Ushbu maqolada mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni prognozlashda zamonaviy yondashuvlar, jumladan iqtisodiy-matematik modellar, sun’iy intellekt va geoaxborot texnologiyalarining qo‘llanilishi tahlil qilingan. Tadqiqotda barqaror rivojlanishni ta’minlashda integratsiyalashgan indikatorlar, maqsadli va empirik yondashuvlar uyg‘unligining ahamiyati yoritilgan. Hududlararo nomutanosibliklarni kamaytirish, investitsion faollikni kuchaytirish hamda siyosiy qarorlar uchun ishonchli prognozlar tayyorlash muhim ilmiy-amaliy vazifa sifatida baholangan. Shu orqali prognozlash va rejalashtirish jarayonlari strategik boshqaruvning ilmiy asosini tashkil etishi asoslab berilgan.
Mazkur tadqiqot Oʻzbekistonda toʻgʻri soliqlarni prognozlash metodologiyasini takomillashtirish amaliyotining hozirgi holatini tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotda foyda soligʻi, jismoniy shaxslar daromad soligʻi hamda mol-mulk va yer soliqlari kabi asosiy toʻgʻri soliqlar boʻyicha prognozlashtirish jarayonlarining amaldagi mexanizmlari oʻrganilgan. Statistik tahlil, taqqoslama baholash va iqtisodiy modellashtirish usullari asosida prognoz koʻrsatkichlari aniqligi va barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar baholangan. Shuningdek, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq bazasining kengayishi hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish jarayonlarining prognozlash sifatiga ta’siri ochib berilgan. Tadqiqot natijalari asosida toʻgʻri soliqlar tushumlarini prognozlashda zamonaviy iqtisodiy-matematik modellarni qoʻllash, axborot bazasini takomillashtirish hamda institutsional yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va xulosalar ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada, O‘zbekiston Respublikasida davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini baholash maqsadida ko‘p omilli ekonometrik model tuzildi. Modelda natijaviy omil sifatida bajarilgan baholash xizmatlari hajmi (Y), ta’sir etuvchi omillar sifatida esa xususiylashtirilgan davlat aktivlari soni (X1), malaka sertifikatiga ega baholovchilar soni (X2) va nomoddiy aktivlarning boshlang‘ich qiymati (X3) tanlandi. Tavsifiy statistika, korrelyatsiya, VIF va ADF testlari asosida model ishonchliligi tekshirildi. Olingan natijalar baholash xizmatlari hajmiga tanlangan omillarning sezilarli ta’sirini ko‘rsatdi hamda prognozlash imkoniyatini berishi ko‘rib chiqildi.
Mazkur tadqiqotda O‘zbekiston aholisining 2050-yilgacha demografik rivojlanishini prognozlashda geografik axborot tizimlari (GAT) texnologiyalaridan foydalanish metodologiyasi ishlab chiqildi. Tadqiqotning asosiy maqsadi aholi soni, yosh-jins tarkibi, hududiy joylashuvi, urbanizatsiya jarayonlari hamda ichki va tashqi migratsiya oqimlarini hududlar kesimida kompleks tahlil qilish va prognozlash mexanizmini takomillashtirishdan iborat. Tadqiqot natijalari davlat rejalashtiruvi, hududiy rivojlanish strategiyalari, mehnat bozori prognozlari va ijtimoiy infratuzilmani optimallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. GAT texnologiyalaridan foydalanish demografik prognozlarning aniqligi va vizual tahlil imkoniyatlarini oshirib, qaror qabul qilish jarayonini ilmiy asoslashga xizmat qiladi
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlarini prognozlash zamonaviy iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon davlatlar, korxonalar va xalqaro tashkilotlar tomonidan uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish, resurslarni samarali taqsimlash va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish uchun qoʻllaniladi. Mazkur tadqiqot ishida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlarini prognozlashning nazariy jihatlari va metodologiyasi koʻrib chiqiladi.
Mazkur maqolada Qashqadaryo viloyatida aholiga aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining rivojlanish tendensiyalari tahlil qilinib, ularni prognozlashning ko‘p omilli empirik modellari ishlab chiqilgan. Tadqiqot jarayonida hududiy statistik ma’lumotlar asosida asosiy ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, ularning xizmatlar hajmiga ta’siri ekonometrik usullar yordamida baholangan. Model qurishda regressiya tahlili, vaqt qatorlari va zamonaviy ekonometrik yondashuvlardan foydalanilgan. Olingan natijalar asosida kelgusida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmining o‘sish dinamikasi prognoz qilinib, sohani rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari hududiy iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini takomillashtirish hamda xizmatlar bozorini samarali boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi kimyo sanoatining rivojlanish tendensiyalari, ishlab chiqarish hajmi dinamikasi va ushbu jarayonni modellashtirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda Cobb–Douglas ishlab chiqarish funksiyasi asosida ishlab chiqarish hajmining investitsiyalar va bandlik darajasiga nisbatan elastikligi empirik jihatdan baholandi. 2010–2023 yillar oralig‘idagi statistik ma’lumotlar asosida klassik chiziqli regressiya modeli tuzilib, Stata dasturida tahlillar o‘tkazildi. Regressiya natijalari asosida ishlab chiqarish hajmining o‘sishi ko‘proq mehnat resurslarining oshishiga bog‘liqligi aniqlandi. Bundan tashqari, AR modeli yordamida 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan prognoz qiymatlari hisoblandi va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining barqaror o‘sishi ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari kimyo sanoatini strategik boshqarishda hamda investitsiya siyosatini shakllantirishda muhim amaliy ahamiyatga ega.
Mazkur maqolada elektron tijorat tizimini intervalli ma’lumotlar asosida iqtisodiy-matematik modellashtirishning nazariy va amaliy jihatlari tadqiq etilgan. Tadqiqotda elektron tijorat ko‘rsatkichlarini baholashda intervalli ma’lumotlardan foydalanishning afzalliklari, noaniqlik sharoitida iqtisodiy jarayonlarni modellashtirish imkoniyatlari hamda raqamli iqtisodiyotda elektron tijorat samaradorligini prognozlash mexanizmlari tahlil qilingan. Shuningdek, elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan farmon va qarorlarning iqtisodiy ahamiyati yoritilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, intervalli modellashtirish usullari elektron tijorat tizimida risklarni kamaytirish, prognozlarning aniqligini oshirish va boshqaruv qarorlarini optimallashtirishga xizmat qilishi asoslab berilgan
Maqolada raqamlashtirishning tijorat banklarida biznesni rejalashtirishga ta'siri ko'rib chiqiladi. Prognozlashning aniqligini oshiradigan sun'iy intellekt, Big Data va bulutli hisoblash texnologiyalari tahlil qilinadi. Asosiy raqamli yechimlar va ularni bank sohasida yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.
Ushbu tadqiqot O‘zsanoatqurilishbankning 2000-2024-yillardagi tarixiy ma’lumotlarini tahlil qilib, bank depozitlari va umumiy resurslarining o‘sish tendensiyasini oddiy OLS (eng kichik kvadratlar) regressiya modeli asosida bashorat qiladi. Har ikkala ko‘rsatkich uchun chiziqli vaqt tendensiyasi modeli tuzildi va uzoq muddatli o‘sish aniqlashtirildi. Regressiya natijalari depozitlar va resurslar bo‘yicha yuqori R² qiymatlari va statistik jihatdan muhim koeffitsiyentlar orqali barqaror o‘sishni ko‘rsatdi. Trend asosida yaratilgan bashoratlar bank depozitlari va resurslarining qisqa muddatda ham kengayishini ko‘rsatmoqda. Ushbu topilmalar bank rahbariyati va siyosatchilar uchun dolzarb bo‘lib, O‘zbekiston bank sektorida moliyalashtirish manbalarining yo‘nalishini yoritadi. Modelning soddaligi va ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar cheklovlar sirasiga kiradi, shunga qaramay, natijalar boshlang‘ich prognoz sifatida foydalidir va depozitlarni jalb qilish hamda moliya sektoridagi islohotlarni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidlaydi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida, xususan, Sirdaryo viloyatida baliqchilik sohasining rivojlanish holati ekonometrik usullar asosida tahlil qilingan. Baliq mahsulotlarining oziq-ovqat xavfsizligi va aholi salomatligidagi o‘rni, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishdagi roli yoritilgan. Tahlil jarayonida 2010–2023 yillar oralig‘idagi statistik ma’lumotlar asosida avtokorrelyatsion va Durbin-Watson testi yordamida baholangan. So‘nggi 5 yil bo‘yicha prognoz qiymatlar ishlab chiqilib, baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga oid amaliy xulosalar keltirilgan.
Soʻnggi yillarda global moliyaviy beqarorlik kuchaygani bank bozorlarini katta sinovlarga duchor etmoqda. Shu bois tijorat banklari o‘zlarining iqtisodiy o‘zgarishlarga chidamliligini yanada oshirishga e’tibor qaratishyapti. Mutaxassislarning prognozlariga koʻra, 2025–2026 yillarda jahon bank maydonida faoliyat darajasi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Xususan, Yevropa hududida 2024 yilda inflyatsiya darajasi oldingi bashoratlardan past – 2,7 % oʻrniga taxminan 2,3 % atrofida boʻladi. Moliyaviy barqarorlik esa hozircha o‘rtacha oʻsish istiqbollariga bog‘liq boʻlib qolaveradi. Banklarni barqarorlik nuqtai nazaridan baholash uchun turli modellardan foydalaniladi, va bu tanlov ko‘pincha regulyatorlar tomonidan tasdiqlangan yondashuvlarga asoslanadi. So‘nggi tadqiqotlar global makroiqtisodiy omillar oʻzgarishiga mos ravishda mavjud baholash modellari va moliyaviy barqarorlik indikatorlarini takomillashtirish, bank omonatchilari kapitallari talabi va bank faoliyatining kelajakdagi natijalarini prognozlash usullarini takomillashtirishga e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, yangi texnologiyalar va moliyaviy instrumentlar joriy etilishi banklarning raqamli transformatsiyasini va biznes jarayonlarini avtomatlashtirishni jadallashtirmoqda.Ushbu maqola O‘zbekistonda tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash vositalari va mexanizmlarini kompleks tarzda o‘rganishga qaratilgan. Maqolaning avvalo maqsadi – bank sektorini jahon tajribasi va milliy sharoitga muvofiq keluvchi yondashuvlar asosida tahlil qilib, barqarorlikni kuchaytirish yo‘llarini belgilashdir. Ikkinchi navbatda, ilmiy-metod usullar (tarixiy-qiyosiy tahlil, tarkibiy-logik izlanish) hamda empirik metodlar (regulyator hujjatlari va banklar hisobotlari statistikasi, ekspert-surishtiruvlar) qo‘llaniladi.
Mazkur ilmiy izlanishda O‘zbekiston Respublikasida erkin iqtisodiy zonalarni (EIZ) boshqarish samaradorligiga ta’sir etuvchi omillar chuqur tahlil qilinib, ularning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga qo‘shayotgan hissasi matematik modellar asosida baholangan. Jizzax erkin iqtisodiy zonasi misolida olib borilgan tadqiqotda 2015–2024 yillar oralig‘idagi real statistik ma’lumotlar asosida ishlab chiqarish hajmiga ta’sir etuvchi asosiy omillar – xorijiy investitsiyalar va bandlik darajasi – identifikatsiya qilindi. Tadqiqotda Kobb-Duglas ishlab chiqarish funksiyasi asosida klassik chiziqli regressiya modeli, AR (autoregressiv) modeli, korrelyatsion-regression tahlillar, Fisher mezoni, Student testi va Durbin-Uotson mezonlari yordamida baholash ishlari olib borildi.
Mazkur maqolada korxonalarda moliyaviy rejalashtirish samaradorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda xorijiy tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. Rivojlangan mamlakatlarda moliyaviy rejalashtirish, avvalo, bozor mexanizmlari, raqamli texnologiyalar va moliyaviy nazorat tizimlari bilan uyg‘unlashgan holda amalga oshiriladi. Moliyaviy resurslarni samarali taqsimlash va optimallashtirish, byudjetlashtirish va prognozlashning avtomatlashtirilgan modellaridan foydalanish, risklarni boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga rioya qilish, korporativ boshqaruv prinsiplari asosida moliyaviy shaffoflik va mas’uliyatni ta’minlash juda muhim. Shu bilan birga, xorijiy korxonalar tajribasida innovatsion moliyalashtirish manbalaridan – venchur kapitali, obligatsiyalar, lizing va kraudfandingdan keng foydalanish kuzatiladi. Mazkur tajribalarni tahlil qilish O‘zbekiston korxonalari uchun moliyaviy rejalashtirishning samaradorligini oshirish, raqobatbardoshlikni kuchaytirish va jahon bozorlariga integratsiya jarayonlarini tezlashtirishda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi
Ushbu maqolada hududiy mehmonxona xo‘jaliklarining samaradorligini oshirish omillari, turizm infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlari hamda mehmonxonalar faoliyatini prognozlashning zamonaviy usullari keng yoritilgan. Tadqiqotda O‘zbekiston misolida mehmonxonalar soni dinamikasi, ichki va xorijiy turistlar xarajatlari hamda ARIMA modeli asosida tuzilgan prognoz natijalari tahlil qilingan. Olingan ilmiy xulosalar hududiy turizm siyosatini takomillashtirish va mehmonxona xo‘jaliklarini strategik rivojlantirishda amaliy ahamiyat kasb etadi
Mazkur tadqiqot jamoa faoliyatida izchillik va sifat oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni hamda ularning samaradorlikka taʼsirini tahlil qiladi. Tadqiqot “Iman Invest Fintech” kompaniyasining empirik maʼlumotlari asosida olib borilgan boʻlib, unda jamoalarning kundalik faoliyati, natijalar barqarorligi va xizmat sifati koʻrsatkichlari chuqur oʻrganilgan. Asosiy eʼtibor izchillikning (barqarorlik, jarayonlarga rioya qilish va natijalarning takrorlanuvchanligi) samaradorlikdagi rolini aniqlashga qaratilgan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, jamoalar uchun doimiy ravishda barqaror natija koʻrsatish, ayrim holatlarda yuqori, lekin notekis sifat natijalariga qaraganda muhimroq hisoblanadi. Izchillik jamoa ichidagi hamkorlikni mustahkamlab, xatolarni kamaytiradi va prognozlash imkoniyatini oshiradi, bu esa umumiy samaradorlikni yaxshilaydi. Tadqiqotda regressiya va panel tahlil usullaridan foydalanilib, izchillik va sifatning nisbiy taʼsiri baholangan. Shuningdek, izchillikning kamayib boruvchi chegaraviy foydasi mavjudligi aniqlangan boʻlsa-da, u baribir muhim omil sifatida namoyon boʻladi. Xulosa qilib aytganda, fintech jamoalari uchun izchillikni ustuvor yoʻnalish sifatida rivojlantirish samaradorlikni oshirishning samarali strategiyasi hisoblanadi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda elektron tijorat xizmatlari hajmini prognozlash maqsadida ko‘p omilli ekonometrik model ishlab chiqilgan va uning ishonchliligi tegishli statistik yondashuvlar asosida baholangan. Tadqiqotda omillarning ta’siri elastiklik ko‘rsatkichlari orqali tahlil qilinib, ularning natijaviy ko‘rsatkichga ta’sir darajasi aniqlangan. Shuningdek, pessimistik, inersion va optimistik ssenariylar asosida elektron tijoratning kelgusi rivojlanish istiqbollari prognoz qilinib, sohaning o‘sish tendensiyalari asoslab berilgan
Mazkur maqolada milliy iqtisodiyotda innovatsion tadbirkorlik subyektlari, xususan startap ekotizimlarining biznes-modellarini moliyalashtirish tendensiyalari va ular bilan bogʻliq risklarni baholash mexanizmlari tadqiq etilgan. Bugungi raqamli transformatsiya sharoitida startap loyihalarni an’anaviy va muqobil moliya instrumentlari (venchur kapitali, kraudfanding) orqali qoʻllab-quvvatlash tizimi tizimli tahlil qilingan. Natijalar shuni koʻrsatadiki, innovatsion biznes-modellarning barqarorligi ularning moliyaviy oqimlarini toʻgʻri prognozlash va oʻziga xos risk omillarini minimallashtirish strategiyalariga bogʻliq. Xulosada milliy startap loyihalarning moliyaviy barqarorligini oshirish va ularning biznes-modellaridagi risklarni kamaytirish boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqilgan
Ushbu maqolada o‘zini o‘zi tashkil etuvchi savdo tizimida investitsiya oqimini optimallashirish masalasi tahlil qilinadi. Matematik jihatdan stoxastik hisob apparati, xususan, ITO stoxastik differensial tenglamalari qo‘llanilgan. Savdo tizimi tashqi iqtisodiy jarayonlarga moslasha oladigan o‘zini o‘zi tashkil etuvchi tuzilma sifatida modellashtirilgan. Gronwall-Bellman tenglamasi asosida investitsiyalarni optimal taqsimlash trayektoriyasini aniqlash imkonini beruvchi matematik model taklif etilgan. Olingan natijalar iqtisodiy tizimlarni prognozlash, resurslarni optimal taqsimlash va bozor strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi
Maqolada Qashqadaryo viloyati sanoat tarmog‘ining infratuzilmasi rivojlanish tendensiyalarining ekonometrik tahlili keltirilgan. Sanoat ishlab chiqarish hajmining asosiy fondlar tannarxi va mehnat resurslari soniga bog‘liqligini ifodalovchi ishlab chiqarish funksiyasi parametrlari asosida ekonometrik model yaratildi va modelning ishonchliligi baholandi. Sanoat ishlab chiqarish hajmining model omillari va prognozlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblangan, xulosa va takliflar keltirilgan