Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Mazkur maqolada korxona faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida boshqaruv hisobi tizimini zamonaviy tahlil usullari asosida rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Boshqaruv hisobini an’anaviy hisob tizimidan boshqaruv qarorlarini qabul qilishni analitik jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi vositaga aylantirish zarurati asoslab berilgan. Tadqiqotda umumilmiy va iqtisodiy-statistik usullar, jumladan, tahlil, sintez, qiyosiy tahlil hamda ekonometrik modellashtirish usullaridan foydalanilgan.Korxona faoliyati samaradorligining integral ko‘rsatkichiga boshqaruv hisobi tizimi rivojlanganlik darajasi, analitik usullardan foydalanish hamda hisob jarayonlarining raqamlashtirilganlik darajasining ta’sirini baholash uchun ko‘p omilli regressiya modeli taklif etilgan. Tadqiqot natijalari o‘rganilgan omillar bilan samaradorlik o‘rtasida barqaror ijobiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi, bunda eng katta ta’sir zamonaviy analitik vositalar (KPI, omilli va marjinal tahlil) hissasiga to‘g‘ri keladi. Olingan natijalar asosida boshqaruv hisobi tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi, jumladan KPI tizimini joriy etish, analitik vositalarni rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish. Taklif etilgan yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish boshqaruv qarorlarining sifatini oshirish, xarajatlarni optimallashtirish hamda korxonaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi
Maqola “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional islohotlar yo‘nalishining asosiy ko‘rsatkichlarini ta’minlash nuqtai nazaridan sanoat korxonalarida budjetni boshqarish tizimini joriy etishning ahamiyatiga bag‘ishlangan. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda sanoat siyosati va texnologik modernizatsiya roliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maqolada shuningdek, sanoat korxonalari samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va strategik maqsadlarni boshqariladigan va samarali jarayonga aylantirish vositasi sifatida budjetni boshqarish tizimini joriy etishni asoslangan dalillari keltirilgan