Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi S&P Global Ratings tomonidan qo‘llaniladigan metodologiya asosida tahlil qilingan. Tadqiqotda makroiqtisodiy barqarorlik, fiskal intizom, davlat qarzi dinamikasi, tashqi sektor ko‘rsatkichlari va oltin-valyuta zaxiralari reyting shakllanishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar sifatida o‘rganilgan. Statistik ma’lumotlar tahlili natijalari iqtisodiy o‘sish sur’atlarining yuqoriligi va zaxiralarning sezilarli hajmi reytingni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, tashqi qarzning yuqori ulushi, to’lov balansi taqchilligi va global xatarlar reyting barqarorligi uchun muhim cheklov omillari bo‘lib qolmoqda
Maqolada O‘zbekistonda raqamli fiskal boshqaruvni kuchaytirish maqsadida tatbiq etilgan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tizimi tahlil qilinadi. Baholash jarayoni yuridik shaxslarning soliq intizomi, moliyaviy shaffoflik, rasmiylashtirish intizomi hamda ijtimoiy mas’uliyat darajasini avtomatlashtirilgan algoritmlar orqali aniqlashga asoslanadi. Tadqiqot doirasida reyting indikatorlari va real iqtisodiy natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sektoral va hududiy tafovutlar hamda “CRM-NEW” monitoring tizimi bilan metodologik farqlar chuqur tahlil etilgan. Shuningdek, Kruskal–Wallis H testi asosida reyting toifalari va soliq xavfi o‘rtasidagi statistik munosabatlar aniqlanib, baholash tizimining ishonchlilik darajasi asoslab berilgan. Maqolada reyting mexanizmini takomillashtirishga doir konseptual va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) yondashuvi asosida investitsiyalarni moliyaviy boshqarish metodologiyasini takomillashtirish masalalari tahlil etilgan. Tadqiqotda ESG ekotizimini shakllantiruvchi milliy institutsional asoslar, ESG va ISO 37001 korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini integratsiyalashgan takomillashtirilgan model, O’zbekiston va xalqaro yirik korxonalarning ESG reytinglari asosidagi moliyaviy afzalliklari qiyosiy tahlil qilingan. Shuningdek, ESG tamoyillarini investitsiyalarni moliyaviy boshqarish amaliyotiga joriy etishdagi mavjud muammolar va institutsional cheklovlar chuqur yoritilgan hamda ularni bartaraf etish bo’yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.