Ushbu maqolada alternativ moliya bozorining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan “Islom darchalari” faoliyatining mamlakatlar moliyaviy sektoriga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqotda “Islom darchalari” konsepsiyasi, ularning an’anaviy banklar tarkibida tashkil etilishining iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy inklyuzivlikni oshirishdagi roli va Shariat tamoyillariga mos xizmatlarni taqdim etish orqali bozor talabiga javob berish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, ushbu mexanizmning rivojlanayotgan mamlakatlardagi bank sektori barqarorligiga va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ta’siri tahlil qilinadi. Maqola tajriba asosidagi empirik natijalar va nazariy yondashuvlarni birlashtirgan holda “Islom darchalari”ning global moliyaviy bozordagi istiqbollarini ham yoritadi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etish zarurati, mavjud huquqiy asoslar va institutsional muhit keng qamrovda o‘rganiladi. Islom moliyasi shariat talablariga asoslangan holda iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni ko‘zda tutadi va aynan shu xususiyati uni ribo, maysir va g‘arar kabi taqiqlangan elementlardan holi qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyotida bu yo‘nalish yangi bo‘lishiga qaramay, aholining diniy e’tiqodiga mos, adolatli va barqaror moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Maqolada islom moliyasining asosiy tamoyillari, sukuk, mudoraba, mushoraka kabi moliyaviy vositalarning mohiyati va ularni yuritishda zarur bo‘lgan huquqiy mexanizmlar tahlil qilinadi. Shuningdek, mavjud qonunchilikda kuzatilayotgan bo‘shliqlar, regulyator organlar faoliyatining yetarli darajada shakllanmaganligi va xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston uchun mos keluvchi institutlar modeli muhokama qilinadi. Natijada, mamlakatda islom moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha konseptual takliflar ilgari suriladi.
Мақолада консолидациялашган молиявий ҳисоботларни (кейинги ўринларда – КМҲ) Молиявий ҳисоботнинг халқаро стандартлари (кейинги ўринларда – МҲХС) талаблари асосида тайёрлаш жараёнида учрайдиган муаммолар институционал, методик ва ташкилий жиҳатдан таҳлил қилинган. Тадқиқотда КМҲ, алоҳида корхоналар ҳисоботини моддама-модда жамлаш амалиётидан кўра кенгроқ тизим сифатида талқин қилиниб, гуруҳ даражасидаги иқтисодий муносабатлар, консолидациялашган корхоналар устидан назоратни амалга ошириш механизми, консолидациялаш учун зарур ахборот тизими ва интеграциялашган ҳисоб сиёсатини ташкил этиш масалалари ўрганилди. Мақолада Ўзбекистон шароитида консолидациялаш жараёнида учрайдиган асосий амалий муаммолар, яъни назоратни баҳолашдаги формал ёндошувлар, ягона гуруҳ ҳисоб сиёсатини қўллаш ва гуруҳ ичидаги операцияларни ўзаро бартараф этиш (элиминация) билан боғлиқ муаммолар, саёз маълумотлар базаси ва кадрлар салоҳиятининг етарли эмаслиги каби омиллар ўрганиб чиқилган. Мазкур муаммолар бешта асосий гуруҳ (меъёрий-институционал, ташкилий-бошқарув, методик, техник ва кадрлар)га ажратилди, ва уларнинг таҳлили натижасида муаллиф томонидан диагностика модели таклиф этилди. Шунингдек, консолидациялаш периметрини аниқлаш, гуруҳ ҳисоб сиёсатини стандартлаштириш, маълумотлар базасини модернизация қилиш ва инсон капитали салоҳиятини ошириш бўйича амалий тавсиялар ишлаб чиқилди. Тадқиқот натижалари Ўзбекистонда консолидациялашган молиявий ҳисоботларни тайёрлашни такомиллаштириш, корпоратив бошқарув шаффофлигини ошириш ва ҳисобот тузувчи корпоратив гуруҳларни халқаро молиявий бозоргага интеграциялашув жараёнини чуқурлашишига хизмат қилади
Mazkur maqolada yashil moliyalashtirishning nazariy asoslari, mazmuni, ahamiyati hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi o‘rni tahlil qilingan. Tadqiqot doirasida yashil moliyalashtirish tushunchasiga berilgan turli ilmiy yondashuvlar umumlashtirilib, uning iqlim o‘zgarishini yumshatish va moslashuv jarayonlaridagi ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, yashil moliyalashtirishning asosiy yo‘nalishlari, moliyaviy instrumentlari hamda global yashil moliya bozorining rivojlanish tendensiyalari tahlil etilgan. Tadqiqot natijalari yashil moliyaning ekologik barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlikni ta’minlashdagi muhim strategik mexanizm ekanini ko‘rsatadi hamda ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha xulosalar va takliflar ishlab chiqilgan.
Мазкур мақолада тижорат банклари фаолиятида капитал етарлилиги ва молиявий барқарорликнинг молия бозоридаги рақобатбардошликка таъсири таҳлил қилинган. Тадқиқотда банк тизимида капитал етарлилиги коэффициентлари, рискларни бошқариш механизмлари ва банклар молиявий барқарорлигини таъминлашнинг институционал асослари ўрганилди. Халқаро молиявий стандартлар, жумладан Basel III талаблари асосида банк капитали ва рақобатбардошлик ўртасидаги ўзаро боғлиқлик таҳлил қилинди. Тадқиқот натижалари банклар молиявий барқарорлигини таъминлаш рақобат муҳитини мустаҳкамлашда муҳим омил эканлигини кўрсатди
Mazkur tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moliya bozorida dualistik moliyaviy tizimning joriy etilishi orqali instrumentlararo, institutlararo, sektorlararo va tizimlararo raqobatning shakllanish jarayonini tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda sifat yondashuvi asosida dualistik modelning institutsional, huquqiy va iqtisodiy muhitga ta’siri hamda ushbu tizimning raqobatni kuchaytirishdagi imkoniyatlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, moliya bozorida diversifikatsiya yetarli darajada shakllanmagani, moliyalashtirish manbalari deyarli to‘liq bank tizimiga tayanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, dualistik moliya tizimi raqobatning yangi shaklini tizimlararo raqobatni vujudga keltirishi, moliyaviy xizmatlar segmentida samaradorlikni oshirishi va moliya bozorining diversifikatsiyasiga xizmat qilishi aniqlangan. Ushbu tizimning tatbiqi uchun zarur institutsional shart-sharoitlar, infratuzilma talablari va bozorni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar asoslab berilgan