Maqolada oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy resurslarni boshqarish natijadorligini belgilovchi omillar tizimi tadqiq etilgan. Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt mablag‘larining o‘zaro nisbatidagi o‘zgarishlar, tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni moliyalashtirish zarurati moliyaviy boshqaruvning sifat jihatidan yangilanishini talab qiladi. Tadqiqotning maqsadi moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va nazorat qilishga ta’sir ko‘rsatadigan omillarni tizimlashtirish hamda ularni integral baholash metodikasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli yondashuv, normativ-huquqiy hujjatlarni qiyosiy tahlil qilish, indikatorlar usuli, analitik ierarxiyalar jarayoni (AHP), normalizatsiya va sezgirlik tahlili usullaridan foydalanildi. Natijada omillar beshta o‘zaro bog‘liq blokka, institutsional-huquqiy sharoit, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, ichki moliyaviy boshqaruv sifati, resurslarni taqsimlash samaradorligi hamda shaffoflik va moliyaviy risklarni boshqarish bloklariga ajratildi. Mazkur bloklar asosida OTM moliyaviy resurslarini boshqarish samaradorligi indeksi taklif etildi. Indeks OTMning moliyaviy barqarorligi va rivojlanish salohiyatini diagnostika qilish, ustuvor xarajat yo‘nalishlarini tanlash hamda boshqaruv qarorlarining asoslanganligini oshirishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalari OTMning o‘rta muddatli moliyaviy rejasini shakllantirish, budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha mas’uliyat markazlarini joriy etish hamda ichki monitoring panelini yaratishda qo‘llanishi mumkin
Maqolada islom buxgalteriya hisobining mazmuni yoritilgan. Islom buxgalteriya hisobini an’anaviy buxgalteriya hisobi bilan solishtirish orqali uning mohiyatini kengroq ochib berishga harakat qilingan. Islom buxgalteriyasiga oid turli olimlar tomonidan berilgan ta’riflar keltirilgan va tahlil qilingan. Islom buxgalteriyasini to‘liq tushunish maqsadida islom moliyaviy tizimining asosiy xususiyatlariga ham to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, buxgalteriya hisobotidagi mavjud hisobotlar hamda unga qo‘shimcha tarzda islom buxgalteriyasida qo‘shilgan hisobot shakllari yoritilgan. Buxgalteriya balansi hamda moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotlardagi qo‘shimcha bandlarning yuzaga kelish sabablari, ushbu bandlarda yoritiluvchi balans moddalari hamda foyda va zararga tegishli bo‘lgan moliyaviy operatsiyalarning tavsifi berilgan. Xulosa qismida, islom buxgalteriyasi va an’anaviy buxgalteriya vazifalaridagi farqli jihatlar ta’kidlab o‘tilgan
Maqolada oliy ta’lim muassasalariga berilgan moliyaviy va akademik mustaqillikning huquqiy asoslari tahlil qilingan, amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlar aniqlangan va ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda oliy ta’lim muassasasining “byudjet tashkiloti” maqomi bilan berilgan mustaqillik o‘rtasidagi huquqiy nomuvofiqlik asoslab berilgan. Muallif tomonidan oliy ta’lim muassasasi uchun “daxlsiz jamg‘arma (endowment fund)” institutini huquqiy tartibga solish modeli taklif etilib, uning asosiy elementlari korpusning daxlsizligi, sarflash tartibi, homiylar uchun soliq rag‘batlari va boshqaruv mexanizmi belgilangan. Mazkur institut moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash va muassasaning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlashning strategik vositasi sifatida asoslangan
Ushbu maqolada sohani tubdan o‘zgartirish sharoitida O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l kompaniyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash mexanizmlari ko‘rib chiqiladi. Monopol modeldan raqobatbardosh bozorga o‘tishni tahlil qilib, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik va moliyaviy nazoratni raqamlashtirish usullariga e’tibor qaratadi. Keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish sharoitida likvidlilikni saqlab qolish uchun "unbundling" tizimini va uzoq muddatli moliyalashtirishning yangi vositalarini joriy etish zarurligi asoslangan
Мазкур мақолада Ўзбекистондаги молия институтларининг солиққа тортилишини тартибга солувчи меъёрий-ҳуқуқий базалар таҳлил қилинади. У жорий солиқ сиёсатини ўрганади, муаммоларни аниқлайди ва солиқ самарадорлигини ошириш, молия сектори ўсиши ва қонунчиликка риоя қилишни таъминлаш бўйича тавсиялар беради.
Mazkur maqolada O‘zbekiston sharoitida mahallalarda tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ilmiy-iqtisodiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda mahalla institutining hududiy iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni, aholi bandligini ta’minlash va mahalliy resurslardan samarali foydalanishdagi ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, hunarmandchilik faoliyatini bozor infratuzilmasi bilan integratsiya qilish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Maqolada keltirilgan xulosa va takliflar mahalliy darajada kichik biznes va hunarmandchilikni barqaror rivojlantirishga xizmat qilib, davlat va mahalla boshqaruvi organlari faoliyatida amaliy ahamiyat kasb etadi