Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etish zarurati, mavjud huquqiy asoslar va institutsional muhit keng qamrovda o‘rganiladi. Islom moliyasi shariat talablariga asoslangan holda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni ko‘zda tutadi va aynan shu xususiyati uni ribo, maysir va g‘arar kabi taqiqlangan elementlardan holi qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bu yo‘nalish yangi bo‘lishiga qaramay, aholining diniy e’tiqodiga mos, adolatli va barqaror moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari, sukuk, mudoraba, mushoraka kabi moliyaviy vositalarning mohiyati va ularni yuritishda zarur bo‘lgan huquqiy mexanizmlar tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud qonunchilikda kuzatilayotgan bo‘shliqlar, regulyator organlar faoliyatining yetarli darajada shakllanmaganligi va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos keluvchi institutlar modeli muhokama qilinadi. Natijada, mamlakatda islom moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha konseptual takliflar ilgari suriladi.
Mazkur maqolada zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tadbirkorlikning roli, uning iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Tadqiqotda O‘zbekiston misolida ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanish tendensiyalari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar asosidagi amaliy tajribalar o‘rganildi. Shuningdek, ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolar – huquqiy bo‘shliqlar, moliyaviy savodxonlikning pastligi va innovatsion texnologiyalarning sust joriy etilishi chuqur tahlil etildi. Maqolada mavjud imkoniyatlar asosida bir qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaga institutsional asos yaratish, qonunchilikni mustahkamlash va ijtimoiy innovatsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston iqtisodiyotida taʼminot zanjirining taʼsiri va ahamiyati tahlil qilingan. Xususan, logistika tizimining milliy iqtisodiyotdagi oʻrni, uning rivojlanish tendensiyalari hamda mavjud muammolar va ularning yechimlari koʻrib chiqilgan. Taʼminot zanjiri infrastrukturasining zamonaviy holati, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari va xalqaro logistika tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar berilgan. Tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda taʼminot zanjiri samaradorligini oshirish uchun raqamli texnologiyalardan foydalanish, transport infratuzilmasini takomillashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish zarur.
Ushbu maqolada universitetlarning jamiyatdagi roli kengayib borishi bilan texnologik innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanish manbai boʻlgan muassasa qiyofasi prognoz qilinmoqda, natijada universitetni oʻzgartirish trayektoriyasi yuzaga keladi. Tadbirkorlik universitetiga oʻtishda strategik yoʻnalishni belgilash, undan soʻng oʻsha universitet doirasida ishlab chiqilgan bilimlarga sodiqlik, undan asosan hududiy asosda foydalanish zarurati tugʻiladi. Tadbirkorlik universiteti tadqiqot universitetini takomillashtirish boʻlib, u jamiyat bilan aloqani birlashtiradi, tadbirkorlik universitetlari taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga moslashgan boʻlib, bitiruvchi talabalarning ishsizlik bilan bogʻliq yechimlarni izlashda sanoat va jamiyat muammosidan foydalanadi. Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga borib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish vazifasi qoʻyilgan boʻlib, bunda tadbirkor universitetlarning ahamiyati muhim ekanligi yoritilgan.
Turizm jahon iqtisodiyotining yuqori daromadli va tez oʻsib borayotgan sektorlaridan biri. Iqtisodiy sektor nafaqat mamlakatlar, balki ayrim mintaqalarning iqtisodiyotida salmoqli oʻrinni egallab borishi, undagi boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish masalalarini yuzaga chiqardi. Turizmning asosiy xususiyati, ishlab chiqarishdan farqli oʻlaroq, resurslarni samarali boshqarish natijasida ularning tugab ketishini oldini olishdadir. Ushbu maqolada turistik resurslarni boshqarish va samarali boshqaruvni takomillashtirish mexanizmlarini tashkil etishda xorij tajribasi oʻrganildi, tahlil qilindi, uning asosiy omillari aniqlandi, hamda xorij tajribasini Oʻzbekistonda qoʻllash doirasida amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.