Maqolada hududiy rivojlanish salohiyatini baholash va barqaror rivojlanish strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asoslari yoritilib, “hududiy salohiyat” tushunchasi tabiiy, iqtisodiy, demografik, infratuzilmaviy hamda institutsional komponentlarning o‘zaro integratsiyasi sifatida talqin etiladi. Tadqiqotda hududiy salohiyatning dinamik xarakteri asoslanib, uni bir martalik hisob-kitob emas, balki muntazam monitoring va qayta baholashni talab qiluvchi jarayon sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar (konsentratsiya, ixtisoslashuv, investitsiya oqimlari, tarmoqlar diversifikatsiyasi va ekologik cheklovlar) misolida differensial strategik yondashuv zarurligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Jadval tahlillari hududiy iqtisodiy transformatsiya jarayonlari va “o‘sish nuqtalari” shakllanishini ko‘rsatib, salohiyatni kompleks baholash strategik ustuvorliklarni aniq belgilash, resurslarni manzilli taqsimlash va barqaror rivojlanishning muvozanatli modelini ta’minlash uchun metodologik poydevor ekanligini tasdiqlaydi
Maqolada Yevropa Ittifoqida organik qishloq xo‘jaligi va organik bozorni shakllantirishning huquqiy, institutsional hamda iqtisodiy mexanizmlari tahlil qilinib, ularning amaliy samaradorligi va barqaror rivojlanish omillari yoritiladi. Shu asosda ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirishning tashkiliy-iqtisodiy yo‘nalishlari va eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari asoslab beriladi.
Mazkur maqolada qo‘shilish va sotib olish bitimlarida qo‘llaniladigan kompaniya qiymatini baholash modellarining ilmiy-nazariy asoslari tadqiq etiladi. Korporativ integratsiya sharoitida qiymat shakllanishining konseptual jihatlari yoritilib, moliyaviy, boshqaruv va institutsional omillarni qamrab oluvchi kompleks baholash yondashuvining zarurligi asoslab beriladi. Olingan xulosalar M&A jarayonlarida kompaniya qiymatini baholashning metodologik asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tadbirkorlikning roli, uning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston misolida ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanish tendensiyalari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar asosidagi amaliy tajribalar o‘rganildi. Shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar – huquqiy bo‘shliqlar, moliyaviy savodxonlikning pastligi va innovatsion texnologiyalarning sust joriy etilishi chuqur tahlil etildi. Maqolada mavjud imkoniyatlar asosida bir qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaga institutsional asos yaratish, qonunchilikni mustahkamlash va ijtimoiy innovatsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasida moliyaviy shaffoflikni oshirishga qaratilgan institutsional va huquqiy islohotlar tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda mamlakatda davlat moliyasining ochiqligini ta’minlash, byudjet jarayonida fuqarolik ishtirokini kuchaytirish, soliq va xarajatlar tizimini raqamlashtirish orqali shaffoflikni oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tadqiqotda ushbu islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, ularning samaradorligi, xalqaro standartlarga (masalan, IMF’ning fiskal shaffoflik mezonlari, PEFA indikatorlari) muvofiqligi baholanadi.
Maqolada rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda temir yo‘l transportini rivojlantirishning innovatsion mexanizmlarining qiyosiy tahlili keltirilgan. Innovatsiyalarni amalga oshirishning maqsadlari, vositalari va institutsional sharoitlaridagi farqlar aniqlandi. Raqamli va ekologik yechimlarning samaradorligini baholash metodologiyasi taklif etiladi. Barqaror rivojlanish tamoyillarini hisobga olgan holda transport sohasini boshqarish organlari uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Maqola raqamlashtirish bilan bogʻliq axborot jamiyatining yangi bosqichini shakllantirish va rivojlantirish kontekstida investitsiya jarayonini chuqur nazariy tushunishni tahlil qilishga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning xatti-harakatlarini oʻzgartirishni oʻrganishga, markazlashtirilmagan investitsiya vositalaridan foydalangan holda investorlarning oʻzaro hamkorligi uchun institutsional sharoitlarni oʻrganishga bagʻishlangan.
Ushbu maqolada zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlaridan biri bo‘lgan kraudfanding tizimining xorijiy davlatlardagi qo‘llanilish tajribalari va ularning ishlash tamoyillari tahlil qilingan. Tadqiqotda AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Xitoy kabi mamlakatlar misolida kraudfanding platformalarining asosiy turlari – xayriya, mukofot asosida, qarz va aksiyadorlik shakllari o‘rganildi. Shuningdek, ushbu platformalarning moliyaviy vosita sifatida afzalliklari, xavf-xatar omillari hamda huquqiy-institutsional asoslari tahlil etildi. Tadqiqot natijalari kraudfandingning moliyaviy inklyuzivlikni oshirish va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdagi rolini asoslashga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar (TTXI) jalb qilishga taʼsir qiluvchi omillarni baholashda qoʻllaniladigan asosiy uslublar koʻrib chiqiladi. Panel regressiya modellari, gravitatsiya modellari, umumlashtirilgan momentlar usuli va sifat-qiyoslash tahlili asosida olib borilgan tadqiqotlar tahlil qilinadi. Har bir uslub boʻyicha ilgari surilgan ilmiy ishlar oʻrganilib, ularning qanday natijalarga kelgani va qanday xulosalar bergani tahlil qilinadi. Tadqiqot shuni koʻrsatadiki, TTXIlarni jalb qilish omillarini aniqlashda tanlangan uslub natijalarning barqarorligi va aniqligiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Shu boisdan, bir necha yondashuvlarni birlashtirgan aralash uslublar siyosiy va ilmiy tahlillar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiyotning jadallik bilan raqamlashtirilishi sharoitida mehnat unumdorligini oshirish masalasi kichik biznes subyektlari uchun alohida dolzarblik kasb etmoqda. Chunki mehnat resurslaridan samarali foydalanish darajasi tadbirkorlik subyektlarining raqobatbardoshligi va barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu maqolada raqamli transformatsiya sharoitida kichik korxonalar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda mehnat unumdorligini oshiruvchi asosiy omillar tahlil qilinadi. Institutsional cheklovlar, tashkiliy-boshqaruv to‘siqlari va raqamli yechimlarning amaliy boshqaruvga joriy etilish darajasi chuqur o‘rganiladi. Ayniqsa, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, raqamli tahlil vositalari va biznes-jarayonlarni shaxsiylashtirish texnologiyalarining ichki resurslardan samarali foydalanishdagi roli tahlil etiladi. Empirik ma’lumotlar va xalqaro tajribalar asosida mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi raqamli muhitni shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari kichik biznesning raqamli iqtisodiyot sharoitida barqaror rivojlanishini ta’minlash strategiyalarini ishlab chiqishda foydali bo‘lishi mumkin.
Ushbu maqolada kapital bozori nazariyasining tarixiy shakllanish jarayoni, zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, bozor mexanizmlarining asosiy qonuniyatlari va ularning global moliya tizimidagi ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda diversifikatsiya, risk-rentabellik nisbatlari, narx shakllanish mexanizmlari, axborot shaffofligi, likvidlik va investor xulqi kabi omillar nazariy va amaliy jihatdan o‘rganildi. Shuningdek, rivojlangan va rivojlanayotgan bozorlar o‘rtasidagi farqlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning kapital bozori modeliga ta’siri, O‘zbekiston kapital bozorining zamonaviy rivojlanish xususiyatlari tahlil etildi. Tadqiqot natijalari kapital bozori nazariyasining universalligi bilan birga, har bir mamlakatning institutsional muhitiga moslashtirilishi zarurligini ko‘rsatadi
Mazkur maqolada ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi transformatsiyalashuv jarayonlarining jadallashishi davlat-xususiy sheriklik sohasidagi davlat siyosatining uzoq muddatli yo‘nalishlarini ishlab chiqishni taqozo etayotganligiga alohida e’tibor qaratilgan. Maqolada infratuzilma obyektlarini yaratish va rekonstruksiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihalari nafaqat aholi turmush sifatini oshirish, balki iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ham jadallashtirishga xizmat qilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalar berilgan.
Global iqtisodiy muhitning transformatsiyasi, globallashuv jarayonlarining tezlashishi va jahon moliyaviy-iqtisodiy tizimlarining integratsiyasi sharoitida biznes qiymatining noloyihaviy determinantlari strategik menejment arxitekturasida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tashkiliy jihatdan korporativ madaniyat qiymatga yo‘naltirilgan boshqaruvning tizim yaratuvchi omili sifatida namoyon bo‘lib, kompaniyaning uzoq muddatli raqobat ustunliklarini shakllantiradi, bozor identifikatsiyasini mustahkamlaydi va investitsiyaviy kapitallashuvini oshiradi. Bu esa korporativ madaniyatning institutsional ko‘rinishlarini kompleks tahlil qilish, uni biznes qiymatini boshqarish tizimiga integratsiya qilish uchun innovatsion instrumentlarni ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy iqtisodiy transformatsiyalar sharoitida uning samaradorligini ko‘p darajali baholash zaruratini dolzarb qiladi.
Ushbu maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xo‘jaligining tarmoq tarkibi, uning tarixiy shakllanish omillari hamda zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlari tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston misolida agrar sohaning o‘simlikchilik va chorvachilik yo‘nalishlari o‘rganilgan. Statistik ma’lumotlar asosida ekinlar, chorvachilik mahsulotlari, baliqchilik va o‘rmon xo‘jaligining iqtisodiy samaradorligi baholangan. Xususan, suv resurslari tanqisligi, iqlim o‘zgarishi, institutsional muammolar agrar sektor barqarorligiga ta’siri chuqur ko‘rib chiqilgan. Natijada mintaqa davlatlari uchun diversifikatsiya, innovatsion agrotexnologiyalar va hududiy ixtisoslashuv bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Maktabga asoslangan boshqaruv (SBM) markaziy hukumat vakolatlarini maktab darajasiga markazsizlashtirish shakli bo‘lib, ta’lim tizimining samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. SBM nazariy jihatdan uchta asosiy institutsional rag‘batlantirishga asoslanadi: tanlov va raqobat, maktab avtonomiyasi va hisobdorlik. Amaliy shakllari vakolatlar doirasi (zaif/kuchli) va qaror qabul qiluvchi subyektlarga (ma’muriy, professional, jamiyat, muvozanatli) ko‘ra farqlanadi. O‘zbekiston umumiy o‘rta ta’lim maktablari (UO‘TM) boshqaruviga marketing xizmatlari va strategik menejmentni tatbiq etish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar rahbar kadrlarning boshqaruv faoliyati samaradorligini 15% dan 22% gacha oshirish mumkinligini ko‘rsatadi. SBM islohotlarining o‘quvchilar yutuqlariga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi uchun uzoq muddat (5 yildan 8 yilgacha) talab etilishi hamda rahbarlarning boshqaruv kompetensiyasini oshirish zarurligi ta’kidlanadi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston iqtisodiyoti islohotlari sharoitida davlat ulushiga ega korxonalarda moliyaviy resurslarni boshqarish va nazorat qilishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Germaniya, Koreya, Xitoy va Polsha kabi davlatlar tajribasi hamda mamlakatning metallurgiya sohasidagi holatini tahlil qilish asosida raqamli vositalarni joriy etish, institutsional nazoratni kuchaytirish va moliyaviy jarayonlarning shaffofligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Maqolaning ilmiy yangiligi xorijiy boshqaruv modellarini milliy va tarmoq xususiyatlarini hisobga olgan holda moslashtirishdadir
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida qurilish materiallari sanoati rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari tahlil qilinib, ishlab chiqarish jarayonlarini sifat menejmenti tamoyillari asosida tashkil etishning nazariy va amaliy jihatlari yoritilgan. Sifat menejmenti tizimlarini joriy etishda xalqaro ISO 9001:2015 standartining ahamiyati, uning iqtisodiy samaradorlik va raqobatbardoshlikka ta’siri ilmiy asoslangan. 2018-2024 yillar davomida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmlari, eksport ko‘rsatkichlari va ISO standartlariga ega korxonalar ulushi bo‘yicha tahliliy jadvallar shakllantirilib, ularning o‘zgarish dinamikasi ochib berilgan. Shuningdek, sifat menejmenti tizimini joriy etish natijasida korxonalarda ishlab chiqarish samaradorligi, energiya tejamkorligi va mahsulot sifati ko‘rsatkichlarining o‘sishi aniqlangan.
Mazkur ilmiy maqolada resurslarni soliqqa tortishning nazariy asoslari, uning iqtisodiy mohiyati va davlat byudjeti barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni yoritilgan. Tadqiqotda tabiiy, moliyaviy va inson resurslarini soliqqa tortishning nazariy yondashuvlari, ularning iqtisodiy samaradorlikka ta’siri hamda fiskal siyosatdagi ahamiyati tahlil qilingan.Shuningdek, resurs soliqlari tizimining rivojlanish bosqichlari, ularni belgilash prinsiplari va iqtisodiy nazariyalarning klassik, neoklassik hamda institutsional yondashuvlar nuqtai nazaridan ilmiy asoslari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijalari resurs soliqlari orqali davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash imkoniyatlarini ko‘rsatadi
Ushbu maqolada davlat xaridlarini tashkil etishning xorijiy mamlakatlardagi ilg‘or tajribalari o‘rganiladi. Xususan, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy va Singapur kabi davlatlarning xarid tizimlari, ularning institutsional asoslari, raqamlashtirish darajasi, shaffoflikni ta’minlash mexanizmlari hamda korrupsiyaga qarshi choralar tahlil qilinadi. Xorij tajribasi O‘zbekiston davlat xaridlari tizimini takomillashtirishga oid amaliy tavsiyalar bilan yakunlanadi
Ushbu maqolada tijorat banklarida muammoli kredit qarzlarini boshqarish tizimini takomillashtirishning nazariy va amaliy jihatlari xalqaro tajriba va O‘zbekiston bank tizimi xususiyatlari asosida o‘rganilgan. NPL darajasining o‘sishiga ta’sir qiluvchi makroiqtisodiy va institutsional omillar tahlil qilingan, shuningdek, raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning samaradorlikka ta’siri baholangan. Tahlil natijalariga asoslanib, muammoli kreditlar hajmini kamaytirish va bank tizimi barqarorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda kapital bozorida investitsiya faoliyatining joriy holati, mavjud institutsional va moliyaviy muammolar, shuningdek, ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilinadi. Xalqaro tajriba asosida investitsiya muhiti, savdo hajmi dinamikasi hamda moliyaviy vositalarning diversifikatsiyasi o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kapital bozorining investitsion faolligini oshirish uchun innovatsion instrumentlarni joriy etish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va investorlar ishonchini mustahkamlash muhim strategik yo‘nalishlardir.
Ushbu maqolada xorijiy davlatlarda oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirishning nazariy–huquqiy asoslari tizimli tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi davlat budjeti, shartnomaviy o‘qitish, grantlar va xayriya endowmentlari kabi manbalar uyg‘unligining huquqiy dizaynini aniqlash hamda samarali moliyalashtirishni belgilovchi institutlarni qiyosiy baholashdan iborat. Metodologiya sifatida institutsional tahlil, normativ-huquqiy hujjatlarni kontent tahlil qilish, hamda OECD va Yevropa oliy ta’lim makoni indikatorlari asosida qiyosiy yondashuv qo‘llanildi. Ilmiy yangilik moliyalashtirish modellarini uch qatlamli yondashuv orqali talqin qilishda namoyon bo‘ladi, huquqiy manbalar arxitekturasi, mablag‘ taqsimoti mexanizmlari va javobgarlik-oshkoralik instrumentlari. Natijalar turli mamlakatlarda natijaga yo‘naltirilgan budjetlash, talaba markazli vaucherlash va aralash grant-kontrakt tizimlari huquqiy normalar bilan qanday bog‘lanishini ko‘rsatadi
Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Maqolada past uglerodli energetikaga o‘tish O‘zbekiston Respublikasi milliy iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlovchi muhim shartlardan biri sifatida tadqiq etilgan. Energetik transformatsiyaning nazariy yondashuvlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tendensiyalar hamda O‘zbekistonning dekarbonizatsiya sohasidagi davlat siyosatining o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rib chiqilgan. Rasmiy statistik ma’lumotlar asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish dinamikasi, yashil energiyaning ulushi, investitsiya jarayonlari va energetika bozorining institutsional cheklovlari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2020–2024-yillarda O‘zbekistonda yashil energiyaning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 7,5 foizdan 15,7 foizgacha oshgan, past uglerodli generatsiyaning hisoblangan hajmi esa 2,5 baravardan ko‘proqqa ko‘paygan
Ushbu tadqiqotda maxsus iqtisodiy zonalarning (MIZ) iqtisodiy o‘sish, hududiy rivojlanish, investitsiyalar, bandlik va eksportga ta'siri bo‘yicha mavjud empirik tadqiqotlar tizimli ravishda tahlil qilindi. Tadqiqot PRISMA tamoyillari asosida Systematic Literature Review metodologiyasi yordamida amalga oshirildi. Tahlilga 2000–2026-yillarda chop etilgan 29 ta ilmiy maqola kiritildi. Natijalar MIZlar ko‘plab mamlakatlarda iqtisodiy faollikni oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilganligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ularning samaradorligi institutsional sifat, boshqaruv tizimi, infratuzilma va mahalliy iqtisodiyot bilan integratsiya darajasiga bog‘liq ekanligi aniqlandi. Tadqiqot natijalari MIZlarning iqtisodiy rivojlanishdagi rolini baholash hamda kelgusidagi tadqiqot yo‘nalishlarini aniqlash uchun muhim ilmiy asos yaratadi