Innovatsion texnologiyalarning jadallik bilan rivojlanib borishi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish jarayonini yangicha yondashuvlar bilan tashkil etish imkonini bermoqda. To’rtinchi sanoat inqilobining eng samarali texnologiyalaridan biri sifatida qaralayotgan sun’iy intellekt (SI), ta’lim jarayonlarini boshqarishni tubdan o‘zgartirib yubormoqda. Ayniqsa bunday texnologiyalar yordamida ta’limni har bir shaxsga moslashtirish va ularning ehtiyojlarini individual qondirish imkonini taqdim etmoqda. Ushbu maqolada moslashuvchan, masofaviy va elektron ta’lim, shu jumladan, SI texnologiyalari yordamida boshqaruv kadrlarini kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirib borish bo‘yicha ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilinadi. Tadqiqot natijasida, O’zbekiston Respublikasida davlat fuqarolik xizmatida faoliyat yuritayotgan boshqaruv kadrlarining kompetensiyalarini rivojlantirish jarayonini raqamli transformatsiya qilish, unda SI vositalaridan foydalanish, mazkur tizimni raqamli boshqarish hamda uning iqtisodiy samaradorliklari keltirib o‘tiladi.
Mazkur maqolada neft va gazni qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarish xarajatlari auditini metodik ta’minlashni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda muhim xatoliklar xavfini baholash, ichki nazorat tizimini tahlil qilish hamda auditning xalqaro standartlarini (AXS) qo‘llashga alohida e’tibor qaratilgan. Ishlab chiqarish xarajatlari bilan bog‘liq risklar tasnifi taklif etilgan hamda muhimlik darajasini aniqlashning bosqichma-bosqich yondashuvi asoslab berilgan. Tadqiqot natijalari moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini oshirish, audit jarayonlarini takomillashtirish va korxonalarda xarajatlarni boshqarish samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan
Maqolada potensial qarz oluvchilarning kredit qobiliyatini baholash jarayonida raqamli texnologiyalarni joriy etish asosida tijorat banklarining kreditlash faoliyatini takomillashtirish zarurligi qayd etilgan. Xorijiy mamlakatlarda kreditlashning innovatsion modellari tahlili taqdim etilib, kredit faoliyati va kredit risklarini boshqarish masalalari, bank faoliyatini raqamlashtirishni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik subyektlarida joriy aktivlar hisobini va moliyaviy barqarorlik tahlilini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish masalalari o‘rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi joriy aktivlar tarkibidagi debitorlik qarzlari, pul oqimlari, tayyor mahsulot zaxiralari va boshqa aylanma mablag‘larni samarali boshqarish orqali korxonalar moliyaviy barqarorligini oshirish yo‘llarini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan asoslashdan iborat. O‘zbekiston sharoitida mavjud muammolarni xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS) asosida bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan
Ushbu maqola kommunal xizmatlar boshqaruvini rivojlantirishning afzalliklari, kommunal xizmatlar sifatini oshirishning aholi farovonligini ta’minlash, turmush darajasini yaxshilash darajasi va sifatli tashkil qilishdagi ahamiyatli jihatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Avvalo, kommunal xizmatlar sohasi davlat tomonidan tartibga solinishi, bu borada O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Prezident Farmonlari va hukumat qarorlari muhim ahamiyatga egaligi, ular orqali suv ta’minoti, issiqlik ta’minoti, gaz va elektr energiyasi yetkazib berish, chiqindilarni boshqarish kabi xizmatlarning huquqiy asoslari belgilanishi misollar yordamida yoritib berilgan
Maqolada sirkulyar iqtisodiyotning kombinatsiyalashgan paketlar mexanizmi nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilinadi. Xususan, iqtisodiy, ekologik va institutsional instrumentlarning yagona tizim sifatida uyg‘unlashuvi orqali resurslardan samarali foydalanish, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash jarayonlarini optimallashtirish masalalari o‘rganiladi. Tadqiqotda moliyaviy rag‘batlar, soliq mexanizmlari, kengaytirilgan ishlab chiqaruvchi mas’uliyati (EPR), yashil investitsiyalar va davlat siyosatining integratsiyalashgan ta’siri tahlil qilinadi. Natijada kombinatsiyalashgan yondashuvning ustunliklari va uni milliy iqtisodiyotda qo‘llash imkoniyatlari asoslab beriladi
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida bank aksiyadorlik jamiyatlarida raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati tadqiq etiladi. Raqamli boshqaruvni faqat avtomatlashtirish yoki axborot texnologiyalarini joriy etish bilan cheklab bo‘lmasligi, balki u qaror qabul qilish sifati, risklarni boshqarish, komplayens va moliyaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatuvchi data-driven boshqaruv tizimi ekani asoslanadi. Tadqiqotda DESI va EGDI kabi makrodarajadagi indekslarning korporativ boshqaruv samaradorligini baholashdagi cheklovlari aniqlanadi. Ushbu bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida raqamli boshqaruvni iqtisodiy natijalar bilan bog‘lovchi mualliflik indikatorlar tizimi va integral baholash modeli taklif etiladi. Natijalar bank amaliyoti uchun metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi
Ushbu maqolada O‘zbekiston sharoitida sanoat yuklarini temir yo‘l va avtomobil transporti o‘rtasida muvofiqlashtirish muammolari va yechim yo‘llari o‘rganiladi. Intermodal tashish tizimlarining samaradorligi, muvofiqlashtirishga ta'sir etuvchi omillar va zamonaviy raqamli boshqaruv vositalari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ikki transport turini integratsiyalashgan boshqarish narxlarni 15–25% kamaytirish va yuk yetkazib berish muddatlarini sezilarli qisqartirish imkonini beradi. Muammoni hal etishda muvofiqlashtirish modeli va amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar taklif etiladi
Mazkur maqolada 2013-2023-yillarda Oʻzbekiston banklarining faoliyati tahlil qilingan boʻlib, kredit va likvidlik risklarining bank barqarorligiga taʼsiri oʻrganilgan. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, kredit risklarining ortishi moliyaviy barqarorlikni pasaytiruvchi asosiy omildir. Shu bilan birga, yuqori likvid aktivlarga ega boʻlgan banklar barqarorroq ekanligi aniqlangan. Tadqiqot banklarning risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun ilmiy asos va amaliy tavsiyalarni taklif etadi.
Mazkur maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida korxonalarda ichki nazorat tizimini shakllantirish va takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda ichki nazorat tizimining korporativ boshqaruvdagi oʻrni, risklarni boshqarishdagi ahamiyati hamda moliyaviy barqarorlikka taʼsiri yoritilgan. Raqamli texnologiyalarni joriy etish natijasida ichki nazorat tizimi anʼanaviy tekshiruv mexanizmidan proaktiv, real vaqt rejimida ishlovchi boshqaruv instrumentiga aylanishi asoslab berilgan. Shuningdek, ichki nazorat tizimini avtomatlashtirish, axborot tizimlari bilan integratsiya qilish va riskka yoʻnaltirilgan yondashuvni qoʻllash zarurligi koʻrsatib oʻtilgan. Tadqiqot natijalari korxonalarda boshqaruv samaradorligini oshirish, moliyaviy xatoliklarni kamaytirish va resurslardan samarali foydalanishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi
Mazkur maqolada iqtisodiyotda tabiiy resurslardan samarali foydalanish va ularni boshqarishning asosiy yoʻnalishlari tahlil qilingan. Ilmiy tahlillar asosida resurslardan oqilona foydalanishning iqtisodiy va ekologik ahamiyati, shuningdek, xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda samarali boshqaruv mexanizmlari oʻrganiladi. Amaliyotda resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini kengaytirish, ekologik siyosatni kuchaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amaliy tavsiyalar berilgan. Iqtisodiyotda tabiiy resurslardan foydalanishni boshqarishda innovatsion yondashuvlar va davlat siyosatining ahamiyati ilmiy asosda yoritilgan.
Mazkur maqolada 2020-2024-yillar davomida gidroelektrostansiyalar tomonidan elektr energiya ishlab chiqarish holati kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda gidroenergetikaning milliy energetika tizimidagi o‘rni, ishlab chiqarish dinamikasi, o‘rnatilgan quvvat o‘zgarishi va quvvatdan foydalanish samaradorligi ko‘rsatkichlari o‘rganildi. Shuningdek, gidroenergetikaning elektr tarmog‘i barqarorligini ta’minlashdagi roli, uning qayta tiklanuvchi energiya manbalari orasidagi yetakchi o‘rni hamda suv resurslarining mavsumiy o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq xavf omillari yoritildi. Gidroenergetika sohasini barqaror rivojlantirish, energiya xavfsizligini ta’minlash va ekologik toza energiya manbalari ulushini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqildi