Ushbu maqolada korxonaning aktivlari va kapitali tarkibiy tuzilmasini optimallashtirishga oid nazariy masalalar ko'rib chiqilib, aktivlardan foydalanish samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari tahlil qilingan hamda so'nggi yillarda “Uzbektelecom” AK kompaniyasining aktivlari va kapitali tarkibiy tuzilmasi hamda nisbatidagi tendensiyalar ko‘rib chiqilgan. Xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlariga muvofiq tuzilgan moliyaviy hisobotlar asosida kompaniyaning adolatli qiymatini baholash amalga oshirilib va uning adolatli qiymatini oshirish maqsadida kompaniyaning aktivi va kapitali tarkibiy tuzilmasini optimallashtirish bo‘yicha takliflar berilgan
Ushbu maqolada raqamli to‘lov tizimlarining iqtisodiyotdagi roli, ularning pul muomalasi va pul aylanish tezligiga ko‘rsatadigan ta’siri tahlil qilinadi. Raqamli to‘lov tizimlari yordamida moliyaviy operatsiyalarning tezkorligi, shaffofligi va xavfsizligi ta’minlanib, naqd pulga bo’lgan ehtiyoj kamayadi.Bu jarayon iqtisodiy rivojlanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, pul aylanmasini tezlashtiradi va moliyaviy xizmatlarning ommabop bo‘lishiga yordam beradi. Shuningdek, maqolada elektron to‘lovlar, mobil banking va boshqa raqamli texnologiyalar yordamida iqtisodiy jarayonlarni tezlashtirish imkoniyatlari yoritib beriladi
Ushbu maqolada xufiyona iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirishda raqamli texnologiyalarning o‘rni va ahamiyati ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqot davomida blokcheyn, sun’iy intellekt va "Big Data" texnologiyalarining soliq ma’murchiligi hamda moliyaviy tranzaksiyalar shaffofligini ta’minlashdagi imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, xalqaro tajriba asosida raqamli ekotizimni rivojlantirish orqali yashirin aylanmalarni qonuniy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ilmiy yondashuvlar umumlashtirilgan. Maqola yakunida milliy iqtisodiyotda raqamli transformatsiyani jadallashtirish orqali xufiyona faoliyatni minimallashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ilgari surilgan
Ushbu maqolada kichik biznesni naqd pulsiz ko‘rinishga o‘tkazishning iqtisodiy va tashkiliy afzalliklari o‘rganildi. Xitoy, Yaponiya va Germaniya tajribalari asosida 2020–2024 yillar davomida raqamli to‘lov tizimlari rivojlanishining kichik biznes faoliyatiga ta’siri tahlil qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda kichik biznesni raqamli to‘lovlarga o‘tkazishning istiqbollari va ijobiy natijalari haqida ham fikr yuritildi. Tadqiqot natijalari naqd pulsiz operatsiyalarning moliyaviy shaffoflik, xarajatlarni qisqartirish, soliq bazasini kengaytirish va mijozlar sodiqligini oshirishga xizmat qilishini ko‘rsatdi
Bugungi bozor sharoitida keskin kuchayib borayotgan raqobat va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi kichik biznes korxonalari faoliyati uchun sezilarli qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Cheklangan moliyaviy resurslar, qo‘lda bajariladigan jarayonlarga yuqori darajadagi qaramlik hamda standartlashtirilgan boshqaruv tizimlarining yetarli emasligi ular uchun asosiy to‘siqlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari kichik biznes subyektlari uchun jarayonlarni optimallashtirish, xatoliklarni kamaytirish va operatsion barqarorlikni oshirish imkonini beradi. Mazkur maqolada kichik biznes korxonalarida avtomatlashtirishni joriy etish jarayonidagi asosiy muammolar va xavflar tahlil qilinadi, shuningdek, minimal xarajat bilan maksimal samaradorlikka erishish imkonini beruvchi dasturiy yechimlar bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi. Tadqiqot natijalari kichik bizneslar uchun avtomatlashtirish jarayonini samarali rejalashtirish va boshqarishda metodik asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin
Mazkur maqolada innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishning xorijiy tajribalari va ularning milliy iqtisodiyot sharoitida qo‘llash imkoniyatlari ilmiy-nazariy jihatdan yoritilgan. Hozirgi globallashuv jarayonida innovatsiyalarni joriy etish va investitsiyalarni samarali boshqarish iqtisodiy taraqqiyotning muhim omiliga aylangan. Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy mexanizmlar, huquqiy bazaning mukammalligi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi va ilmiy salohiyatning yuqoriligi muhim o‘rin tutadi. Milliy iqtisodiyotda bu tajribalarni tatbiq etish innovatsion infratuzilmani rivojlantirish, venchur kapital bozorini shakllantirish, xususiy sektorni rag‘batlantirish va startaplar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Shu bilan birga, xorijiy tajribani milliy sharoitga moslashtirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish va milliy innovatsion tizimni takomillashtirish zarur. Mazkur maqolada xorijiy tajribalar tahlil qilinib, ularni o‘zbek iqtisodiyoti uchun tatbiq etish mexanizmlari yoritiladi hamda milliy innovatsion-investitsion tadbirkorlikni rivojlantirishning nazariy va amaliy yo‘nalishlari asoslab beriladi.
Maqolada Yevropa davlatlarining auditorlik faoliyatini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha keng qamrovli tajribasi tahlil qilingan. Tadqiqotda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Gretsiya va Irlandiya davlatlarining auditorlik tizimlarining huquqiy asoslari, tashkiliy tuzilmalari, professional standartlari va nazorat mexanizmlari oʻrganilgan. Yevropa Ittifoqining auditorlik sohasidagi direktivalari va reglamentlarining ta’siri, shuningdek, korporativ boshqaruv va moliyaviy hisobotlar shaffofligini ta’minlashda auditorlik nazoratining roli koʻrib chiqilgan.
Mazkur tadqiqotda davlat sektorida ichki audit tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribalar o‘rganilgan. Xususan, audit faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish, texnologik integratsiyaning roli hamda auditorlarning mustaqilligini kafolatlovchi omillar tahlil qilingan. Malayziya, Janubiy Afrika, Germaniya va boshqa davlatlardagi amaliy tajribalar misolida ichki audit samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar va ularning natijalari ko‘rsatib berilgan. Shu asosda O‘zbekistonda ichki audit tizimini takomillashtirish uchun tegishli tavsiyalar ishlab chiqilgan. Ushbu ilmiy izlanish davlat boshqaruvida oshkoralik, moliyaviy intizom va resurslardan oqilona foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasida alternativ moliya ekotizimi va uning asosiy instrumentlari tahlil qilingan. So‘nggi yillarda mamlakatda iqtisodiy diversifikatsiya va moliyaviy inklyuziyani oshirish maqsadida mikromoliya, crowdfunding, peer-to-peer (P2P) lending, ijtimoiy investitsiyalar hamda islom moliyasi kabi alternativ moliyalashtirish mexanizmlariga e’tibor kuchaymoqda. Tadqiqotda ushbu instrumentlarning rivojlanish holati, imkoniyatlari va mavjud muammolari yoritilgan. Shuningdek, bozor konyunkturasining turli sharoitlarida alternativ moliya tizimining rivojlanish senariylari ishlab chiqilgan hamda crowdfunding va islom moliyasi uyg‘unlashuvi istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
Ushbu maqolada iqtisodiy tarmoqlarda alohida hisob siyosatini yuritishning nazariy va amaliy jihatlari, uning xalqaro va milliy standartlarga moslashuvi hamda sohaga xos yondashuvlarning ahamiyati yoritilgan. O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini isloh qilish, xususan IFRS standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish jarayonlari tahlil qilingan. Tadqiqotda qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va bank-moliya sektorlarida hisob siyosatining o‘ziga xos xususiyatlari, muammolar va imkoniyatlar ko‘rib chiqilgan. Xalqaro va milliy tajribalar qiyoslanib, sohaga mos metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston tijorat banklarining 1999–2023 yillardagi sof foiz marjasi (SFM) dinamikasi tahlil qilinadi. Sof foiz marjasi bankning foizli aktivlardan daromad olish samaradorligini ifodalaydi va moliyaviy barqarorlik hamda rentabellikni baholashda muhim koʻrsatkich hisoblanadi. Tadqiqotda mulkchilik shakliga koʻra banklar oʻrtasidagi farqlar, vaqt boʻyicha tendensiyalar hamda ekstremal kuzatuvlarning taʼsiri o‘rganildi. Natijalar xorijiy banklarning sof foiz marjasi boshqa guruhlarga nisbatan sezilarli darajada yuqori ekanini, davlat banklari esa eng past samaradorlikka ega boʻlganini koʻrsatdi. Shuningdek, 2017-yildan keyingi davrda davlat bevosita egalik qiluvchi banklarning samaradorligi sezilarli oshgani qayd etildi.
Ushbu maqolada kichik va o‘rta biznes subyektlarini iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda sug‘urta tizimining tutgan o‘rni tahlil qilinadi. Muallif sug‘urtaning KO‘B uchun xavflarni boshqarish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va investitsion muhitni yaxshilashdagi ahamiyatini yoritadi. Shuningdek, O‘zbekistonda ushbu tizimning mavjud holati, asosiy muammolari va uni rivojlantirish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar bayon etiladi. Maqola kichik biznesni himoyalash va sug‘urta mexanizmlarini yanada faollashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Mazkur maqolada xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tish jarayonida tijorat tashkilotlarida xarajatlar hisobining yuritilishi, mavjud muammolar va takomillashtirish yo‘llari IMRAD strukturasi asosida tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida xarajatlarni tasniflash, e’tirof etish va hisobot shaklida ifodalashdagi farqlar yoritilib, milliy hisob tizimini MHXSlarga moslashtirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Maqolada tо‘qimachilik korxonalari ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etishda sifatli mahsulot ishlab chiqarish hamda moliyaviy iqtisodiy kо‘rsatkichlar holatini tahlil qilishga e’tibor qaratilgan.
Ushbu maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining roli va uning samaradorligini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Hozirgi kunda banklar investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda asosiy moliyaviy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Biroq moliyaviy tizimdagi turli muammolar, risklarni baholashdagi qiyinchiliklar, garovga bo‘lgan talabning yuqoriligi va uzoq muddatli resurslar yetishmasligi bank kreditlaridan samarali foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Maqolada investitsion loyihalarni moliyalashtirish manbalari, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo‘yicha o‘zgarishi, bank kreditlarining oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit ajratish dinamikasi va tadbirkorlik faoliyatiga ajratilgan kreditlar ulushi solishtirma jadvallar orqali tahlillar olib borilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bank kreditlarining investitsiya jarayonidagi ishtirokini kengaytirish va investitsion loyihalarni moliyalashtirishda bank kreditlarining rolini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada 2013-2023-yillarda Oʻzbekiston banklarining faoliyati tahlil qilingan boʻlib, kredit va likvidlik risklarining bank barqarorligiga taʼsiri oʻrganilgan. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, kredit risklarining ortishi moliyaviy barqarorlikni pasaytiruvchi asosiy omildir. Shu bilan birga, yuqori likvid aktivlarga ega boʻlgan banklar barqarorroq ekanligi aniqlangan. Tadqiqot banklarning risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun ilmiy asos va amaliy tavsiyalarni taklif etadi.
Ushbu tadqiqot banklarni transformatsiya qilish jarayonlari orqali aktivlar samaradorligini oshirish usullarini o‘rganadi. Banklar iqtisodiy o‘zgarishlarga moslashish va raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishlari zarur. Tadqiqotda banklarning transformatsiya jarayonlari, ularning samaradorligi va moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi.
Maqola islom kapital bozori ekotizimida tartibga solish institutlarining o‘rni va ular bozorning barqaror rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasini tahlil qiladi. Islom kapital bozori global moliyaviy tizimning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, sukuk, islomiy aksiyalar va boshqa moliyaviy instrumentlarni taklif qilish orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi. Maqolada shariat kuzatuv kengashlari, AAOIFI va IFSB kabi xalqaro standartlashtirish tashkilotlari va boshqa tartibga soluvchi institutlarning ahamiyati yoritilgan.
Ushbu maqolada korxonalarning raqobatbardoshligi va iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash strategiyalari bozor sharoitlarida ko‘rib chiqiladi. Bozor raqobatining kuchayishi sharoitida korxonalar faoliyatining barqarorligi va samaradorligini oshirish masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maqolada iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda moliyaviy barqarorlik, tashqi tahdidlarga qarshi chidamlilik hamda bozor talablariga moslashuvchanlikka asoslangan yondashuvlar tahlil qilinadi. Tadqiqot doirasida raqobatbardoshlik omillarini aniqlash va korxonalar iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, maqolada raqobatbardoshlikni oshirish uchun innovatsion texnologiyalar va strategik rejalashtirishning ahamiyati yoritiladi.
Ushbu maqola O‘zbekiston tijorat banklarining valyuta zahiralarini diversifikatsiya qilish masalalarini kompleks tarzda tadqiq etishga bag‘ishlangan. 2018–2024 yillar oralig‘idagi statistik ma’lumotlar, 12 ta tijorat bankining moliyaviy hisobotlari asosida valyuta portfellarining tarkibi, xavflarni boshqarish mexanizmlari va diversifikatsiya strategiyalari tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston tijorat banklarida valyuta zahiralarining 73,4 foizi AQSH dollarida jamlangan bo‘lib, bu konsentratsiya darajasi xalqaro standartlardan 2,5–3 barobar yuqori va tizimli valyuta riskini sezilarli oshiradi. Taklif etilgan “5-valyuta optimal diversifikatsiya modeli” asosida banklarning Sharp koeffitsiyentini 96 foizga oshirish, stress test sharoitida maksimal yo‘qotishlarni 6,3 foizli punktga kamaytirish hamda VaR ko‘rsatkichini 4,4 foizli punktga pasaytirish imkoniyati mavjudligi aniqlangan
Ushbu maqola raqamli iqtisodiyotning zamonaviy umumiqtisodiy taraqqiyotdagi rolini nazariy va empirik jihatdan tahlil qiladi. Maqolada raqamli texnologiyalar, platformalar, elektron savdo va moliyaviy texnologiyalarning iqtisodiy o‘sish, investitsiya jarayonlari, bandlik va barqaror rivojlanishga ta’siri ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijalari raqamli iqtisodiyotning iqtisodiy samaradorlik, innovatsiya va inson kapitalini rivojlantirishdagi strategik ahamiyatini tasdiqlaydi hamda raqamli infratuzilma va institutsional mexanizmlarni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni taqdim etadi
Mazkur maqolada O‘zbekiston sharoitida iqtisodiy retsessiya davrida yashil moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish masalalari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqot davomida mamlakatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, yashil moliya instrumentlari va ularning iqtisodiy barqarorlikka ta’siri o‘rganildi. Shuningdek, xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy ishlari asosida yashil moliyaning nazariy asoslari yoritildi hamda amaliy holati baholandi. Tahlillar natijasida yashil moliyalashtirish mexanizmlarining investitsion faollikni oshirish, energiya samaradorligini ta’minlash va iqtisodiy risklarni kamaytirishdagi ahamiyati asoslab berildi. Shu bilan birga, ushbu sohada mavjud muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi
Maqolada “O‘zbekiston pochtasi” AJ va uning hududiy filiallarida 2020–2025-yillar davomida xizmatlar tarkibi, hududiy ko‘rsatkichlar va raqamlashtirish samaradorligi dinamikasi tahlil qilindi. Tadqiqotda statistik jadvallar, hududiy taqqoslashlar va integral samaradorlik ko‘rsatkichlari asos qilib olindi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, davriy nashrlar va yozma xat-xabarlar hali ham xizmatlar portfelida muhim o‘rin egallaydi, biroq ularning uzoq muddatli o‘sish salohiyati cheklangan. Elektron pul o‘tkazmalari ulushining keskin pasayishi pochta tizimining fintech va mobil bank xizmatlari bilan raqobatda qiymat taklifini qayta ko‘rib chiqishi zarurligini ko‘rsatadi. Aksincha, posilka jo‘natmalari, yetkazib berish tezligi, mijozlar qoniqishi va raqamli buyurtmalar ulushidagi ijobiy siljishlar pochta tizimini elektron tijorat logistikasi va raqamli platforma modeliga bosqichma-bosqich o‘tkazish imkoniyatini tasdiqlaydi. Maqolada hududiy klasterlash, minimal raqamli standartlar, KPI/SLA monitoringi va logistika-moliyaviy xizmatlar integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi
Mazkur maqolada neft va gazni qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarish xarajatlari auditini metodik ta’minlashni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda muhim xatoliklar xavfini baholash, ichki nazorat tizimini tahlil qilish hamda auditning xalqaro standartlarini (AXS) qo‘llashga alohida e’tibor qaratilgan. Ishlab chiqarish xarajatlari bilan bog‘liq risklar tasnifi taklif etilgan hamda muhimlik darajasini aniqlashning bosqichma-bosqich yondashuvi asoslab berilgan. Tadqiqot natijalari moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini oshirish, audit jarayonlarini takomillashtirish va korxonalarda xarajatlarni boshqarish samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan
Ushbu maqola Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ijtimoiy sugʻurta tizimining asosiy xususiyatlari, tuzilishi, moliyalashtirish mexanizmlari va Yevropa miqyosidagi muvofiqlashtirish qoidalarini tahlil qiladi. Har bir aʼzo davlat oʻz milliy ijtimoiy sugʻurta tizimini mustaqil ravishda shakllantirish huquqiga ega boʻlsa-da, Yevropa Ittifoqi fuqarolarining erkin harakatlanishi va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish maqsadida umumiy muvofiqlashtirish qoidalari joriy etilgan. Maqolada ijtimoiy himoya xarajatlarining YaIMdagi ulushi, asosiy yoʻnalishlar hamda turli ijtimoiy modellar taqqoslanadi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, YI mamlakatlarida ijtimoiy sugʻurta tizimi aholini ijtimoiy xatarlardan himoya qilishning samarali mexanizmi boʻlib, ammo aholining qarishi va moliyaviy bosimlar tufayli doimiy islohotlarni talab etadi.