Ushbu maqolada Oʻzbekiston bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash hamda resurslarni jalb qilish strategiyalari tahlil qilinadi. Bank tizimining modernizatsiyasi, yangi moliyaviy vositalar va innovatsion yondashuvlar orqali mamlakatning iqtisodiy barqarorligi oshirilishi kerakligi koʻrsatilgan. Maqolada Oʻzbekiston bank tizimining asosiy muammolari, ularni bartaraf etishning zamonaviy usullari, shuningdek, xalqaro tajribalar asosida resurslarni jalb qilish imkoniyatlari va ularning mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyati muhokama qilinadi. Shu bilan birga, islohotlar orqali banklar va moliyaviy tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatish yoʻllari tavsiya etiladi.
Mazkur maqolada salam va istisno’ shartnomalarining qiyosiy tahlili amalga oshirilgan. Jumladan, qiyosiy tahlilda shartnomalarning o‘ziga xos xususiyatlari, ularning amaliyotda qo‘llanilishi va iqtisodiy jihatlari o‘rganilgan. Shuningdek, mushoraka-istisno’-ijaraga asoslangan davlat xususiy-sheriklik (DXSh) infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish tuzilmasi va bosqichlari haqida ham ma’lumotlar keltirilgan.
Ushbu maqolada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tashkil etuvchi huquqiy jihatdan belgilangan maqsadlar majmui bayon etilgan. Bu maqsadlar qatoriga milliy valyuta barqarorligini ta’minlash, mamlakat aholisi daromadlarini oshirish, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, eksport hajmini oshirish, import qilinadigan tovarlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash; inflyatsiyaning o‘rtacha darajasini saqlab qolish, xalqimiz turmush darajasini oshirish, mamlakatimizni “o‘rtacha daromaddan yuqori” davlatlar qatoriga kiritish kabilar kiradi. Bu strategiya oldin qabul qilingan strategiyalardan farqli o‘laroq uzoq muddatga qabul qilinganligi va unda erishilishi kutilayotgan maqsadlarga hozirgi kunda qilinayotgan islohotlar chambarchas bog‘liqligi va mamlakatimiz iqtisodiyoti yildan yilga o‘sib borayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Maqolada kichik va o’rta biznesda bilimlar boshqaruv tizimini muvaffaqiyatli yo’lga qo’yish va ularni amaliyotga joriy qilishda qaysi omillar muhim rol tutishini izchil tadqiq qiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi kichik va o'rta korxonalarni bilimlar boshqaruv tizimini qanday joriy qilinisshiga ta'sir qiluvchi turli omillarni ko'rib chiqish. Bu omillar to'rtta asosiy yo'nalishga birlashtirilgan: texnologiya, tashkilot, atrof-muhit va inson xulq-atvori.
O'zbekiston Respublikasining jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti sharoitida ayniqsa ijtimoiy sheriklikka strategik yondashuvi dolzarb bo'lib bormoqda. Soliq siyosatida ijtimoiy sheriklikning strategik yo'nalishlarini shakllantirish dolzarb ҳисобланиб, муаммолар va imkoniyatlarni chuqur tahlil qilish va tushunishni talab qiladi. Ushbu maqolada O'zbekiston soliq siyosati kontekstida uni takomillashtirishning strategik yo'nalishlarini shakllantirishning asosiy jihatlarini ko'rib chiqamiz.
O‘zbekistonda xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ularni kasbga yo‘naltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xotin-qizlarning kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish, ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini yaxshilash gender tengsizligiga barham berishda muhim o‘rin tutadi. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada xotin-qizlar bandligini ta’minlashda kasbiy tayyorgarlik tizimi masalalariga e’tibor qaratilgan.
Raqamli iqtisodiyot sharoitida yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali yoshlar bandligini ta’minlash, yoshlarning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashlariga zaruriy shart-sharoitlar yaratish ijtimoiy davlatchilikni barpo etishning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada raqamlashtirish sharoitida yoshlar bandligini ta’minlash, yoshlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishning nazariy jihatlari tahlil qilingan.
Ushbu tadqiqot Buxoro davlat universiteti talabalari va o'qituvchilari uchun ingliz tilini chet tili sifatida o'rganishga ta'sir qiluvchi ijtimoiy-psixologik omillarni o'rganish uchun qaratilgan. Asosiy faraz shundan iboratki, bu omillar talabalarning ingliz tilini o'rganishga bo'lgan munosabatiga ta'sir qiladi. Tadqiqot, shuningdek, ota-onalar omillari o'quvchilarning munosabatida rol o'ynaydimi yoki yo'qligini tekshiradi. Natijalar o'quvchilarning kelib chiqishi va ota-onalarning kasblarining demografik tafsilotlarini ko'rsatadi. Tadqiqotda ingliz tilini o'qitishda ushbu omillarni tushunish muhimligi ta'kidlangan.
Maqolada zamonaviy pedagogika va psixologiya fanida tobora dolzarblashib borayotgan “implitsit (yashirin) kompetensiya” tushunchasining ilmiy-nazariy asoslari tahlil qilinadi. Kompetensiya va kompetentlik tushunchalarining evolyutsiyasi (R. Uayt, N. Xomskiy), M. Polanyining implitsit bilim (tacit knowledge) nazariyasi, A. Reberning ongsiz (implitsit) o‘rganish konsepsiyasi, K. Dvekning implitsit nazariyalar (mindset) yondashuvi hamda X. va S. Dreyfuslarning mahoratni bosqichma-bosqich egallash modeli tizimli tarzda yoritiladi. Zamonaviy xorijiy va milliy ilmiy adabiyotlar tahliliga tayangan holda implitsit kompetensiyalarning tarkibiy tuzilishi, ularning eksplitsit (ochiq ifodalangan) kompetensiyalardan farqi hamda ta‘lim jarayonida ularni shakllantirish mexanizmlari asoslab beriladi.
Mazkur maqolada ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) yondashuvi asosida investitsiyalarni moliyaviy boshqarish metodologiyasini takomillashtirish masalalari tahlil etilgan. Tadqiqotda ESG ekotizimini shakllantiruvchi milliy institutsional asoslar, ESG va ISO 37001 korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini integratsiyalashgan takomillashtirilgan model, O’zbekiston va xalqaro yirik korxonalarning ESG reytinglari asosidagi moliyaviy afzalliklari qiyosiy tahlil qilingan. Shuningdek, ESG tamoyillarini investitsiyalarni moliyaviy boshqarish amaliyotiga joriy etishdagi mavjud muammolar va institutsional cheklovlar chuqur yoritilgan hamda ularni bartaraf etish bo’yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada milliy iqtisodiyot sanoatlashuv darajasiga investitsiya jadalligi va tayyor mahsulot eksporti ulushining ta’sirini hisobga oluvchi ekonometrik model orqali baholash natijalari keltirilgan. Bir necha muqobil spetsifikatsiya taqqoslangandan so‘ng ikki omilli va uzilish o‘zgaruvchisini o‘z ichiga olgan yakuniy model tanlangan, uning determinatsiya koeffitsienti 0,90 ni tashkil etadi. Alohida koeffitsientlar tahlili sanoatlashuv darajasi o‘zgarishining asosiy qismini 2017-yildagi tartibga solish rejimi o‘zgarishi izohlashini, investitsiya va eksport koeffitsientlari esa an’anaviy ahamiyatlilik chegarasidan o‘tmasligini ko‘rsatadi. Xato tuzatish modeli, Granger sababiylik testi, chegaraviy kointegratsiya testi, Chou strukturaviy barqarorlik testi, CUSUM testi hamda retrospektiv bashorat tekshiruvi natijalari model xulosalarini ko‘p tomonlama tasdiqlaydi. Tahlil natijalariga ko‘ra sanoat siyosati samaradorligi vositalar hajmiga emas, institutsional tuzilmaga bog‘liq ekanligi empirik jihatdan asoslangan.
Mazkur maqolada soliq organlari tomonidan tekshirish va soliq to‘lovchilar faoliyatini nazorat qilish amaliyotini takomillashtirish orqali ularning mumkin bo‘lgan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarini aniqlash, adolatli soliqqa tortishni ta’minlash va pirovardida soliq tizimining umumiy samaradorligiga hissa qo‘shish imkoniyatlarini oshirishi mumkinligi organilgan va xulosalar shakllantirilgan. Maqolada xorijiy tajribalarni O‘zbekiston sharoitida tatbiq etishning afzalliklari va muammolari yoritilib, milliy soliq siyosatini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada sun’iy intellekt texnologiyalari asosida bank mahsulotlari samaradorligini oshirishning metodologik yondashuvlari tadqiq etilgan. Sun’iy intellektni bank mahsulotining hayotiy sikliga integratsiya qilish bosqichlari tizimlashtirilib, jarayonlarni avtomatlashtirish, prognozli tahlil, personallashtirish, risklarni boshqarish va adaptiv mahsulot boshqaruvining o‘zaro bog‘liqligi asoslangan. Shuningdek, ma’lumotlar sifati, algoritmik shaffoflik, inson nazorati va uzluksiz monitoringni qamrab oluvchi konseptual model taklif etilgan.
Mazkur maqolada tijorat banklarida moliyaviy risklarni kompleks baholashning zamonaviy metodologik yondashuvlari tadqiq etilgan. Kredit, likvidlik, bozor, operatsion va kapital risklarini yagona tizimda baholash, stress-test, ssenariy tahlili, erta ogohlantirish indikatorlari va integral indeksdan foydalanish imkoniyatlari yoritilgan. Shuningdek, bankning umumiy risk profilini aniqlash va boshqaruv qarorlarini takomillashtirishga qaratilgan kompleks baholash modeli taklif etilgan.
Mazkur maqolada zamonaviy islomiy bank mahsulotlarining an’anaviy bank xizmatlaridan farqli jihatlari tahlil qilingan. Murabaha, ijara, mushoraka, mudoraba, sukuk va takoful mahsulotlarining daromad shakllanishi, risklarni taqsimlash va real aktivlar bilan bog‘liqligi qiyosiy asosda yoritilgan. Shuningdek, islomiy bank mahsulotlarini O‘zbekiston bank amaliyotida rivojlantirish bo‘yicha xulosalar ishlab chiqilgan.
Maqolada O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy imkoniyatlari tarixiy-madaniy meros, hududiy destinatsiyalar, xizmatlar sifati, halal turizm talablari, raqamli targ‘ibot, xalqaro brending va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari bilan uzviy bog‘liqlikda tahlil qilinadi. Tadqiqotda rasmiy statistik byulletenlar asosida 2021 – 2025-yillarda kiruvchi turistlar oqimi dinamikasi hamda 2024-yilda yirik ziyorat markazlarida kiruvchi tashrif buyuruvchilarni joylashtirish ko‘rsatkichlari baholandi. Shuningdek, 2026-yilda tasdiqlangan “Umra plyus” dasturi doirasidagi subsidiya tartibi ziyorat turizmini eksportbop xizmatlar segmentiga aylantirishga xizmat qiluvchi amaliy iqtisodiy rag‘bat sifatida talqin etildi. Natijalar asosida ziyorat marshrutlarini hududlararo bog‘lash, halal servis standartlarini kengaytirish, raqamli platforma yaratish va monitoring indikatorlarini joriy etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ madaniyatni shakllantirish va rivojlantirishning xorijiy tajribasi tadqiq etilgan. AQSh, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlar kompaniyalarida qo‘llanilayotgan korporativ qadriyatlar, boshqaruv uslublari, xodimlarni motivatsiyalash, ichki kommunikatsiyalar, jamoaviy hamkorlik va ijtimoiy mas’uliyat tizimlarining o‘ziga xos xususiyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, aksiyadorlar, kuzatuv kengashi, ijro organi va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda korporativ madaniyatning o‘rni yoritilgan. Xorijiy kompaniyalar tajribasi asosida korporativ madaniyatning mehnat unumdorligi, xodimlar sodiqligi, innovatsion faollik, investitsiyaviy jozibadorlik va aksiyadorlik jamiyatlari samaradorligiga ta’siri asoslab berilgan. Tadqiqot yakunida ilg‘or xorijiy tajribaning O‘zbekiston aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga mos jihatlarini joriy etish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada geoaxborot texnologiyalari (GIS) asosida eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish zonalarini joylashtirish va hududlarning eksport salohiyatini oshirishning ilmiy-uslubiy asoslari yoritilgan. Tadqiqotda hududlarning iqtisodiy, transport-logistika, infratuzilmaviy va investitsion ko‘rsatkichlarini fazoviy tahlil qilish imkoniyatlari baholangan. Xorijiy tajribalar, jumladan, interaktiv investitsiya xaritalari hamda geoaxborot tizimlaridan foydalanish amaliyoti tahlil qilinib, ularning investitsiya qarorlarini qabul qilish va eksport infratuzilmasini rivojlantirishdagi ahamiyati asoslangan. Shuningdek, O‘zbekiston hududlari bo‘yicha aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot va sanoat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari asosida hududiy tafovutlar aniqlanib, eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari GIS texnologiyalarini hududiy rejalashtirish va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni joylashtirishda samarali analitik vosita sifatida qo‘llash maqsadga muvofiqligini ko‘rsatadi
Mazkur maqolada tijorat banklarida kreditlash jarayonlarini takomillashtirish hamda moliyalashtirishning zamonaviy amaliyotdagi holati tahlil qilingan. Tadqiqot davomida tijorat banklari faoliyatida kreditlash mexanizmlarining iqtisodiy ahamiyati, kredit portfeli sifati, kredit risklarini boshqarish tizimi va raqamli texnologiyalar asosida kredit xizmatlarini rivojlantirish masalalari o‘rganilgan. Shuningdek, bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, kredit ajratish jarayonida zamonaviy skoring tizimlari, masofaviy bank xizmatlari va moliyalashtirish mexanizmlarining samaradorligi tahlil etilgan
Maqolada O‘zbekiston moliya bozorida islomiy sug‘urta- takaful tizimini joriy etish va rivojlantirishning obyektiv zaruriyatlari hamda istiqbollari tadqiq etilgan. Mamlakatimizda aholining va tadbirkorlik subyektlarining diniy qarashlari tufayli an’anaviy sug‘urtadan foydalanmaslik holatlari tahlil qilinib, takaful modelining iqtisodiy-huquqiy afzalliklari ochib berilgan. Shuningdek, raqamli transformatsiya sharoitida mobil ilovalar va FinTech (fintex) yechimlarning takaful bozorini shakllantirish hamda aholi xabardorligini oshirishdagi o‘rni ilmiy gipotezalar asosida asoslab berilgan
Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Mazkur maqolada oziq-ovqat sanoati korxonalarida ishlab chiqarish salohiyatini boshqarishning nazariy-uslubiy jihatlari tadqiq etilgan. Tadqiqot davomida ishlab chiqarish salohiyati tushunchasining iqtisodiy mohiyati, uning tarkibiy elementlari, shakllanish va rivojlanish omillari hamda boshqaruv mexanizmlari bo‘yicha xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy qarashlari tizimli tahlil qilingan. Ishlab chiqarish salohiyatiga nisbatan mavjud nazariy yondashuvlarning qiyosiy tahlili asosida mualliflik ta’rifi taklif etilgan hamda mazkur kategoriyaning moddiy-texnika, mehnat, moliyaviy, innovatsion, intellektual va raqamli tarkibiy qismlardan tashkil topgan kompleks tizim ekanligi asoslangan. Oziq-ovqat sanoati korxonalarida ishlab chiqarish salohiyatini baholash va boshqarishning ilmiy asoslangan mexanizmlarini takomillashtirish mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirishning muhim sharti ekanligi asoslab berilgan. Tadqiqot natijalari va ishlab chiqilgan takliflar oziq-ovqat sanoati korxonalarida strategik boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu maqoladamintaqaviy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishda yangi iqtisodiy sharoitlarda hududlarning o‘rni, roli va vazifalari ko‘rib chiqilgan, o‘zgaruvchan iqtisodiyot sharoitida mintaqani rivojlantirishning metodologik jihatlari ochib berilgan, strategiyani yangi institutsional sharoitda amalga oshirish mexanizmlari asoslangan. Shu bilan birgalikda, muayyan mintaqaning rivojlanish strategiyasi mamlakatning rivojlanish strategiyasiga mos kelishi va u bilan yaxlit bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan
Ushbu maqola markaziy bank raqamli valyutasining (CBDC) pul tizimining ishlashiga ta’sirini o‘rganuvchi tadqiqotlarni har tomonlama tahlil qiladi. Tadqiqotlarning tizimli tahlili va sintezi asosida pul tizimining asosiy elementlarini, jumladan, pul agregatlari, inflyatsiya, foiz stavkalari va bank likvidligini qamrab oluvchi raqamli valyutaning ta’sir yo‘nalishlari aniqlangan. Tadqiqot natijalari raqamli valyutalarni joriy etish strategiyalarini ishlab chiqish va ularning makroiqtisodiy barqarorlikka potensial ta’sirini baholash uchun foydali bo‘lishi mumkin
Mazkur maqolada O‘zbekiston tijorat banklarida risklarni baholashda kreditlash amaliyotining o‘ziga xos jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda kredit portfeli sifati, muammoli kreditlar (NPL) darajasi hamda kredit riskini baholashda qo‘llanilayotgan skoring va monitoring mexanizmlarining samaradorligi o‘rganilgan. Natijada kreditlash jarayonida risklarni aniqlash va boshqarish tizimini takomillashtirish, muammoli kreditlar ulushini kamaytirish hamda banklar moliyaviy barqarorligini oshirish zarurligi asoslab berilgan