Ushbu maqolada rivojlangan mamlakatlarning (AQSh, Germaniya, Yaponiya, Estoniya, Janubiy Koreya) kichik biznes statistikasini yuritish va axborot bazalaridan foydalanish tajribasi tahlil qilingan. Maqolada xorijiy davlatlarda qo‘llaniladigan statistik ko‘rsatkichlar tizimi, raqamli platformalar, real vaqt rejimida monitoring va sun’iy intellekt texnologiyalarining ahamiyati ko‘rsatilgan. Qiyosiy tahlil orqali O‘zbekiston statistik axborot bazasining (Stat.uz, my.gov.uz, soliq.uz, ERI, SPINIDA) hozirgi holati baholangan va uning takomillashtirish yo‘llari aniqlangan. Tadqiqot natijasida yagona elektron statistik tizim yaratish, platformalarni integratsiyalash, AI va Big Data texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash siyosatini takomillashtirish va milliy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda foydalanish mumkin
Ushbu maqolada zamonaviy moliyaviy texnologiyalar – fintex xizmatlarining xalqaro bozorlardagi o‘rni va rivojlanish tendensiyalari tahlil etilgan. Muallif raqamli iqtisodiyot sharoitida fintex texnologiyalarining vujudga kelishi, ularning global miqyosda tarqalish sabablari va moliyaviy xizmatlar sohasiga ko‘rsatgan ta’sirini yoritadi. Maqolada turli mintaqalarda (Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani, LAMEA) fintex xizmatlarining rivojlanish xususiyatlari hududiy tahlil asosida ko‘rib chiqilgan. PayPal, Stripe, Revolut, Ant Group kabi yirik fintex kompaniyalari faoliyati misolida raqamli to‘lovlar, ochiq bank tizimlari, blokcheyn texnologiyalari va sun’iy intellekt asosidagi xizmatlarning kengayib borayotganligi ta’kidlanadi. Statistik ma’lumotlar va xalqaro tajribalar asosida fintex xizmatlarining asosiy afzalliklari sifatida tezkorlik, xarajatlarning kamayishi, moliyaviy inklyuziya va innovatsion mahsulotlar taklifi ajratib ko‘rsatiladi. Xulosasida fintex sohasining kelajakdagi istiqbollari, uni rivojlantirishda texnologik innovatsiyalar va davlat regulyatorlari o‘rtasidagi hamkorlik zarurligi ta’kidlanadi. Ushbu maqola bank sektori, moliyaviy xizmatlar bozori va iqtisodiy raqamlashtirish jarayonlarida ishtirok etayotganlar uchun amaliy va nazariy jihatdan foydali hisoblanadi.
Maqolada transformatsiyalashuv sharoitida aksiyadorlik jamiyatlarida, xususan bank AJlarda raqamli boshqaruvning iqtisodiy mohiyati va nazariy evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Tadqiqot raqamli boshqaruvni IT joriy etish bilan cheklamasdan, axborot asimmetriyasi hamda agentlik va tranzaksion xarajatlarni qisqartirish, nazorat va hisobdorlikni kuchaytirish, risklarni erta aniqlash orqali izohlaydi. Solishtirma va kontent-tahlil asosida tushunchalar taqqoslandi, evolyutsion model va omillar tizimi ishlab chiqildi. Mualliflik ta’rifi taklif etilib, banklar uchun konseptual xulosalar berildi
Maqola ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimidagi murakkablik masalalariga bag‘ishlangan. Shuningdek, ko‘chmas mulk soliqlarini hisoblash usullarida aniq ustuvor yo‘nalishlar shakllanmaganligi ta’kidlangan. Soliqqa tortishning asosiy shakllari sifatida advalor – ko‘chmas mulk qiymatiga asoslangan soliq, maydonga asoslangan soliq hamda ko‘chmas mulkdan olinadigan daromad solig‘i ajratib ko‘rsatiladi. Shakllar xilma-xilligiga qaramay, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimlarini rivojlantirishda adolatlilik, shaffoflik va foydalanuvchi uchun qulaylikni ta’minlashga yo‘naltirilgan global tendensiya kuzatilmoqda. Bu jarayonda sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan baholash modellari (AVM) texnologiyalaridan foydalanish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maqolaning asosiy maqsadi ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimining bazaviy elementlarini tahlil qilish hamda soliqqa tortish jarayonida izchillik va adolatlilikni ta’minlashda ko‘chmas mulk baholovchisining hal qiluvchi rolini asoslab berishdan iborat. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi elementlardan tashkil topgan tizim ekanligi hamda, soliqqa tortiladigan qiymatni aniqlash jarayonining qaysi bosqichlari bevosita baholovchilar tomonidan amalga oshirilishi lozimligi ko‘rsatib beriladi va ilmiy jihatdan asoslanadi
Maqolada O‘zbekiston sharoitida valyuta kursi farqlarini hisobga olishdagi mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni raqamlashtirish asosida hal etish bo‘yicha amaliy va metodologik takliflar ilgari surilgan. Xususan, kurslarni avtomatik yangilash, “Buxgalteriya hisobi xalqaro standarti (BHXS) 21" standartiga mos metodika ishlab chiqish va sun’iy intellekt orqali monitoring tizimi yaratish zaruriyati asoslab berilgan.
Mazkur maqolada raqamli transformatsiya sharoitida elektron tijorat tizimlarini rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlari keng tahlil qilinadi. Tadqiqotda elektron tijoratning zamonaviy iqtisodiyotdagi o‘rni, uning rivojlanish tendensiyalari hamda raqamli texnologiyalarning ushbu jarayonga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, elektron tijorat tizimlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi asosiy omillar raqamli infratuzilma, innovatsion texnologiyalar, marketing strategiyalari va huquqiy asoslar ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Maqolada global va milliy darajadagi elektron tijorat rivojlanish jarayonlari qiyosiy tahlil qilingan bo‘lib, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar tajribasi asosida muhim xulosalar chiqarilgan. Tadqiqot davomida elektron tijoratning iqtisodiy samaradorlikka, bandlik darajasiga hamda bozor munosabatlarining transformatsiyasiga ta’siri ochib berilgan
Ushbu maqolada moliyaviy boshqaruv va unda zamonaviy axborot texnologiyalarining tadbiq etilishi orqali olinayotgan natijalar haqida fikrlar bildirilgan. Shuningdek, axborot texnologiyalarining moliya tizimida boshqaruv jarayonlariga tadbiq qilinishi zamonaviy moliyaviy muassasalarning samaradorligini oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash va mijozlar ishonchini qozonishda muhimligi va moliya tizimida qo‘llanilishining asosiy turlari tavsiflangan.
Ushbu tadqiqot ESG tamoyillariga asoslangan innovatsiyalarni bank sektorida strategik raqobat ustunligining manbai sifatida tahlil qiladi hamda rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda davlat va xususiy banklar oʻrtasidagi farqlarni qiyosiy oʻrganadi. Resursga asoslangan nazariya va dinamik imkoniyatlar yondashuviga tayangan holda, muallif tomonidan ESG innovatsiyalarining yangi indeksi ishlab chiqilgan. Ushbu indeks banklarning asosiy faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt asosidagi ESG tahlil tizimlari, uglerod izini kuzatish platformalari va raqamli hisobot tizimlari kabi barqaror texnologiyalar qanchalik chuqur integratsiya qilinganini baholaydi. 2015–2024 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi 68 ta bank ma’lumotlari asosida fiksirlangan effektlar va tizimli GMM modellari yordamida ESG innovatsiyalarining foydalilik (ROA, ROE), operatsion samaradorlik, bozor ulushi va investorlar uchun jozibadorlikka ta’siri baholangan. Natijalar ESG innovatsiyalari moliyaviy va operatsion natijalarni sezilarli darajada yaxshilashini koʻrsatdi, buning ta’siri xususiy banklarda ancha yuqori ekani aniqlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mulkchilik shakli ESG innovatsiyasi va bank faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni belgilaydi, xususiy banklar texnologik faollikdan foyda olishda ustun, davlat banklari esa ko‘proq muvofiqlik yondashuviga tayangan. Ushbu ish strategik boshqaruv va barqaror moliya sohasiga ESG innovatsiyasini dinamik imkoniyat sifatida talqin etish orqali nazariy va amaliy hissa qo‘shadi hamda moliyaviy nazorat organlari uchun foydali siyosiy tavsiyalarni beradi.