Bugungi kunda ta’limning raqamli ekotizimi shakllanib borayotgan sharoitda pedagoglarning kasbiy faoliyatini ishonchli va obyektiv baholashni ta’minlaydigan innovatsion diagnostika mexanizmlarini ishlab chiqish dolzarb ilmiy vazifalardan biri hisoblanadi. Mazkur maqolada pedagoglarning kasbiy faoliyatini baholashning multimodal diagnostik modeli nazariy va amaliy jihatdan asoslangan. Tadqiqot davomida kompetensiyaviy, tizimli, faoliyatli va raqamli pedagogika yondashuvlari integratsiyasi asosida baholash mezonlari hamda ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari, elektron portfolio, ta’limni boshqarish tizimlari (LMS), videodarslar tahlili va raqamli faoliyat izlari asosida pedagoglarning kasbiy rivojlanishini kompleks monitoring qilish imkoniyatlari yoritildi. Muallif tomonidan ishlab chiqilgan “MuhandislikWeb” axborot tizimi va “Muhandislar hisobi” moduli baholash jarayonini avtomatlashtirish, diagnostika natijalarining ishonchliligini oshirish hamda pedagoglarning individual kasbiy rivojlanish traektoriyasini shakllantirishga xizmat qilishi asoslab berildi. Tajriba-sinov natijalari taklif etilgan multimodal diagnostik modelning amaliy samaradorligini tasdiqlab, uning oliy ta’lim muassasalarida pedagog kadrlar faoliyatini baholash va boshqarish tizimini takomillashtirishda samarali vosita bo‘lishini ko‘rsatdi.
Maqolada pedagogika texnikumlarida o‘quv-bilish faoliyatini amaliyotga yaqinlashtirish maqsadida “Teaching Factory” elementlarini joriy etish tajribasi tahlil qilindi. Tadqiqot 5 texnikumda 12 hafta davomida olib borilib, 60 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Eksperimental guruhda mini-loyiha, demo-dars, real buyurtmaga asoslangan topshiriqlar va portfel baholash kabi komponentlar joriy qilindi. Natijalar kreativ fikrlash, muammoni hal qilish, jamoaviy hamkorlik, raqamli savodxonlik va refleksiya kompetensiyalarida 24–31 foiz o‘sishni ko‘rsatdi. SPSS tahlilida p<0.001 va Cohen’s d yuqori qiymatlar modelning ta’sirchanligini tasdiqladi. Olinan xulosalar Teaching Factory modelini pedagogika texnikumlari uchun samarali o‘quv texnologiyasi sifatida joriy etish zarurligini ko‘rsatadi.
Ushbu maqolada oliy oʻquv taʼlim muassasalarida ingliz tilini oʻrganishda tanqidiy fikrlash va madaniyatlararo kompetensiyani rivojlantirish muhimligi muhokama qilinadi. Muallifning fikriga koʻra amaldagi EFL darsliklari (ingliz tili chet tili sifatida) koʻpincha madaniy bilimlarni statik faktlar sifatida taqdim etadi, bunday yondashuv esa oʻz navbatida tahliliy va tanqidiy fikrlashni cheklashi mumkin hamda anʼanaviy oʻqitish usullari koʻnikmalarni rivojlantirishga toʻsqinlik qiladi. Tadqiqotda tanqidiy fikrlashni hamda madaniyatlararo kompetensiyani rivojlantirish uchun amaldagi oʻquv qoʻllanmalari, darsliklarni qayta koʻrib chiqish, oʻqituvchilar malakasini oshirish va muqobil baholash tizimini joriy etish zarurligi taʼkidlangan.