, vaqt qatorlari va zamonaviy ekonometrik yondashuvlardan foydalanilgan. Olingan natijalar asosida kelgusida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmining o‘sish dinamikasi prognoz qilinib, sohani rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari hududiy iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini takomillashtirish hamda xizmatlar bozorini samarali boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi
Ushbu maqolada O‘zbekiston sharoitida sanoat yuklarini temir yo‘l va avtomobil transporti o‘rtasida muvofiqlashtirish muammolari va yechim yo‘llari o‘rganiladi. Intermodal tashish tizimlarining samaradorligi, muvofiqlashtirishga ta'sir etuvchi omillar va zamonaviy raqamli boshqaruv vositalari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ikki transport turini integratsiyalashgan boshqarish narxlarni 15–25% kamaytirish va yuk yetkazib berish muddatlarini sezilarli qisqartirish imkonini beradi. Muammoni hal etishda muvofiqlashtirish modeli va amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar taklif etiladi
Mazkur maqolada jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan bank xizmatlari sifatini baholashning zamonaviy metodologik yondashuvlari tadqiq etilgan. Raqamli banklash jarayonlari, omnikanal xizmat ko‘rsatish modeli va mijoz tajribasining ustuvor ahamiyat kasb etishi sharoitida sifatni an’anaviy mezonlar asosida baholash yetarli emasligi asoslab berilgan. Tadqiqotda xizmat sifati ko‘p o‘lchamli iqtisodiy kategoriya sifatida talqin qilinib, funksional samaradorlik, raqamli interfeys qulayligi, kommunikativ aniqlik, xavfsizlik darajasi hamda mijoz sodiqligi indikatorlarini o‘z ichiga oluvchi integrallashgan baholash tizimi taklif etilgan. Shuningdek, subyektiv qoniqish ko‘rsatkichlari bilan obyektiv operatsion parametrlarni uyg‘unlashtirish zarurligi asoslangan. Natijada jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish sifatini monitoring qilish va strategik boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beruvchi zamonaviy metodologik model ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada raqamli transformatsiya sharoitida elektron tijorat tizimlarini rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlari keng tahlil qilinadi. Tadqiqotda elektron tijoratning zamonaviy iqtisodiyotdagi o‘rni, uning rivojlanish tendensiyalari hamda raqamli texnologiyalarning ushbu jarayonga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, elektron tijorat tizimlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi asosiy omillar raqamli infratuzilma, innovatsion texnologiyalar, marketing strategiyalari va huquqiy asoslar ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Maqolada global va milliy darajadagi elektron tijorat rivojlanish jarayonlari qiyosiy tahlil qilingan bo‘lib, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar tajribasi asosida muhim xulosalar chiqarilgan. Tadqiqot davomida elektron tijoratning iqtisodiy samaradorlikka, bandlik darajasiga hamda bozor munosabatlarining transformatsiyasiga ta’siri ochib berilgan
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida bank aksiyadorlik jamiyatlarida raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati tadqiq etiladi. Raqamli boshqaruvni faqat avtomatlashtirish yoki axborot texnologiyalarini joriy etish bilan cheklab bo‘lmasligi, balki u qaror qabul qilish sifati, risklarni boshqarish, komplayens va moliyaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatuvchi data-driven boshqaruv tizimi ekani asoslanadi. Tadqiqotda DESI va EGDI kabi makrodarajadagi indekslarning korporativ boshqaruv samaradorligini baholashdagi cheklovlari aniqlanadi. Ushbu bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida raqamli boshqaruvni iqtisodiy natijalar bilan bog‘lovchi mualliflik indikatorlar tizimi va integral baholash modeli taklif etiladi. Natijalar bank amaliyoti uchun metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi