Mazkur maqolada 2010-2024 yillar statistik ma’lumotlari asosida O‘zbekistonda mehnat resurslari, iqtisodiy faollik, ishsizlik, bandlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jami bandlikdagi ulushi, oliy ma’lumotli xodimlar hamda o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar soni dinamikasi tahlil qilindi. Tadqiqotda inson kapitali nazariyasi, tadbirkorlikning innovatsion tabiati, mehnat bozorining institutsional rivojlanishi va qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish konsepsiyalari asos qilib olindi. Xorijiy tajriba sifatida Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Shvesiya, Daniya, Yaponiya va Xitoy amaliyoti ko‘rib chiqildi. Maqolada xorijiy tajribani O‘zbekiston sharoitida qo‘llash bo‘yicha kooperatsiya, kasbiy ta’lim, mikromoliya, ijtimoiy himoya, raqamlashtirish va agrotadbirkorlikka asoslangan takliflar ishlab chiqildi
Mazkur maqolada neft va gazni qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarish xarajatlari auditini metodik ta’minlashni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda muhim xatoliklar xavfini baholash, ichki nazorat tizimini tahlil qilish hamda auditning xalqaro standartlarini (AXS) qo‘llashga alohida e’tibor qaratilgan. Ishlab chiqarish xarajatlari bilan bog‘liq risklar tasnifi taklif etilgan hamda muhimlik darajasini aniqlashning bosqichma-bosqich yondashuvi asoslab berilgan. Tadqiqot natijalari moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini oshirish, audit jarayonlarini takomillashtirish va korxonalarda xarajatlarni boshqarish samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan
Ushbu maqola raqamli marketing strategiyalarini qo‘llash va yuqori darajada qoniqarli mijoz profilini olish uchun ba’zi yaxshilanishlarni taklif qilish orqali sodiqlik va brend ishonchini tahlil qiladi. Ushbu maqolada, shuningdek, ta’lim markazlari mijozlar talabini oshirish va ularning brendga ishonchini oshirish uchun SMM, Google Analytics va Ads kabi raqamli marketing vositalarini qanday tatbiq etayotgani ko‘rsatilgan
Ushbu maqolada norasmiy bandlik fenomenining iqtisodiy mohiyati hamda uning shakllanishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilinadi. Tadqiqot jarayonida norasmiy bandlikning mehnat bozori muvozanatini ta’minlashdagi o‘rni, aholi daromadlarini shakllantirishdagi ahamiyati va uning salbiy oqibatlari, xususan, ijtimoiy himoya tizimining zaiflashuvi hamda soliq tushumlarining qisqarishi kabi jihatlar yoritib berilgan. Shuningdek, iqtisodiy, institutsional, demografik va ijtimoiy omillar asosida norasmiy bandlikning shakllanish sabablari tizimli ravishda asoslab beriladi. Tadqiqot natijalari norasmiy bandlikni qisqartirish emas, balki uni bosqichma-bosqich rasmiy sektorga integratsiya qilish zarurligini ko‘rsatadi
Ushbu maqola Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ijtimoiy sugʻurta tizimining asosiy xususiyatlari, tuzilishi, moliyalashtirish mexanizmlari va Yevropa miqyosidagi muvofiqlashtirish qoidalarini tahlil qiladi. Har bir aʼzo davlat oʻz milliy ijtimoiy sugʻurta tizimini mustaqil ravishda shakllantirish huquqiga ega boʻlsa-da, Yevropa Ittifoqi fuqarolarining erkin harakatlanishi va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish maqsadida umumiy muvofiqlashtirish qoidalari joriy etilgan. Maqolada ijtimoiy himoya xarajatlarining YaIMdagi ulushi, asosiy yoʻnalishlar hamda turli ijtimoiy modellar taqqoslanadi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, YI mamlakatlarida ijtimoiy sugʻurta tizimi aholini ijtimoiy xatarlardan himoya qilishning samarali mexanizmi boʻlib, ammo aholining qarishi va moliyaviy bosimlar tufayli doimiy islohotlarni talab etadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston Respublikasida Yirik soliq toʻlovchilar inspeksiyasi soliq maʼmurchiligini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari, xususan, soliq tizimini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni (OECD) implementatsiya qilish va soliq nazoratini optimallashtirish masalalari tahlil qilingan. Tadqiqot davomida soliq auditi uchun nomzodlarni tanlashda inson omilini kamaytirish, "Big Data" texnologiyalaridan foydalangan holda tahliliy jarayonlarni tezlashtirish va elektron tijorat sohasida soliq bazasini kengaytirish boʻyicha aniq yechimlar taklif etilgan. Shuningdek, yirik soliq toʻlovchilar uchun soliq monitoringi tizimini joriy etish orqali maʼmuriy yukni kamaytirish va soliq toʻlovchilar bilan oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mexanizmlari yoritilgan
Mazkur ilmiy tadqiqotda qishloq xo‘jaligida fermer va dehqon xo‘jaliklarining qaror qabul qilish jarayonida xulq-atvor omillarining ahamiyatini yoritadi. Tadqiqot adabiyotlar tahliliga asoslangan bo‘lib, unda ijtimoiy normalar, tavakkalchilikka munosabat va vaqt afzalliklari iqtisodiy qarorlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari ushbu omillarni hisobga olish qishloq xo‘jaligida samaradorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ekanligini ko‘rsatadi
Ushbu maqolada aholini uy-joy bilan ta’minlash darajasini baholash uchun ko‘p omilli (multifaktorli) o‘lchov modeli ishlab chiqilgan va undagi asosiy omillarning ta’siri tahlil qilinadi. Modelda ijtimoiy-iqtisodiy omillar (daromad darajasi, bandlik, oila tarkibi, demografik o‘zgarishlar), moliyaviy omillar (ipoteka kreditlari mavjudligi, uy-joy narxlari, subsidiyalar), urbanizatsiya va infratuzilma rivojlanishi kabi ko‘rsatkichlar kompleks tarzda hisobga olinadi. Tadqiqot natijalarida omillarning o‘zaro ta’siri, ularning ta’sir kuchi va yo‘nalishi baholanib, modelning prognoz qilish qobiliyati sinovdan o‘tkaziladi. Ish natijalari davlat uy-joy siyosatini takomillashtirish, aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy takliflar berishga qaratilgan
Mazkur maqolada raqamli iqtisodiyot sharoitida korxonalarda ichki nazorat tizimini shakllantirish va takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda ichki nazorat tizimining korporativ boshqaruvdagi oʻrni, risklarni boshqarishdagi ahamiyati hamda moliyaviy barqarorlikka taʼsiri yoritilgan. Raqamli texnologiyalarni joriy etish natijasida ichki nazorat tizimi anʼanaviy tekshiruv mexanizmidan proaktiv, real vaqt rejimida ishlovchi boshqaruv instrumentiga aylanishi asoslab berilgan. Shuningdek, ichki nazorat tizimini avtomatlashtirish, axborot tizimlari bilan integratsiya qilish va riskka yoʻnaltirilgan yondashuvni qoʻllash zarurligi koʻrsatib oʻtilgan. Tadqiqot natijalari korxonalarda boshqaruv samaradorligini oshirish, moliyaviy xatoliklarni kamaytirish va resurslardan samarali foydalanishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi
Mazkur maqolada turizm turlarini diversifikatsiyalashni boshqarishning nazariy va metodologik asoslari kompleks tarzda tahlil qilingan. Tadqiqotda diversifikatsiya tushunchasining iqtisodiy mazmuni, uning turizm tizimidagi o‘rni va strategik ahamiyati ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Turizmni tizimli, strategik va barqaror rivojlanish tamoyillari asosida boshqarish zarurati ko‘rsatilgan. Tadqiqot davomida turizm turlarini diversifikatsiyalashni boshqarishning konseptual modeli taklif etilgan bo‘lib, u resurs salohiyatini baholash, bozor segmentatsiyasi, turizm mahsuloti portfelini shakllantirish, institutsional mexanizmlarni takomillashtirish va monitoring tizimini joriy etish bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, diversifikatsiyaning iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, mavsumiylikni kamaytirish, hududiy rivojlanishni rag‘batlantirish va qo‘shimcha qiymat yaratish, turizm sohasida strategik qarorlar qabul qilish, sohani raqobatbardosh va barqaror rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tavlif va tavsiyalar ishlab chiqilgan
Maqola ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimidagi murakkablik masalalariga bag‘ishlangan. Shuningdek, ko‘chmas mulk soliqlarini hisoblash usullarida aniq ustuvor yo‘nalishlar shakllanmaganligi ta’kidlangan. Soliqqa tortishning asosiy shakllari sifatida advalor – ko‘chmas mulk qiymatiga asoslangan soliq, maydonga asoslangan soliq hamda ko‘chmas mulkdan olinadigan daromad solig‘i ajratib ko‘rsatiladi. Shakllar xilma-xilligiga qaramay, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimlarini rivojlantirishda adolatlilik, shaffoflik va foydalanuvchi uchun qulaylikni ta’minlashga yo‘naltirilgan global tendensiya kuzatilmoqda. Bu jarayonda sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan baholash modellari (AVM) texnologiyalaridan foydalanish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maqolaning asosiy maqsadi ko‘chmas mulkni soliqqa tortish tizimining bazaviy elementlarini tahlil qilish hamda soliqqa tortish jarayonida izchillik va adolatlilikni ta’minlashda ko‘chmas mulk baholovchisining hal qiluvchi rolini asoslab berishdan iborat. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi elementlardan tashkil topgan tizim ekanligi hamda, soliqqa tortiladigan qiymatni aniqlash jarayonining qaysi bosqichlari bevosita baholovchilar tomonidan amalga oshirilishi lozimligi ko‘rsatib beriladi va ilmiy jihatdan asoslanadi
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida muammoli qarzdorlik (NPL) o‘sish omillari makroiqtisodiy va bankka xos determinantlar uyg‘unligida tahlil qilinadi hamda kredit riskini erta ogohlantirish mexanizmlari (EWS)ning aktivlar sifati yomonlashuvining protsiklik xususiyatini kamaytirishdagi roli baholanadi. Empirik asos sifatida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining NPL va kredit portfeli bo‘yicha rasmiy ko‘rsatkichlari, shuningdek, bank sektori transformatsiyasi sharoitida NPL determinantlariga oid zamonaviy tadqiqotlar yondashuvlari qo‘llanadi. Davlat ulushi mavjud banklar va boshqa banklar o‘rtasidagi institutsional farqlar, NPLni regulyator o‘lchovi va IFRS 9 yondashuvi o‘rtasidagi taqqoslanish muammosi hamda restrukturizatsiya amaliyotlari alohida yoritiladi. Natijalar asosida aktivlar sifati bo‘yicha oshkoralikni kuchaytirish, IFRS 9 indikatorlarini nazorat monitoringiga integratsiya qilish va EWS triggerlarini standartlashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqiladi.
Maqolada potensial qarz oluvchilarning kredit qobiliyatini baholash jarayonida raqamli texnologiyalarni joriy etish asosida tijorat banklarining kreditlash faoliyatini takomillashtirish zarurligi qayd etilgan. Xorijiy mamlakatlarda kreditlashning innovatsion modellari tahlili taqdim etilib, kredit faoliyati va kredit risklarini boshqarish masalalari, bank faoliyatini raqamlashtirishni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi
Ushbu tadqiqot Markaziy Osiyo tijorat banklari orasida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Boshqaruv) hisobot berish sifati bilan xalqaro raqobatbardoshlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni Yevropa Ittifoqi (YI) institutlarining moslashtirilgan namunasi bilan solishtirib o‘rganadi. Barqarorlik hisobotlarini tahlil qilish (2018–2024), yangi ESG hisobot berish sifati indeksi (EDQI) hamda 495 ta bank-yil kuzatuvlariga asoslangan panel regressiya analizi kabi aralash usullardan foydalangan holda, Markaziy Osiyo banklarining ekologik, ijtimoiy va boshqaruv sohalaridagi ESG shaffofligi YI mamlakatlari banklariga qaraganda ancha past ekanligi aniqlandi. Ahamiyatlisi, yuqori sifatli ESG hisobot berish chet el investitsiyalarining oqishini, yevrobond chiqarish ehtimolini, chet el mulkdorligini va kredit reytingini sezilarli darajada oshirish bilan mustahkam bog‘langan – bankning asosiy ko‘rsatkichlari va institutsional sifat nazorat qilinganidan keyin ham. Ayniqsa, ESG shaffofligining chegaraviy foydasi Markaziy Osiyoda YIga qaraganda ancha kuchliroq, bu shuni ko‘rsatadiki, bunday axborot kam uchraydigan rivojlanayotgan bozorlarda ishonchli hisobot berish muhim signal beruvchi mexanizm vazifasini bajaradi. Ushbu natijalar Markaziy Osiyo mamlakatlari nazorat organlari va banklari tomonidan moliyaviy integratsiyani va investorlarning ishonchini oshirish maqsadida global ESG hisobot berish standartlarini (masalan, ISSB, TCFD) qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston sharoitida mahallalarda tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ilmiy-iqtisodiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda mahalla institutining hududiy iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni, aholi bandligini ta’minlash va mahalliy resurslardan samarali foydalanishdagi ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, hunarmandchilik faoliyatini bozor infratuzilmasi bilan integratsiya qilish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Maqolada keltirilgan xulosa va takliflar mahalliy darajada kichik biznes va hunarmandchilikni barqaror rivojlantirishga xizmat qilib, davlat va mahalla boshqaruvi organlari faoliyatida amaliy ahamiyat kasb etadi
Ushbu maqola O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalarida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimini kompleks o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va uni takomillashtirish bo‘yicha munosib takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundan iboratki, O‘zbekiston tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari kontekstida ishchi xodimlarni o‘qitish tizimining holati kompleks tahlil qilingan, tajribalar o’tkazilgan, xalqaro va mahalliy tajribalarni uyg‘unlashtirgan holda amaliy takliflar tizimi ishlab chiqilgan. Maqolada taklif etilgan yondashuvlarni tikuv buyumlari ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, HR menejerlari, soha yuzasidan oliy ta’lim beruvchi o‘qituvchilar o‘qitish dasturlarini optimallashtirish, investitsion qarorlar qabul qilish va korxonalarning raqobatbardoshlik darajasini oshirishda material sifatida qo‘llashlari mumkin
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining so‘nggi yillardagi raqamli transformatsiyasi jarayonlari, erishilgan yutuqlar hamda mavjud dolzarb masalalar tahlil qilinadi. Tadqiqotda tijorat banklari faoliyatida raqamli iqtisodiyotning, xususan, Big Data texnologiyalari va onlayn platformalarning roli, bank samaradorligini oshirishdagi ahamiyati hamda blokcheyn kabi innovatsion yondashuvlar o‘rganilgan. Olimlarning bank samaradorligini baholashdagi nazariy yondashuvlariga asoslanib, banklarning xarajatlarni minimallashtirish va foydani optimallashtirish ko‘nikmalari ta’kidlangan. Xulosa o‘rnida, O‘zbekistonda raqamli transformatsiya ekotizimini shakllantirish, fintech infratuzilmasini kengaytirish va xalqaro standartlarni joriy qilish orqali bank tizimining raqobatbardoshligini oshirish zarurligi ilgari surilgan.
Maqolada Qashqadaryo viloyati sanoat tarmog‘ining infratuzilmasi rivojlanish tendensiyalarining ekonometrik tahlili keltirilgan. Sanoat ishlab chiqarish hajmining asosiy fondlar tannarxi va mehnat resurslari soniga bog‘liqligini ifodalovchi ishlab chiqarish funksiyasi parametrlari asosida ekonometrik model yaratildi va modelning ishonchliligi baholandi. Sanoat ishlab chiqarish hajmining model omillari va prognozlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, xulosa va takliflar keltirilgan
Maqolada rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda yashil texnologiyalarni joriy etishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy marketing to‘siqlari ko‘rib chiqiladi. Iste’molchilarning idroki, narxlar, axborot asimmetriyasi va institutsional cheklovlar bilan bog‘liq omillar tahlil qilinadi. Aniqlangan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha statistik ma’lumotlar va amaliy tavsiyalar keltirilgan. Shuningdek, maqolada ishlab chiqaruvchilar va vositachilar tomonidan cheklovlar, jumladan, marketing strategiyalarining yetishmasligi, "yashil" mahsulotlarni targ‘ib qilish muammolari va tarqatish infratuzilmasining zaifligi o‘rganilgan. Tahlillar asosida marketing to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha iste’molchilarning xabardorligini oshirish, moliyaviy va soliq mexanizmlari orqali talabni rag‘batlantirish, hamkorlik tarmoqlari va yashil texnologiyalar brending strategiyalarini rivojlantirish kabi tavsiyalar taklif etildi:.
Mazkur maqolada virtual laboratoriyalar asosida iqtisodiy jarayonlarni o‘qitishning zamonaviy pedagogik va didaktik texnologiyalari tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari virtual laboratoriyalar iqtisodiyot ta’limida nazariya va amaliyot o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish, murakkab iqtisodiy jarayonlarni vizual modellashtirish va o‘quvchilarda yuqori darajadagi kognitiv hamda amaliy kompetensiyalarni shakllantirishda samarali vosita ekanini ko‘rsatdi. Tadqiqot iqtisodiyot ta’limida virtual laboratoriyalarni keng joriy etish, ularning didaktik dizaynini takomillashtirish va qaror qabul qilishga asoslangan interaktiv ssenariylarni kengaytirish zarurligini asoslaydi
Ushbu maqola chet tili sifatida rus tilini (RKI) o‘qitish metodikasiga sun'iy intellekt (SI) va raqamli texnologiyalarni (RT) integratsiyalashning didaktik imkoniyatlari va muammolarini kompleks tahlil qilishga bag‘ishlangan. Ta’limning zamonaviy raqamli transformatsiyasi o‘quv tizimlarini moslashtirishni, o‘qitishni yanada texnologik va shaxsiylashtirilgan qilishni talab qiladi. SI, shu jumladan neyron tarmoqlar va generativ modellar, individual ta’lim traektoriyalarini yaratish va o‘qitish samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. RKI o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, pedagoglarning 78 foizi raqamlashtirishga ijobiy qaraydi va SI dan foydalanish akademik natijalarni an’anaviy usullarga nisbatan 20 foizgacha yaxshilaydi. Raqamli resurslar bilan an’anaviy darslarni birlashtirgan aralash o‘qitish formati eng samarali deb tan olingan
Ushbu tadqiqot Global innovatsion indeks (GII) ma’lumotlariga asoslanib, O‘zbekistonning 2020-2025-yillardagi innovatsion samaradorligini baholaydi hamda uni jahon yetakchilari (Shveysariya, Shvetsiya, AQSH), rivojlanayotgan mamlakatlar (Hindiston, Vetnam, Marokash) va mintaqaviy hamkorlar (Qozog‘iston, Ozarbayjon) bilan taqqoslaydi. O‘zbekistonning umumiy GII reytingi 2025-yilda 79-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa-da, uning innovatsion natijalari kiritilgan resurslardan ancha past bo‘lib qolmoqda, natijada o‘rtacha samaradorlik farqi 23-pog‘onani tashkil etmoqda. Hindiston, Vetnam va Marokash o‘zlarining resurs darajasiga nisbatan kutilganidan yaxshiroq natijalarga erishayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘z salohiyatidan past natijalarni ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston uchun asosiy muammo investitsiyalar darajasi emas, balki ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini tijoratlashtirishning cheklanganligi, sanoat va ilmiy-tadqiqot sohalari o‘rtasidagi aloqalarning zaifligi hamda yuqori texnologiyali eksportning pastligi tufayli resurslarni natijalarga aylantirishning sekinligidir. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston innovatsion iqtisodiyotni barpo etish uchun tanlangan tarmoqlarga maqsadli xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va venchur moliyalashtirish orqali milliy innovatsion tizimni muvofiqlashtirishni takomillashtirishi lozim
Bugungi bozor sharoitida keskin kuchayib borayotgan raqobat va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi kichik biznes korxonalari faoliyati uchun sezilarli qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Cheklangan moliyaviy resurslar, qo‘lda bajariladigan jarayonlarga yuqori darajadagi qaramlik hamda standartlashtirilgan boshqaruv tizimlarining yetarli emasligi ular uchun asosiy to‘siqlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari kichik biznes subyektlari uchun jarayonlarni optimallashtirish, xatoliklarni kamaytirish va operatsion barqarorlikni oshirish imkonini beradi. Mazkur maqolada kichik biznes korxonalarida avtomatlashtirishni joriy etish jarayonidagi asosiy muammolar va xavflar tahlil qilinadi, shuningdek, minimal xarajat bilan maksimal samaradorlikka erishish imkonini beruvchi dasturiy yechimlar bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi. Tadqiqot natijalari kichik bizneslar uchun avtomatlashtirish jarayonini samarali rejalashtirish va boshqarishda metodik asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin
Mаqоlаdа raqamli ta’limga o‘tish transformatsiyaga aylanishi uchun hukumatlar o‘zlarining ta’lim tizimidagi vositalar, texnologiyalar, ishtirokchilar va subyektlarning uyg‘unligini mustahkamlaydigan tizimli yondashuvni qo‘llashlari kerakligi, 2023-yilgi raqamli ta’lim istiqbollari tomonidan taqdim etilgan tahlil va tushunchalar OECD a’zolariga bu borada foydali resurslarni taqdim etganligi haqida so‘z yuritilgan
so‘nggi yillarda “yashil iqtisodiyot” g‘oyasi ko‘plab mamlakatlar uchun barqaror kelajak qurishda muhim omil sifatida e’tirof etilmoqda. Dunyoda yuz berayotgan jiddiy ekologik va iqlim muammolari endilikda tobora keskin tus olayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Shu sababli ko‘plab davlatlar ushbu muammolarni hal qilishning yangi usullarini qo‘llamoqda, yashil iqtisodiyotni targ‘ib qilish va rivojlantirish esa eng ishonchli yechimlardan biri sifatida qaralmoqda. Bu nafaqat tabiiy ekotizimlarni asrash, balki kelajak avlodlar uchun ham yanada yaxshi istiqbolni ta’minlash imkonini beradi. Ushbu maqolada tezkor iqlim o‘zgarishining asosiy sabablariga e’tibor qaratilib, yashil iqtisodiyotga o‘tishning naqadar zarurligi ta’kidlanadi. Shuningdek, unda O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishda amalga oshirayotgan qadamlariga, mamlakatning maqsadlari, strategiyalari va tashabbuslari tahlil qilinadi. Rivojlanayotgan davlat sifatida O‘zbekiston ham issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ekologik sharoitlarni barqaror usullar orqali yaxshilash ustida faoliyat olib borayotgani yoritiladi.