Maqolada O‘zbekiston sharoitida valyuta kursi farqlarini hisobga olishdagi mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni raqamlashtirish asosida hal etish bo‘yicha amaliy va metodologik takliflar ilgari surilgan. Xususan, kurslarni avtomatik yangilash, “Buxgalteriya hisobi xalqaro standarti (BHXS) 21" standartiga mos metodika ishlab chiqish va sun’iy intellekt orqali monitoring tizimi yaratish zaruriyati asoslab berilgan.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasida mehnat bozorini isloh qilish sharoitida kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilishda strategik instrument sifatida professional standartlarning ahamiyati koʻrib chiqiladi. Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Rossiya va Albaniya tajribasi asosida professional malakalarni shakllantirish va joriy etishga doir yondashuvlarning taqqoslama tahlili keltirilgan. Oʻzbekistonda turizm sohasidagi me’yoriy baza va amaliy faoliyat tahlil qilingan holda asosiy muammo va to‘siqlar aniqlangan. Empirik tadqiqot natijalariga koʻra, professional standartlarga nisbatan ish beruvchilar va ta’lim muassasalarining munosabati baholandi hamda milliy malakalar tizimini rivojlantirish boʻyicha yoʻnalishlar belgilandi. Xalqaro tajribalarni milliy shart-sharoitlarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. SWOT-tahlil natijalari asosida standartlarni joriy etish va yangilash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining innovatsion faoliyati holati kompleks tahlil qilinib, zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish jarayonidagi muammolar va imkoniyatlar yoritilgan. Raqamli texnologiyalarni joriy etish, mahsulot va xizmatlarda innovatsion yondashuvlar qo‘llanilishi, xorijiy tajribalar asosida baholandi. Shuningdek, tijorat banklarining raqobatbardoshligini oshirish, mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va butun bank tizimini transformatsiya qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Maqola bank sektorida innovatsion faoliyatni chuqurlashtirishga qaratilgan ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur maqolada jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqlarning turli mamlakatlardagi tizimi va undirish mexanizmlarining solishtirma tahlili keltirilgan. Soliq stavkalari, imtiyozlar, deklaratsiya tartiblari hamda to‘lov usullari bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning amaliy tajribalari tahlil qilinib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri yoritilgan. Shuningdek, progressiv va proporsional soliqlarning adolatli taqsimotga ta’siri hamda investitsion daromadlarga nisbatan soliqlarning o‘rni muhokama qilingan. O‘zbekiston soliq tizimini takomillashtirishda xorijiy tajribalardan foydalanishning istiqbollari asoslangan. Maqolada daromad solig‘ini yig‘ish mexanizmlarining samaradorligi va adolatlilik darajasi iqtisodiy barqarorlik va byudjetga tushumlar nuqtai nazaridan tahlil etilgan.
Mazkur maqolada AQShdagi Small Business Administration (SBA) tajribasi asosida kichik biznes subyektlarini tijorat banklari orqali moliyalashtirish mexanizmlarining samarador jihatlari o‘rganilgan. AQShdagi kredit kafolatlari, foiz stavkalarini tartibga solish, maslahat markazlari va raqamli infratuzilmalar asosida O‘zbekiston sharoitlariga mos strategik takliflar ishlab chiqilgan. Jumladan, kredit kafolatlarini kuchaytirish, “raqamli kafolat portali”ni joriy etish, maslahat markazlari tashkil etish, foiz stavkalarini tartibga solish va monitoring tizimini takomillashtirishga oid takliflar asoslab berilgan. Takliflar O‘zbekistonda kichik biznes kreditlash mexanizmlarining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan.
MaqoladaO‘zbekiston Respublikasining ichki turizmni rivojlantirish imkoniyatlari, mavjud resurslar va ular asosida mintaqaviy iqtisodiy va ijtimoiy faollikni oshirish mexanizmlari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Shuningdek, har bir mintaqaning o‘ziga xos turistik salohiyati, ichki turizm infratuzilmasining rivojlanish holati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berilgan. Ichki turizmning hududiy barqarorlik va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi roli ko‘rib chiqiladi.
Ushbu tadqiqot O‘zsanoatqurilishbankning 2000-2024-yillardagi tarixiy ma’lumotlarini tahlil qilib, bank depozitlari va umumiy resurslarining o‘sish tendensiyasini oddiy OLS (eng kichik kvadratlar) regressiya modeli asosida bashorat qiladi. Har ikkala ko‘rsatkich uchun chiziqli vaqt tendensiyasi modeli tuzildi va uzoq muddatli o‘sish aniqlashtirildi. Regressiya natijalari depozitlar va resurslar bo‘yicha yuqori R² qiymatlari va statistik jihatdan muhim koeffitsiyentlar orqali barqaror o‘sishni ko‘rsatdi. Trend asosida yaratilgan bashoratlar bank depozitlari va resurslarining qisqa muddatda ham kengayishini ko‘rsatmoqda. Ushbu topilmalar bank rahbariyati va siyosatchilar uchun dolzarb bo‘lib, O‘zbekiston bank sektorida moliyalashtirish manbalarining yo‘nalishini yoritadi. Modelning soddaligi va ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar cheklovlar sirasiga kiradi, shunga qaramay, natijalar boshlang‘ich prognoz sifatida foydalidir va depozitlarni jalb qilish hamda moliya sektoridagi islohotlarni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqola davlatning strategik yo‘nalishlari orqali yashil iqtisodiyotni rag‘batlantirish imkoniyatlarini o‘rganadi, bunda xalqaro tajribalar hamda O‘zbekistonning o‘ziga xos sharoitlariga alohida e’tibor qaratiladi. Jahon miqyosida SDX barqaror innovatsiyalarni rivojlantirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishda samarali vosita sifatida o‘zini oqlagan. Maqolada Yevropa Ittifoqi, OECD va BMT doirasidagi ilg‘or tajribalar tahlil qilinadi va ular O‘zbekistonning amaldagi xarid tizimi bilan solishtiriladi. Yashil siyosat yo‘nalishida qadamlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, SDXdan foydalangan holda barqaror rivojlanishga erishish hali ham cheklanganligicha qolmoqda. Maqola mavjud tizimdagi asosiy bo‘shliqlarni aniqlab, davlat xaridlarini yashil rivojlanish maqsadlariga moslashtirish uchun aniq va amalga oshiriladigan islohotlarni taklif etadi. SDXni samarali joriy etish orqali O‘zbekiston ekologik innovatsiyalarni jadallashtirishi, yashil yo‘nalishdagi kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashi, hamda Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) doirasidagi majburiyatlarini mustahkamlashi mumkin. Maqola ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy islohotlar, salohiyatni oshirish choralarini va moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish zarurligini ta’kidlaydi.
Ushbu ilmiy maqolada O‘zbekistonda ekologik turizm turlarining nazariy-metodologik jihatlari ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston ekoturizmining tashkiliy shakllari tasnifi tuzildi, O‘zbekistonda ekologik turizmning ommabop turlari salohiyatini rivojlantirish istiqbollari ta’kidlangan. O‘zbekiston еkologik turizm klasterining to‘rtta shakli umumlashtirilgan: ekoturizmning ilmiy turlari, ekoturizmning kognitiv-ta’limiy turi, rekreatsion ekoturizm, ekoturizmning sarguzashtli-ekstremal turi.
Ushbu maqola O‘zbekiston sug‘urta bozorining asosiy ko‘rsatkichlarini o‘rganish, mamlakat aholisining sug‘urta madaniyati holatini tavsiflash hamda sug‘urta madaniyati darajasining shakllanishi va rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillarni tahlil qilishga bag‘ishlangan. Mualliflar aholining sug‘urta madaniyatini oshirish bo‘yicha tavsiyalarni taklif etadi, bu esa uzoq muddatli istiqbolda mamlakatimiz sug‘urta bozorining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tadbirkorlikning roli, uning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston misolida ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanish tendensiyalari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar asosidagi amaliy tajribalar o‘rganildi. Shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar – huquqiy bo‘shliqlar, moliyaviy savodxonlikning pastligi va innovatsion texnologiyalarning sust joriy etilishi chuqur tahlil etildi. Maqolada mavjud imkoniyatlar asosida bir qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaga institutsional asos yaratish, qonunchilikni mustahkamlash va ijtimoiy innovatsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Ushbu maqola O‘zbekiston iqtisodiyotida xotin-qizlar tadbirkorligining rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganadi va xizmat ko‘rsatish sohasida ularning faoliyatining ahamiyatini tahlil qiladi. Maqolada xotin-qizlar tadbirkorligining o‘sishini rag‘batlantirish uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlar, shu jumladan ta’lim, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va davlat siyosatining roli yoritilgan. Xotin-qizlar tadbirkorligining xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘rni va uning iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha tahlil qilinadi va ushbu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan muammolar va ularni hal etish usullari keltiriladi.
O‘zbekiston o‘zining boy madaniy merosi va Ipak yo‘lidagi strategik joylashuvi bilan turizmni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Biroq, moliyaviy cheklovlar sektorning to‘liq o‘sishiga to‘sqinlik qildi. Ushbu maqola innovatsion moliyaviy mexanizmlar, jumladan, davlat-xususiy sheriklik (PPP), yashil obligatsiyalar, turizm investitsiya fondlari va kraudfanding platformalarining O‘zbekiston turizm sohasi rivojlanishiga ta’sirini o‘rganadi. Tadqiqot ushbu vositalarning infratuzilmani rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini oshirish va barqarorlikni oshirishdagi rolini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda korporativ sektorda moliyalashtirish mexanizmlarining amaldagi holati, mavjud tizimdagi muammolar va ularni hal qilish bo‘yicha takliflar yoritiladi. Xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston sharoitiga mos keladigan samarali moliyalashtirish strategiyalari ishlab chiqilib, moliyaviy diversifikatsiyalash, investorlar ishonchini oshirish va korporativ boshqaruvni takomillashtirish orqali barqaror moliyalashtirish tizimini shakllantirish yo‘llari taklif etiladi.
Ushbu tadqiqot raqamlashtirish va uning O‘zbekistondagi uy xo‘jaliklari moliyasiga iqtisodiy ta’siri o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Tadqiqotning maqsadi texnologik taraqqiyot, xususan, AKT (axborot-kommunikatsiya texnologiyalari) sohasidagi yutuqlar O‘zbekiston uy xo‘jaliklaridagi moliyaviy xatti-harakatlar va bozor dinamikasiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini aniqlashdan iborat. Tadqiqotda miqdoriy yondashuv qo‘llanilgan bo‘lib, Tobit regressiya modelidan foydalanib, turli milliy ma’lumotlar bazalaridan, jumladan, Uzstat va Global innovatsion indeksdan to‘plangan ma’lumotlar tahlil qilingan. Tadqiqot AKT indeksi, hukumatning AKT integratsiyasiga tayyorligi va har 10 000 ishchiga to‘g‘ri keladigan robotlar soni bilan ifodalanadigan avtomatlashtirish darajasi kabi o‘zgaruvchilarga qaratilgan. Ma’lumotlar 2011-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan o‘n yil davomida to‘plangan va ushbu o‘zgaruvchilar va uy xo‘jaliklarining jamg‘arma stavkalari o‘rtasidagi sezilarli bog‘liqliklarni aniqlash uchun tahlil qilingan.
Ushbu maqolada milliy iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish samaradorligini oshirishning strategik yo‘nalishlari o‘rganilgan. Tadqiqotda iqtisodiyotning tarkibiy jihatdan takomillashuvi, tarmoqlararo mutanosiblikni ta’minlash, innovatsion rivojlanishni jadallashtirish hamda investitsion faollikni oshirish masalalari tahlil qilingan. Shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitalini rivojlantirish va hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy xulosalar hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan
Barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishda sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash metodologiyasi zamonaviy raqamli iqtisodiyotning ajralmas qismi hisoblanadi. Maqolada sun’iy intellekt texnologiyalarining iqtisodiy jarayonlarga ta’siri, ularni boshqaruv, ishlab chiqarish, moliyaviy va soliq tizimlarida samarali joriy etish metodologik asoslari tahlil qilingan. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkoniyatlari yoritilgan. Xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti sharoitida SI tizimlarini tatbiq etishning afzalliklari va muammolari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv yondashuvlari barqaror iqtisodiy o‘sish va samaradorlikni oshirishda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi
Maqolada tijorat banklarida inqiroz yuzaga kelishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotda bank inqirozi kredit portfeli sifati, likvidlik, kapital yetarliligi, depozitlar barqarorligi, foiz stavkasi va valyuta risklari bilan bevosita bog‘liq ekani asoslab beriladi. O‘zbekiston bank tizimi bo‘yicha 2024-2025-yillar statistik ma’lumotlari asosida muammoli kreditlar, aktivlar, depozitlar va kapital ko‘rsatkichlari tahlil qilinadi. Tahlil natijalari tijorat banklarida inqiroz xavfini baholashda alohida ko‘rsatkichlarga emas, balki kompleks risk-menejment yondashuviga tayanish zarurligini ko‘rsatadi
Ushbu tadqiqot O‘zbekistonda xalqaro turizm, iqtisodiy o‘sish va CO₂ emissiyalari o‘rtasidagi uzoq va qisqa muddatli munosabatlarni 1991–2025 yillar davri uchun tahlil qiladi. Tadqiqotda Autoregressive Distributed Lag (ARDL) modeli qo‘llanilib, xalqaro turistlar oqimining atrof-muhit sifati va iqtisodiy rivojlanishga ta’siri baholanadi. Natijalar turizm sektorining iqtisodiy o’sishni rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, xalqaro turistlar sonining ortishi uzoq muddatda CO₂ emissiyalarining ko‘payishiga sabab bo‘lib, turizm faoliyatining ekologik oqibatlari mavjudligini tasdiqlaydi. Chegaraviy test (Bounds Test) natijalari o‘zgaruvchilar o‘rtasida uzoq muddatli muvozanat munosabatlari mavjudligini ko‘rsatadi. Tadqiqot O‘zbekistonda turizmni ekologik barqaror rivojlantirish, emissiyalarni kamaytirish va yashil turizm siyosatini shakllantirish bo‘yicha muhim ilmiy va amaliy tavsiyalar beradi. Natijalar iqtisodiy o‘sish va atrof-muhit muhofazasi o‘rtasida muvozanatni ta’minlash orqali turizm sektorining uzoq muddatli barqarorligini mustahkamlash zarurligini ta’kidlaydi
Ushbu maqolada 38 OECD mamlakatining rasmiy ma’lumotlari asosida daromad diversifikatsiyasi koeffitsiyenti (RDC) va moliyaviy mustaqillik o‘rtasidagi bog‘liqlik empirik tahlil etildi. RDC ko‘rsatkichlari mamlakatlar bo‘yicha sezilarli farqlanishi, yuqori diversifikatsiyalashgan tizimlar 2008–2012 yillar moliyaviy inqirozini uch baravar kam zarar bilan yengib o‘tganligi isbotlangan. Xalqaro taqqoslama tahlil asosida O‘zbekiston OTMlari uchun RDC monitoringini joriy etish va daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada elektron tijorat tizimini intervalli ma’lumotlar asosida iqtisodiy-matematik modellashtirishning nazariy va amaliy jihatlari tadqiq etilgan. Tadqiqotda elektron tijorat ko‘rsatkichlarini baholashda intervalli ma’lumotlardan foydalanishning afzalliklari, noaniqlik sharoitida iqtisodiy jarayonlarni modellashtirish imkoniyatlari hamda raqamli iqtisodiyotda elektron tijorat samaradorligini prognozlash mexanizmlari tahlil qilingan. Shuningdek, elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan farmon va qarorlarning iqtisodiy ahamiyati yoritilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, intervalli modellashtirish usullari elektron tijorat tizimida risklarni kamaytirish, prognozlarning aniqligini oshirish va boshqaruv qarorlarini optimallashtirishga xizmat qilishi asoslab berilgan
Ushbu tadqiqot beshta Markaziy Osiyo o‘tish davri iqtisodiyoti, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston, iqtisodiy o‘sishining determinantlarini 1990–2024-yillar kesimida tahlil qiladi hamda energiya iste’molining iqtisodiy o‘sishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratadi. Jahon banki ko‘rsatkichlaridan olingan 170 ta kuzatuvdan iborat panel ma’lumotlar asosida tadqiqot energiya iste’moli, moliyaviy rivojlanish, sanoatlashtirish va savdo ochiqligini yagona panel ma’lumotlar tizimida integratsiya qiladi. Hausman testi natijalariga ko‘ra, afzal spetsifikatsiya sifatida Fixed Effect modeli tanlangan bo‘lib, qiyosiy shaffoflik uchun Random Effect modeli natijalari ham keltirilgan. Fixed Effect modeli moliyaviy rivojlanish mamlakatlararo YaIM jon boshiga o‘sishning eng kuchli va barqaror omili ekanligini ko‘rsatdi, undan keyin ishlab chiqarishning qo‘shilgan qiymati orqali o‘lchangan sanoatlashtirish turadi. Energiya iste’moli iqtisodiy o‘sishga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va mintaqada o‘sish–energiya bog‘liqligining mavjudligini tasdiqlaydi, biroq natijalar vaqt o‘tishi bilan energiya intensivligining kamayishini ham ko‘rsatadi. Savdo ochiqligi esa cheklangan institutsional salohiyat va eksport diversifikatsiyasi sharoitida bosqichma-bosqich liberallashtirishning salbiy oqibatlarini aks ettirib, YaIM jon boshiga nisbatan manfiy bog‘liqlikni namoyon etdi. Ushbu natijalar postsovet Markaziy Osiyo sharoitida energiya–o‘sish bog‘liqligi bo‘yicha mavjud empirik dalillarga hissa qo‘shadi hamda moliyaviy sektorni chuqurlashtirish, sanoatni modernizatsiya qilish, energiya samaradorligiga investitsiyalar va strategik savdo integratsiyasi bo‘yicha siyosiy tavsiyalarni taqdim etadi
Ushbu maqolada yashil iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi. Tadqiqotda iqtisodiy kengayish va ekologik muvozanat bir-biriga zid jarayonlar emas, balki uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlovchi o‘zaro bog‘liq rivojlanish omillari sifatida baholanadi. Maqolada qiyosiy tahlil, statistik kuzatuv va kichik tanlanmaga asoslangan OLS regressiya modeli qo‘llanilib, O‘zbekistonda YAIM o‘sishi, aholi jon boshiga CO2 emissiyasi va qayta tiklanuvchi energiya ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi munosabat o‘rganiladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, institutsional, texnologik va moliyaviy yashillashtirish mexanizmlari yetarlicha rivojlanmaganda iqtisodiy o‘sish ekologik bosim bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining kengayishi va ESG tamoyillarining kuchayishi ushbu bog‘liqlikni bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi
Mazkur maqolada tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishda xavflarni boshqarish tizimining (SUR) ahamiyati IMRAD metodologiyasi asosida tahlil qilinadi. Tadqiqot xususan bojxona nazoratini optimallashtirish, eksport operatsiyalarini tezlashtirish hamda iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashdagi o‘rni masalalarini qamrab oladi. Empirik ma’lumotlar va normativ-huquqiy hujjatlar tahlili asosida SUR tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Mazkur maqolada O‘zbekistonda ta’lim turizmini rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlari Turkiya tajribasi asosida tahlil qilingan. Tadqiqot davomida ta’lim turizmining xalqaro iqtisodiyotdagi o‘rni, xorijiy talabalarni jalb qilish mexanizmlari, davlat siyosati va universitetlarning xalqaro raqobatbardoshligi o‘rganildi. Shuningdek, Turkiyaning “Türkiye Scholarships”, “Study in Türkiye” kabi strategik dasturlari hamda xalqaro marketing tajribasi tahlil qilinib, O‘zbekiston uchun moslashtirilishi mumkin bo‘lgan jihatlar aniqlab berildi. Tadqiqotda SWOT tahlil, qiyosiy va statistik tahlil metodlaridan foydalanildi. Natijada O‘zbekistonda ta’lim turizmini rivojlantirish, xalqaro talabalar oqimini oshirish va ta’lim xizmatlari eksportini kengaytirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi