Maqolada O‘zbekiston iqtisodiyotining holati va uni innovatsion mahsulotlarni yaratish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq holda yanada rivojlantirishning dolzarbligi qisqacha tavsiflangan. Startap tashabbuslarining eng yuqori konsentratsiyasi IT, FinTech, Elektron tijorat, EdTech, AgriTech, MedTech kabi sohalarda kuzatilgan. Startaplar va resurslarning aksariyati Toshkent shahri va yirik shaharlarda Samarqand, Buxoro va Farg‘onada joylashgan. Mamlakat va uning mintaqalarida to‘laqonli startap ekotizimini shakllantirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar ko‘rsatilgan. Startaplarni moliyalashtirish muammosiga alohida e’tibor qaratilgan. Startapni rivojlantirishning dastlabki bosqichida investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning sustligi, venchur infratuzilmasi va venchur kapital uchun huquqiy asosning pastligi ta’kidlangan. O‘zbekistonda startap ekotizimining evolyutsiyasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan boshlab, venchur fondlarining davlat tizimini yaratish bilan yakunlangan holda taqdim etilgan. O‘zbekistonda startap ekotizimining rivojlanishi huquqiy asosni takomillashtirish, qulay biznes infratuzilmasini yaratish va moliyaviy va huquqiy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish zarurati bilan bog‘liq. O‘zbekistonda innovatsiya va startap ekotizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar tizimlashtirilgan.
Ushbu tadqiqotda Qashqadaryo viloyati misolida 2010–2025 yillar oralig‘idagi statistik ma’lumotlar asosida iqtisodiy o‘sishning endogen omillari neyro-fuzzy (ANFIS) va ko‘p qatlamli sun’iy neyron tarmoq (MLP) modellarida baholandi. Aholi daromadlari, an’anaviy va raqamli infratuzilma asosiy omillar sifatida tanlandi. ANFIS modeli yuqori aniqlikka (R² = 0.977; RMSE = 0.40; MAPE = 7.8%) erishib, iqtisodiy o‘sishdagi murakkab nochiziqli bog‘liqliklarni samarali aks ettirdi. Raqamli infratuzilma va daromadlar o‘rtasidagi kuchli sinergiya 3D sirt grafigi orqali tasdiqlandi. MLP modelining natijalari esa nisbatan pastroq bo‘ldi. Tadqiqot raqamli infratuzilmani kengaytirish va endogen tahlil yondashuvlarini strategik rejalashtirishda qo‘llash muhimligini ko‘rsatadi
Ushbu maqolada mintaqa tarmoqlarini innovatsion rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqot davomida hududiy iqtisodiyotda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda raqobatbardoshlikni kuchaytirish masalalari o‘rganildi. Maqolada mintaqa tarmoqlarining rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar, zamonaviy innovatsion yondashuvlar va xorijiy tajribalar asosida istiqbolli yo‘nalishlar yoritilgan. Tadqiqot natijasida hududlarda innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, investitsion muhitni yaxshilash va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Mazkur maqola mintaqaviy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi
Mintaqa iqtisodiyotining barqaror va inklyuziv rivojlanishini taʼminlash zamonaviy makro va mikrosiyosatning markaziy masalalaridan biridir. Ushbu maqolada mintaqaviy rivojlanishni iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional omillar nuqtai nazaridan tushunish hamda ularni ekonometrik modellashtirishning nazariy asoslari sistematik tahlil qilinadi. Tadqiqotning asosiy vazifasi hududiy darajadagi rivojlanish jarayonlarini izohlovchi hamda prognozlovchi matematik-iqtisodiy modellarni tanlash va ularni nazariy jihatdan asoslashdan iborat. Ilmiy-tadqiqot ishida iqtisodiy o‘sishni belgilovchi endogen va ekzogen ko‘rsatkichlar (YAIM/GRDP, sanoat va xizmatlar hajmi, investitsiyalar, bandlik, daromadlar, infratuzilma va institutsional indikatorlar) tavsiflanadi va ularning o‘zaro bog‘liqligi nazariy platformada (neoklassik, institutsional va evolyutsion iqtisodiyot yondashuvlari) joylashtiriladi.