Ushbu tadqiqotning maqsadi hududlarda amalga oshirilayotgan islomiy investitsiya loyihalarining kengayishiga taʼsir etuvchi omillarning bogʻliqligini oʻrganishga qaratilgan. Hududlarda islomiy investitsiya loyihalari miqdori va unga taʼsir etishi mumkin boʻlgan mustaqil omillarning 2004-yildan 2024-yilgacha vaqtli qatorlardagi maʼlumotlari tahlil qilingan. Tadqiqotimizda VAR modelidan foydalanildi. Tadqiqotimizning natijasiga koʻra, tanlab olingan mustaqil omillarning islomiy investitsiya loyihalariga qisqa muddatda ijobiy bogʻliqligi aniqlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlarini prognozlash zamonaviy iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon davlatlar, korxonalar va xalqaro tashkilotlar tomonidan uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish, resurslarni samarali taqsimlash va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish uchun qoʻllaniladi. Mazkur tadqiqot ishida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlarini prognozlashning nazariy jihatlari va metodologiyasi koʻrib chiqiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash hamda resurslarni jalb qilish strategiyalari tahlil qilinadi. Bank tizimining modernizatsiyasi, yangi moliyaviy vositalar va innovatsion yondashuvlar orqali mamlakatning iqtisodiy barqarorligi oshirilishi kerakligi koʻrsatilgan. Maqolada Oʻzbekiston bank tizimining asosiy muammolari, ularni bartaraf etishning zamonaviy usullari, shuningdek, xalqaro tajribalar asosida resurslarni jalb qilish imkoniyatlari va ularning mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyati muhokama qilinadi. Shu bilan birga, islohotlar orqali banklar va moliyaviy tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatish yoʻllari tavsiya etiladi.
Ushbu maqolada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tashkil etuvchi huquqiy jihatdan belgilangan maqsadlar majmui bayon etilgan. Bu maqsadlar qatoriga milliy valyuta barqarorligini ta’minlash, mamlakat aholisi daromadlarini oshirish, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, eksport hajmini oshirish, import qilinadigan tovarlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash; inflyatsiyaning o‘rtacha darajasini saqlab qolish, xalqimiz turmush darajasini oshirish, mamlakatimizni “o‘rtacha daromaddan yuqori” davlatlar qatoriga kiritish kabilar kiradi. Bu strategiya oldin qabul qilingan strategiyalardan farqli o‘laroq uzoq muddatga qabul qilinganligi va unda erishilishi kutilayotgan maqsadlarga hozirgi kunda qilinayotgan islohotlar chambarchas bog‘liqligi va mamlakatimiz iqtisodiyoti yildan yilga o‘sib borayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Maqolada globallashuv va raqamlashtirishsharoitida fan va ta’lim integratsiyasiga moslashuv asosida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonining sifatini oshirishga qaratilgan zamonaviy strategik yondashuvlar ko‘rib chiqilgan. Ta’lim tashkilotlarining rivojlanishiga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda, uzoq muddatli, moslashuvchan va kompleks strategiyalarni ishlab chiqish zarurligi asoslab berilgan.
Sun’iy intellekt (SI) tarixi hisoblash texnologiyalarining rivojlanishi va inson tafakkurini formallashtirishning yo‘llarini izlash bilan chambarchas bog‘liq. Tadqiqotlarga XX asrning birinchi yarmida matematiklar va mantiqchilarning ishlari asos solgan bo‘lsa-da, rasmiy boshlanish nuqtasi sifatida 1956-yildagi Dartmut konferensiyasi tan olinadi, aynan shu yerda “sun’iy intellekt” atamasi birinchi marta muomalaga kiritilgan. Maqola SI rivojlanishining Alan Tyuringning ishlarini o‘z ichiga olgan dastlabki nazariy yondashuvlardan tortib, texnik cheklovlar tufayli qiziqish so‘nishi bilan yakunlangan 1960–1970-yillarning "oltin davri"gacha asosiy bosqichlarini qamrab oladi. Alohida e’tibor 1980-yillarning ekspert tizimlari va ramziy SI davriga qaratilgan bo‘lib, ular sanoatda qo‘llanilganiga qaramay, kengaytirilishida qiyinchiliklarga duch kelgan. Taqdim etilgan sharh SI ning ilmiy intizom sifatida evolyutsiyasini kuzatish imkonini beradi va turli bosqichlardagi kutilmalar, muammolar hamda yutuqlarni aks ettiradi
Бухгалтерия ҳисоби субъектлари амалиётида асосий воситаларга амортизация ҳисоблаш ва ҳисобга олиш, дастлабки тан олишда ва ундан кейинги қайта баҳолаш, ҳаққоний қийматини аниқлаш, қадрсизланишини текшириш ҳамда уларга доир ахборотларни молиявий ҳисоботда тўғри ва ишончли акс эттириш масалаларига оид муаммолар кўзга ташланмоқда. Ушбу мақолада, биз асосий воситаларнинг амортизацияси ҳисобининг амалдаги ҳолати ва уни такомиллаштириш масаласига батафсил тўхталиб, уларни такомиллаштириш бўйича таклиф ва тавсиялар бериб ўтдик
Ushbu tadqiqot O‘zbekistonda xalqaro turizm, iqtisodiy o‘sish va CO₂ emissiyalari o‘rtasidagi uzoq va qisqa muddatli munosabatlarni 1991–2025 yillar davri uchun tahlil qiladi. Tadqiqotda Autoregressive Distributed Lag (ARDL) modeli qo‘llanilib, xalqaro turistlar oqimining atrof-muhit sifati va iqtisodiy rivojlanishga ta’siri baholanadi. Natijalar turizm sektorining iqtisodiy o’sishni rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, xalqaro turistlar sonining ortishi uzoq muddatda CO₂ emissiyalarining ko‘payishiga sabab bo‘lib, turizm faoliyatining ekologik oqibatlari mavjudligini tasdiqlaydi. Chegaraviy test (Bounds Test) natijalari o‘zgaruvchilar o‘rtasida uzoq muddatli muvozanat munosabatlari mavjudligini ko‘rsatadi. Tadqiqot O‘zbekistonda turizmni ekologik barqaror rivojlantirish, emissiyalarni kamaytirish va yashil turizm siyosatini shakllantirish bo‘yicha muhim ilmiy va amaliy tavsiyalar beradi. Natijalar iqtisodiy o‘sish va atrof-muhit muhofazasi o‘rtasida muvozanatni ta’minlash orqali turizm sektorining uzoq muddatli barqarorligini mustahkamlash zarurligini ta’kidlaydi
Ushbu maqolada yashil iqtisodiyot sharoitida iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi. Tadqiqotda iqtisodiy kengayish va ekologik muvozanat bir-biriga zid jarayonlar emas, balki uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlovchi o‘zaro bog‘liq rivojlanish omillari sifatida baholanadi. Maqolada qiyosiy tahlil, statistik kuzatuv va kichik tanlanmaga asoslangan OLS regressiya modeli qo‘llanilib, O‘zbekistonda YAIM o‘sishi, aholi jon boshiga CO2 emissiyasi va qayta tiklanuvchi energiya ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi munosabat o‘rganiladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, institutsional, texnologik va moliyaviy yashillashtirish mexanizmlari yetarlicha rivojlanmaganda iqtisodiy o‘sish ekologik bosim bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining kengayishi va ESG tamoyillarining kuchayishi ushbu bog‘liqlikni bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi
Maqolada “O‘zbekiston pochtasi” AJ va uning hududiy filiallarida 2020–2025-yillar davomida xizmatlar tarkibi, hududiy ko‘rsatkichlar va raqamlashtirish samaradorligi dinamikasi tahlil qilindi. Tadqiqotda statistik jadvallar, hududiy taqqoslashlar va integral samaradorlik ko‘rsatkichlari asos qilib olindi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, davriy nashrlar va yozma xat-xabarlar hali ham xizmatlar portfelida muhim o‘rin egallaydi, biroq ularning uzoq muddatli o‘sish salohiyati cheklangan. Elektron pul o‘tkazmalari ulushining keskin pasayishi pochta tizimining fintech va mobil bank xizmatlari bilan raqobatda qiymat taklifini qayta ko‘rib chiqishi zarurligini ko‘rsatadi. Aksincha, posilka jo‘natmalari, yetkazib berish tezligi, mijozlar qoniqishi va raqamli buyurtmalar ulushidagi ijobiy siljishlar pochta tizimini elektron tijorat logistikasi va raqamli platforma modeliga bosqichma-bosqich o‘tkazish imkoniyatini tasdiqlaydi. Maqolada hududiy klasterlash, minimal raqamli standartlar, KPI/SLA monitoringi va logistika-moliyaviy xizmatlar integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqildi
Ushbu maqolada O‘zbekiston pensiya tizimida pensiya yoshining demografik va makroiqtisodiy omillar bilan o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi pensiya yoshini isloh qilish zaruratini asoslash va uning fiskal barqarorlikka ta’sirini baholashdan iborat. Tadqiqotda statistik va qiyosiy tahlil, demografik yuklama koeffitsiyenti hisob-kitobi hamda sug‘urta staji va pensiya to‘lov davri o‘rtasidagi nisbat formulalari qo‘llanildi. Natijalar aholining qarishi va umr davomiyligining oshishi pensiya tizimiga uzoq muddatli fiskal bosimni kuchaytirayotganini ko‘rsatdi. Amaldagi parametrlar o‘rtasidagi nomutanosiblik tizim barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hisob-kitoblar pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish, minimal mehnat stajini kengaytirish va sug‘urta badallarini diversifikatsiya qilish tizimning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashini tasdiqlaydi
Ushbu maqolada O‘zbekiston hududlarida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlanishi, barqaror qishloq xo‘jaligida innovatsion faoliyat hamda boshqaruvi samaradorligi masalalari yoritib berilgan
Mazkur ilmiy maqolada atom elektr stansiyalaridan foydalanishning iqtisodiy afzalliklari va ularni nazorat qilish holati kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda atom energetikasining uzoq muddatli investitsiya xususiyati, kapital xarajatlar tuzilmasi, ekspluatatsiya samaradorligi va yuklama koeffitsientining iqtisodiy natijalarga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, atom elektr stansiyalarida xavfsizlik va nazorat tizimlarining iqtisodiy barqarorlikka ta’siri, xalqaro standartlar va milliy tartibga solish mexanizmlarining ahamiyati yoritilgan. Atom energetikasining iqtisodiy samaradorligi faqat tannarx ko‘rsatkichi bilan emas, balki hayotiy sikl xarajatlari, xavfsizlik omillari va energiya xavfsizligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi bo‘yicha ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Maqolada hududiy rivojlanish salohiyatini baholash va barqaror rivojlanish strategiyalarini shakllantirishning ilmiy asoslari yoritilib, “hududiy salohiyat” tushunchasi tabiiy, iqtisodiy, demografik, infratuzilmaviy hamda institutsional komponentlarning o‘zaro integratsiyasi sifatida talqin etiladi. Tadqiqotda hududiy salohiyatning dinamik xarakteri asoslanib, uni bir martalik hisob-kitob emas, balki muntazam monitoring va qayta baholashni talab qiluvchi jarayon sifatida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar (konsentratsiya, ixtisoslashuv, investitsiya oqimlari, tarmoqlar diversifikatsiyasi va ekologik cheklovlar) misolida differensial strategik yondashuv zarurligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Jadval tahlillari hududiy iqtisodiy transformatsiya jarayonlari va “o‘sish nuqtalari” shakllanishini ko‘rsatib, salohiyatni kompleks baholash strategik ustuvorliklarni aniq belgilash, resurslarni manzilli taqsimlash va barqaror rivojlanishning muvozanatli modelini ta’minlash uchun metodologik poydevor ekanligini tasdiqlaydi
Mazkur tadqiqotda 1980–2020 yillarni qamrab olgan yillik vaqt qatorlari ma’lumotlari asosida Turkiyada xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar (XTI)ning iqtisodiy o‘sishga sababiy ta’siri tahlil qilinadi. Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi sifatida aholi jon boshiga real yalpi ichki mahsulot (YaIM)dan foydalanilgan. Ma’lumotlar Jahon banki va TurkStat kabi nufuzli xalqaro manbalardan olingan bo‘lib, barcha o‘zgaruvchilar statistik tahlilga moslashtirish maqsadida logarifmlashtirilgan. Integratsiya tartiblari turlicha bo‘lgan o‘zgaruvchilar mavjudligi sababli, aralash integratsiya tartiblariga nisbatan barqaror bo‘lgan Toda–Yamamoto sababiylik yondashuvi qo‘llanildi. Qatorlarning stasionarligi Kengaytirilgan Dikki–Faller va Phillips–Perron testlari yordamida tekshirildi, optimal lag uzunligi esa axborot mezonlari asosida aniqlangan. Modelning mosligini ta’minlash uchun avtokorrelyatsiya, geteroskedastiklik va strukturaviy barqarorlik bo‘yicha diagnostik testlar o‘tkazildi. Empirik natijalar 1% ahamiyatlilik darajasida XTIdan iqtisodiy o‘sishga yo‘nalgan statistik jihatdan ahamiyatli bir tomonlama sababiylik mavjudligini, aks yo‘nalishda esa sababiylik aniqlanmaganligini ko‘rsatdi. Ushbu natijalar XTI nafaqat tashqi kapital manbai, balki unumdorlikni oshirish, bilim va texnologiyalar transferini ta’minlash hamda tarkibiy transformatsiyani rag‘batlantirish orqali iqtisodiy o‘sishning strategik omili sifatida namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Uzoq muddatli ma’lumotlar bazasidan foydalanish va makroiqtisodiy tuzilmani hisobga olish orqali tadqiqot rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda XTI va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha adabiyotlarga metodologik jihatdan asoslangan va kontekstual ahamiyatga ega hissa qo‘shadi
Ushbu maqolada sohani tubdan o‘zgartirish sharoitida O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l kompaniyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash mexanizmlari ko‘rib chiqiladi. Monopol modeldan raqobatbardosh bozorga o‘tishni tahlil qilib, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik va moliyaviy nazoratni raqamlashtirish usullariga e’tibor qaratadi. Keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish sharoitida likvidlilikni saqlab qolish uchun "unbundling" tizimini va uzoq muddatli moliyalashtirishning yangi vositalarini joriy etish zarurligi asoslangan
O‘zbekistonning innovatsion siyosati iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, resurslardan samarali foydalanish, yangi bozorlarni egallash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, bu borada qabul qilinayotgan strategiya va dasturlar mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga xizmat qiladi. Maqolada innovatsion siyosatning asosiy yo‘nalishlari, uning iqtisodiyot tarmoqlariga ta’siri hamda mavjud imkoniyatlar va muammolar ilmiy-analitik yondashuv asosida ko‘rib chiqiladi.
Ushbu tadqiqotda mintaqalar barqaror rivojlanishida iqtisodiy, moddiy hamda tabiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik bosimni kamaytiradigan innovatsion echimlarni joriy etishga bogʻliq takliflar tadqiq qilingan. Iqtisodiy resurs samaradorligini oshirish chiqindilarni kamaytirishga, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishga va xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi hamda shu bilan birga atrof-muhit va ekologik degradatsiyani kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, maqolada ilgʻor texnologik va tashkiliy innovatsiyalar qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish, aylanma iqtisodiy jarayonlar va ekologik toza ishlab chiqarish usullari uchun imkoniyatlar boʻyicha yondashuvlar taklif etilgan. Ushbu yondashuvlar mintaqada iqtisodiy oʻsishni va tabiiy ekotizimlarni saqlashni qoʻllab-quvvatlovchi muvozanatli strategiyaning asosini tashkil etishda ustuvorlikni taqdim etadi. Ushbu oʻzaro bogʻliqlikni oʻrganish innovatsiyalar va resurslar samaradorligini oshirish, uzoq muddatli ekologik va iqtisodiy barqarorlikka erishishning asosiy omillari sifatida talqin etilgan
Ushbu maqolada barqarorlik hisobotining asosiy mezonlari hamda xalqaro miqyosda keng qo‘llaniladigan standartlar — GRI (Global Reporting Initiative), IFRS S1 va IFRS S2, shuningdek TCFD (Task Force on Climate-related Financial Disclosures) tavsiyalari tahlil qilinadi. Barqarorlik hisobotining ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ko‘rsatkichlari orqali tashkilot faoliyatining uzoq muddatli barqarorligini baholashdagi o‘rni yoritib beriladi. GRI standartlarining manfaatdor tomonlar ehtiyojlariga yo‘naltirilganligi, IFRS S1 va S2 standartlarining moliyaviy ahamiyatga ega barqarorlik va iqlim bilan bog‘liq risk va imkoniyatlarni ochib berishga qaratilganligi hamda TCFD tavsiyalarining iqlimiy xavflarni boshqarishdagi roli ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot natijalari barqarorlik hisobotini shakllantirishda xalqaro standartlarning ahamiyatini aniqlashga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada davlat ishtirokidagi korxonalar moliyaviy barqarorligiga ta’sir qiluvchi omillar nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilindi. Tadqiqotda moliyaviy barqarorlikning iqtisodiy mohiyati hamda uning ichki va tashqi omillar bilan bog‘liqligi yoritildi. Moliyaviy barqarorlikka ta’sir etuvchi omillar moliyaviy va nomoliyaviy guruhlarga ajratilib, ularni tartibga solish mexanizmi ishlab chiqildi. Shuningdek, qarzlar va pul oqimlarini samarali boshqarish hamda investitsion siyosatni takomillashtirish korxonalarning to‘lovga qobiliyati va investitsion jozibadorligini oshirishini tasdiqladi. Olingan xulosalar davlat ishtirokidagi korxonalar uchun uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqishda amaliy ahamiyatga ega
XX–XXI asrlar bo‘sag‘asida jahon xo‘jaligida rivojlangan mamlakatlar yetakchi o‘rin egallab, ular asosan Yevropa va Shimoliy Amerikada joylashgan. «Katta yettilik» (keyinchalik «katta sakkizlik») mamlakatlari iqtisodiy rivojlanishi tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda uzoq muddatli ilmiy-texnik taraqqiyot bilan belgilanadi. Ushbu davlatlarda resurs tejamkorligi va energetik samaradorlik ustuvor ahamiyat kasb etadi. Masalan, AQShda XX asr davomida ishlab chiqarish hajmlarining sezilarli o‘sishi kuzatilgan. Shu bilan birga, sanoat rivojlanganiga qaramay, narxlar darajasining yuqoriligi xizmatlar sohasi kengayishi va ilmiy-texnik inqilobga asoslangan yangi tarmoqlarning shakllanishi bilan izohlanadi.
Maqola ta’lim xizmatlari bozorining ishlash mexanizmi, uning asosiy tarkibiy unsurlari talab, taklif, narx va raqobatning o‘zaro ta’siri hamda bozor muvozanatini shakllantirishdagi rolini chuqur tahlil qiladi. Tadqiqotda talab va taklifga ta’sir etuvchi narxli va narxsiz omillar aniq ajratib ko‘rsatilgan, shuningdek, ta’lim bozorining birlashtiruvchi, taqsimlovchi, rag‘batlantiruvchi kabi o‘ziga xos funksiyalari ochib berilgan. Muallifning fikricha, bozor mexanizmi resurslarni samarali taqsimlashga, mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga yo‘naltiradi, biroq axborot assimetriyaligi va iste’molchilarning uzoq muddatli manfaatlarni anglamasligi kabi salbiy tomonlari ham mavjud
Ушбу мақолада мамлакат аҳолисининг турмуш даражасини ва умумий фаровонлигини оширишда сифатли иқтисодий ўсишнинг ҳал қилувчи роли кўриб чиқилган. Маълумки, ялпи ички маҳсулотдаги йиллар мобайнидаги ижобий динамика фақатгина иқтисодий кўрсаткичларнинг миқдорий ўсишини ўзида ифодалайди. Бироқ, сифатли иқтисодий ўсиш ундан фарқли равишда ишлаб чиқариш, технологик инновациялар, инсон капиталини ривожлантириш ва ижтимоий тенгликдаги таркибий яхшиланишларни алоҳида кўриб чиқиш имконини беради. Тадқиқот барқарор ва инклюзив ўсиш шакллари қашшоқликни камайтириш, ижтимоий барқарорлик ва узоқ муддатли миллий фаровонликка қандай ҳисса қўшаётганини кўрсатиб ўтади. Мақолада турли даражадаги иқтисодларнинг назарий асослари ва амалий мисоллари таҳлил қилиниб, иқтисодий кенгайиш сифати бойликни адолатли тақсимлашни таъминлаш ва аҳолининг ҳаётдан қониқиш даражасини оширишнинг ҳал қилувчи омили эканлигини очиб беради.