Ushbu tadqiqot O‘zbekiston Respublikasida import, eksport va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi sabab-oqibat bog‘liqligini vaqt qatori ma’lumotlari va zamonaviy ekonometrik uslublar asosida o‘rganadi. Empirik tahlil Augmented Dickey-Fuller (ADF) testi orqali o‘zgaruvchilarning birlik ildizga ega ekanligi yoki yo‘qligini aniqlashdan boshlandi, so‘ngra o‘zgaruvchilar o‘rtasidagi uzoq muddatli muvozanat aloqalarini aniqlash uchun Johansen kointegratsiya testi qo‘llanildi. Qisqa va uzoq muddatli sababiy bog‘liqliklarni aniqlash uchun Vektor Xatolik Tuzatish Modeli (VECM) ishlatildi. Natijalar importdan eksportga qarab bir yo‘nalishli sababiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi, ya’ni import faoliyatidagi o‘zgarishlar eksport natijalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot shuningdek, import va iqtisodiy o‘sish hamda eksport va iqtisodiy o‘sish o‘rtasida ikki yo‘nalishli (o‘zaro) bog‘liqlik mavjudligini aniqlaydi. Ushbu natijalarning ahamiyati shundaki, savdoning har ikkala tarkibiy qismi-import va eksport-O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Natijalar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga erishish uchun import o‘sishini ham, eksportni rag‘batlantirishni ham qamrab oluvchi muvozanatli savdo siyosatining muhimligini ta’kidlaydi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston tashqi savdosining geografik yo‘nalishlari va ularning so‘nggi yillardagi rivojlanish tendensiyalari tahlil qilingan. MDH, SHHT, YeOII, Yevropa Ittifoqi hamda boshqa xalqaro iqtisodiy hamkorlik tuzilmalari doirasidagi savdo aloqalarining holati baholangan. Tahlillar natijasida O‘zbekiston eksportida Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Turkiya yetakchi o‘rinlarni egallashi, shu bilan birga yangi bozorlarni o‘zlashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish tendensiyasi kuchayib borayotgani aniqlangan. Tadqiqot yakunida tashqi savdo samaradorligini oshirish, eksport tarkibini diversifikatsiya qilish va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni kuchaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu tadqiqot Global innovatsion indeks (GII) ma’lumotlariga asoslanib, O‘zbekistonning 2020-2025-yillardagi innovatsion samaradorligini baholaydi hamda uni jahon yetakchilari (Shveysariya, Shvetsiya, AQSH), rivojlanayotgan mamlakatlar (Hindiston, Vetnam, Marokash) va mintaqaviy hamkorlar (Qozog‘iston, Ozarbayjon) bilan taqqoslaydi. O‘zbekistonning umumiy GII reytingi 2025-yilda 79-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa-da, uning innovatsion natijalari kiritilgan resurslardan ancha past bo‘lib qolmoqda, natijada o‘rtacha samaradorlik farqi 23-pog‘onani tashkil etmoqda. Hindiston, Vetnam va Marokash o‘zlarining resurs darajasiga nisbatan kutilganidan yaxshiroq natijalarga erishayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘z salohiyatidan past natijalarni ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston uchun asosiy muammo investitsiyalar darajasi emas, balki ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini tijoratlashtirishning cheklanganligi, sanoat va ilmiy-tadqiqot sohalari o‘rtasidagi aloqalarning zaifligi hamda yuqori texnologiyali eksportning pastligi tufayli resurslarni natijalarga aylantirishning sekinligidir. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston innovatsion iqtisodiyotni barpo etish uchun tanlangan tarmoqlarga maqsadli xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va venchur moliyalashtirish orqali milliy innovatsion tizimni muvofiqlashtirishni takomillashtirishi lozim
Ushbu maqolada O‘zbekistondagi charm sanoati misolida sanoat korxonalari samaradorligini oshirishning tashkiliy va iqtisodiy mexanizmi ko‘rib chiqiladi. Sanoatning hozirgi holatini tahlil qilish asosida (2024-yilda ishlab chiqarish hajmi 3,8 trillion so‘m, eksport 42,8 million dollar) texnologik qoloqlik, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarning past ulushi, xom ashyo eksporti uchun samarasiz soliq va bojxona siyosati va malakali kadrlar yetishmasligi kabi asosiy muammolar aniqlangan. Ushbu mexanizmni takomillashtirish yo‘nalishlari taklif qilingan, jumladan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni optimallashtirish, chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, texnologik modernizatsiya qilish va inson resurslarini rivojlantirish. Ushbu takliflarni amalga oshirish 2030-yilga kelib eksportni 320 million dollarga yetkazish va xalqaro bozorda o‘zbek charmining raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi
Maqolada qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashishning Oʻzbekistonning xomashyosiz eksportiga ta’siri empirik jihatdan tahlil qilinadi. Globallashuv va xalqaro raqobatning kuchayishi sharoitida institutsional muhit tashqi savdo raqobatbardoshligining muhim omillaridan biri hisoblanadi. 2001–2022 yillarni qamrab olgan panel ma’lumotlar va kengaytirilgan gravitatsion savdo modeli asosida korrupsiyani nazorat qilish hamda qonun ustuvorligi ko‘rsatkichlarining xomashyosiz eksport hajmlariga ta’siri baholanadi. Tadqiqot natijalari qonun ustuvorligi va korrupsiya bilan kurashish eksport hajmlariga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi. Olingan xulosalar eksportni diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini rivojlantirish institutsional islohotlarsiz mumkin emasligini ko‘rsatadi
Mazkur maqolada O‘zbekiston eksport diversifikatsiyasining joriy holati va uni innovatsiyalar orqali rivojlantirish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Tadqiqotda eksport diversifikatsiyasi indekslari, “Revealed Comparative Advantage” (RCA) va “Product Space” metodologiyalaridan foydalanilgan. Tahlil natijalari O‘zbekiston eksportida an’anaviy mahsulotlar ustunligini saqlab qolayotganini, biroq innovatsion rivojlanish, inson kapitali va ishlab chiqarish salohiyatini kuchaytirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga o‘tish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi. Tadqiqot natijalari eksport siyosatini takomillashtirish va innovatsiyalar asosida tarkibiy transformatsiyani jadallashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi
Ushbu maqola Yangi O‘zbekistonni xorij mamlakatlari va mintaqalararo xalqaro miqyosda rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, davlatlar iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan strategiyalar va amaliyotlari haqida yoritib berilgan. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Xitoy, Rossiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi kabi yirik davlatlar va tashkilotlar bilan keng ko‘lamli hamkorlik aloqalarini rivojlantirib kelmoqda. Maqolada mamlakatimizning jahon iqtisodiyotidagi hissasi, import va eksport ulushi hamda xalqaro munosabatlarda tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.
Ushbu tadqiqotning asosiy maqsadi O‘zbekistonda agrar sektorga jalb qilingan investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini baholashdan iborat. Tadqiqotda 2000- 2024-yillar davomida yig‘ilgan statistik ma’lumotlar asosida Autoregressive Distributed Lag modeli qo‘llanildi. Tahlil natijalari agrar sektorga investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga ijobiy va ahamiyatli ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. Shuningdek, agrar eksport va mehnat resurslari ham iqtisodiy o‘sishga ta’sir qiluvchi muhim omillar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Tadqiqot natijalari agrar sektorga investitsiyalarni rag‘batlantirish orqali barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash zarurligini ko‘rsatadi
Maqolada O‘zbekistonda kichik biznes subyektlarining iqtisodiy faoliyati, ularning soha va hududlar kesimidagi rivojlanish dinamikasi hamda tarkibiy o‘zgarishlari ilmiy jihatdan tahlil etilgan. Kichik biznesning milliy iqtisodiyotdagi strategik ahamiyati xususan, yalpi ichki mahsulotdagi ulushi, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishtiroki va aholining bandligini ta’minlashdagi o‘rni ushbu tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyatini belgilab beradi. Tadqiqot jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Statistika agentligining ma’lumotlari asosida kichik biznes subyektlarining iqtisodiy ko‘rsatkichlari dinamikasi tahlil qilingan. Xususan, YaIMdagi hissasi, eksportdagi ishtiroki hamda sohalar kesimidagi rivojlanish yo‘nalishlari o‘rganilgan. Shu bilan birga, mavjud muammolar va ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy va strategik tavsiyalar ishlab chiqilgan. Maqolada keltirilgan xulosalar va tavsiyalar milliy iqtisodiyotda kichik biznes subyektlarining samaradorligini oshirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Мақолада Ўзбекистон миллий маҳсулотларини электрон тижорат орқали экспорт қилиш муаммолари алоҳида таҳлил этилган, соҳанинг мазмун-моҳияти, ривожланиш истиқболлари, ҳуқуқий асослари, электрон тижорат хизматлар соҳаси сафатида иқтисодиётимиздаги ўрни ва Ўзбекистонда миллий маҳсулотларни экспорт қилиш ҳажмини ошириш соҳасидаги муаммолар ва унинг ечими борасидаги таклифлар келтирилган.
Maqolada mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida hududlar eksportining dinamikasi va hozirgi holati, uning tarkibiy o‘zgarishlari tahlil qilingan. Shuningdek, eksportni diversifikatsiyalash va barqarorligini ta’minlash masalalari tahlil qilingan. 2014-2024 yillar bo‘yicha statistik ma’lumotlar asosida Surxondaryo viloyati eksport dinamikasi tahlil qilingan, ARIMA modeli yordamida 2025-2030 yillarga prognozlar ishlab chiqilib, eksport hajmining o‘sish tendensiyasi aniqlangan. Shuningdek, eksport tarkibini kengaytirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish, raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali eksportni rivojlantirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Ushbu maqolada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tashkil etuvchi huquqiy jihatdan belgilangan maqsadlar majmui bayon etilgan. Bu maqsadlar qatoriga milliy valyuta barqarorligini ta’minlash, mamlakat aholisi daromadlarini oshirish, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, eksport hajmini oshirish, import qilinadigan tovarlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash; inflyatsiyaning o‘rtacha darajasini saqlab qolish, xalqimiz turmush darajasini oshirish, mamlakatimizni “o‘rtacha daromaddan yuqori” davlatlar qatoriga kiritish kabilar kiradi. Bu strategiya oldin qabul qilingan strategiyalardan farqli o‘laroq uzoq muddatga qabul qilinganligi va unda erishilishi kutilayotgan maqsadlarga hozirgi kunda qilinayotgan islohotlar chambarchas bog‘liqligi va mamlakatimiz iqtisodiyoti yildan yilga o‘sib borayotganini ko‘rishimiz mumkin.