Ушбу мақолада мамлакатимизда фаолият олиб бораётган корхонaлaрнинг молиявий нaтижaлaрини тaвcифловчи кўрcaткичлaр ҳолaтини тaҳлил қилишгa эътибор қaрaтилган. Молиявий натижалар хўжалик юритувчи субъектнинг фойда ёки зарар шаклида ифодаланган кўрсаткичларни таҳлил қилиш асосида аниқлаш мумкинлиги тавсифланган.
Ushbu tadqiqotda 2020-2025 yillar oralig‘idagi yillik va choraklik ma’lumotlardan foydalanib O‘zbekiston bank sektoridagi davlat va nodavlat banklarda muammoli kreditlarning dinamikasi tahlil qilingan. Tijorat banklari tomonidan ajratilgan jami kreditlar va muammoli kreditlar o‘rtasidagi bog‘liqlik banklarning mulkchilik shakliga ko‘ra alohida o‘rganildi. Olingan natijalar davlat ulushiga ega banklarda risklarni boshqarish samaradorligi pastligi va ular ko‘proq riskga moyilligini ko‘rsatdi.
Ушбу мақолада туризм соҳасида хизматлар сифатини такомиллаштиришда сунъий интеллект технологияларининг ўрни ва аҳамияти комплекс тарзда таҳлил қилинган. Тадқиқот доирасида сунъий интеллектнинг асосий функционал имкониятлари, жумладан хизматларни индивидуаллаштириш, бизнес жараёнларни автоматлаштириш, прогнозли таҳлил ва мижозлар фикрларини рақамли таҳлил қилиш каби йўналишлар атрофлича ёритилган.Шунингдек, замонавий рақамли ечимлар - чат-ботлар, виртуал ёрдамчилар, динамик нарх шакллантириш механизмлари ҳамда автоматлаштирилган брон қилиш тизимларининг туристик хизматлар самарадорлиги ва рақобатбардошлигига таъсири илмий жиҳатдан асослаб берилган.Мақолада Ўзбекистон туризм бозори шароитида амалга оширилган таҳлиллар орқали туристик оқимнинг ортиши ва хизматларга бўлган талабнинг ўсиши сунъий интеллект технологияларини жорий этишни долзарб вазифага айлантираётгани кўрсатилган. Шу билан бирга, мазкур технологияларни самарали татбиқ этиш инфратузилма ривожи, рақамли компетенциялар ва малакали кадрлар тайёрлаш билан узвий боғлиқ эканлиги таъкидланган. Тадқиқот натижалари шуни кўрсатадики, сунъий интеллект туризм соҳасида хизмат сифатини ошириш, ресурслардан оқилона фойдаланиш ва мижозлар қониқишини таъминлашда муҳим стратегик омил ҳисобланади. Мақолада келтирилган хулосалар рақамли трансформация шароитида сунъий интеллект технологияларининг туризм соҳасидаги аҳамияти ортиб бораётганини яна бир бор тасдиқлайди.
Masofaviy ta’limning raqamli platformalari so‘nggi o‘n yillikda jahon ta’lim xizmatlari bozorining muhim qismiga aylandi: 2024-yilda uning hajmi 369,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va 2034-yilga borib 731,8 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Maqolada masofaviy platformalarning iqtisodiy samaradorligini baholashning analitik modeli taklif qilingan bo‘lib, u uchta ko‘rsatkichlar guruhini hisobga oladi: xarajatlar (litsenziya, infratuzilma, kontent va qo‘llab-quvvatlash), talabalar jalb qilinganligi (foydalanuvchilar faolligi, platformada o‘tkazilgan vaqt, kurslarni tugatish ulushi) va ta’lim xizmatlari sifati (qoniqish, o‘zlashtirish, karyera samarasi). Coursera, edX, Udemy, LinkedIn Learning va Khan Academy ma’lumotlari asosida 2023–2024-yillar uchun qiyosiy iqtisodiy tahlil o‘tkazildi. Raqamli platformalarni joriy etish ta’lim muassasalarining operatsion xarajatlarini 20–35% ga qisqartirishga va ayni paytda ta’lim mavjudligini oshirishga imkon berishi ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasida ta’lim dasturlarining sifati va moliyaviy barqarorligini boshqarish uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Tadqiqot 2011-2024 yillarda O‘zbekistonda budjet balansi va davlat qarzining inflyatsiyaga ta’sirini baholashga qaratilgan. Ko‘p o‘zgaruvchili chiziqli regressiya usuli qo‘llanildi. Natijalar budjet balansi va davlat qarzi bilan inflyatsiya o‘rtasida ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli bog‘liqlikni ko‘rsatdi, bunda budjet balansi inflyatsiyaga eng kuchli ta’sir qiladi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot o‘rtasidagi institutsional bog‘liqlik, ularning bozor raqobati, investitsiya muhiti, davlat boshqaruvi sifati va makroiqtisodiy barqarorlikka ta’siri tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi korrupsion amaliyotlarning yashirin iqtisodiyot kengayishiga ta’sir mexanizmlarini aniqlash hamda korrupsiyaga qarshi institutsional siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli tahlil, qiyosiy tahlil, iqtisodiy-statistik tahlil, huquqiy-institutsional tahlil va mantiqiy umumlashtirish usullaridan foydalanildi. Empirik baza sifatida 2017–2025-yillardagi xalqaro reytinglar, 2023–2024-yillardagi korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi, normativ-huquqiy hujjatlar va ilmiy adabiyotlar o‘rganildi. Natijalar korrupsiya nafaqat huquqbuzarlik, balki resurslar taqsimoti, budjet xarajatlari samaradorligi, soliq intizomi va yashirin iqtisodiyot hajmiga ta’sir qiluvchi tizimli institutsional omil ekanini ko‘rsatadi. Maqolada compliance control, raqamli monitoring, davlat xaridlarida shaffoflikni kuchaytirish, aktivlarni qaytarish va korrupsion risklarni oldindan baholash mexanizmlarini institutsional jihatdan takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada muallif tomonidan muzeyshunoslikda madaniy meros obyektlarining holati va xorij tajribasi hamda mamlakatimiz prezidenti qarorlari asosida yangi islohat va tahlillar natijalarining,kelib chiqqan yangiliklarning ahamiyati yoritilib, raqamli texnologiyalar, jumladan turli xil muzeyshunoslik tushunchalari, turlari, kelib chiqishi va bugungi kunda mamlakatimizga kerak bo‘lgan muzeylarga tashrif buyurish imkoniyatlari orqali turistlar qiziqishini hamda turizm xizmatlarini modernizatsiya qilish yo‘nalishlari tahlil qilingan.
Mazkur maqolada Orolbo‘yi hududidagi ekologik inqirozning qishloq xo‘jaligiga ta’siri hamda yashil iqtisodiyot asosida agrar sohani rivojlantirish mexanizmlari tahlil qilingan. Tadqiqot davomida Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan sho‘rlanish, cho‘llanish, suv tanqisligi va biologik xilma-xillikning kamayishi kabi muammolar o‘rganildi. Shuningdek, ekologik qishloq xo‘jaligi, suv tejovchi texnologiyalar va barqaror rivojlanish tamoyillarining ahamiyati ilmiy jihatdan asoslab berildi. Tadqiqot natijalari qurg‘oqchil hududlarda ekologik barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Ayollar tadbirkorligi ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishning muhim kuchiga aylangani bilan, bu mavzu bo‘yicha tadqiqotlar hali ham tarqoq bo‘lib, ayollarning tadbirkorlik muvaffaqiyatiga olib keluvchi omillarni aniqlashni qiyinlashtirmoqda. Ushbu tadqiqot PRISMA 2020 tamoyillariga muvofiq tizimli adabiyotlar sharhini o‘tkazish orqali ushbu mavzudagi avvalgi tadqiqotlarni sintez qiladi. Tegishli tadqiqotlarni topish uchun asosiy ilmiy ma’lumotlar bazalari ishlatilgan va ular oldindan belgilangan me’yorlarga muvofiq filtrlangan. Natijalar ayol tadbirkorlarning muvaffaqiyatiga kontekstual, munosabatli va individual omillarning aralashmasi ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatadi. Asosiy ta’sir omillari shaxsiy qobiliyat, tarmoqlar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda muassasalarga oid kontekst va moliyaviy imkoniyatlarni o‘z ichiga olgan tashqi omillarni o‘z ichiga oladi. Sharh shuningdek, barqarorlikka yo‘naltirilgan faoliyatlar tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini, ammo ular hali ham yaxshi tushunilmaganligini ta’kidlaydi. Hammasini hisobga olgan holda, ushbu tadqiqot ayollarning ishbilarmonlikdagi muvaffaqiyati haqida keng qamrovli nuqtai nazarni taklif qiladi va keyingi tadqiqotlar uchun muhim sohalarni ko‘rsatadi.
Maqolada ustama xarajatlarni taqsimlashning nazariy va metodologik asoslari tahlil qilinadi. Birlamchi va ikkilamchi taqsimot bosqichlari, ularning mahsulot tannarxini aniqlash va boshqaruv qarorlarini asoslashdagi ahamiyati ko‘rib chiqilgan. Sabab–oqibat tamoyili, adolatlilik, izchillik va samaradorlik kabi prinsiplarga tayangan holda xarajatlarni maqbul taqsimlash mezonlari aniqlangan. Shuningdek, zamonaviy ishlab chiqarish sharoitida ko‘p mezonli va adaptiv taqsimot modellari joriy etish zarurligi ta’kidlangan. Tadqiqot natijalari mahsulot tannarxining aniqligini oshirish, resurslardan samarali foydalanishni baholash va boshqaruv qarorlarini asoslash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonning qo‘shilgan qiymat solig‘ining fiskal samaradorligi “QQS daromadlar nisbati (VRR)” ko‘rsatkichi asosida OECD metodologiyasi bo‘yicha baholanadi. Tadqiqotda 2019–2024-yillar davomida amalga oshirilgan soliq islohotlari, jumladan QQS stavkasining pasaytirilishi, elektron hisob-faktura tizimining joriy etilishi va soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish choralari tahlil qilinadi. Natijalar mazkur davrda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va QQS tushumlari o‘sishiga qaramay, VRR darajasi deyarli o‘zgarmagani, norasmiy iqtisodiyot ulushi, naqd pul asosidagi operatsiyalar va soliq imtiyozlari QQS yig‘imdorligiga ta’sir qiluvchi muhim omillar ekanini tasdiqlaydi
Mazkur tadqiqotda to‘qimachilik korxonalarining B2B bozorida qiymat zanjiri va marketing strategiyalari o‘rtasidagi bog‘liqlik nazariy jihatdan tahlil qilindi. Tadqiqot davomida qiymat zanjirining asosiy bosqichlari va ularga mos marketing yondashuvlari o‘zaro integratsiya asosida tizimlashtirildi. O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati misolida modelning amaliy tatbiqi ko‘rsatildi. Natijalar marketing strategiyalarini qiymat yaratish jarayonlariga uyg‘unlashtirish korxonalarning raqobatbardoshligini oshirganini tasdiqladi. Mijozga yo‘naltirilganlik va strategik hamkorlik integratsiyaning asosiy omillari sifatida aniqlangan.
Mazkur ilmiy maqolada turizm turlarini diversifikatsiyalashda boshqaruv mexanizmlarining samaradorligi nazariy va empirik jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda turizm tarkibiy tuzilmasining o‘zgarish dinamikasi 2020-2024 yillar ma’lumotlari asosida o‘rganilib, diversifikatsiya darajasini baholash uchun Gerfindal–Xirshman indeksi (TDI) va Shennon entropiya indeksi (EDI) qo‘llanildi. Shuningdek, turizm daromadlari bilan infratuzilma investitsiyalari, davlat-xususiy sheriklik loyihalari va raqamli marketing xarajatlari o‘rtasidagi bog‘liqlik korrelyatsiya va regressiya tahlili asosida baholandi. Empirik natijalar turizm diversifikatsiyasi darajasi bilan iqtisodiy o‘sish o‘rtasida kuchli ijobiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi. Diversifikatsiya indeksi oshishi daromadlar o‘sishini tezlashtirishi aniqlandi. Boshqaruv intensivligi va samaradorlik koeffitsientlari resurslardan foydalanish samarasi yillar davomida oshganini tasdiqladi. Tadqiqot natijalari turizm sohasida kompleks boshqaruv yondashuvi va institutsional muvofiqlashuv barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashini ilmiy asoslab berildi.
Maqolada bevosita va bilvosita soliqqa tortishning tarixiy shakllanishi jarayonlari, mustaqillikning oʻtgan davrida soliq tizimini optimal tashkil etish yuzasidan amalga oshirilgan bevosita va bilvosita soliqqa tortish islohotlari va samarali natijalar haqidagi tadqiqot yakunlari umumlashtirib berilgan. Tadqiqotda bevosita va bilvosita soliqqa tortish jarayonlari, soliq toʻlovchilar tarkibi, soliq solish obʻekti, soliq bazasi, soliq stavkasi, soliqlarni hisoblash va budjetga toʻlash mexanizmlarini optimallashtirish masalalari yoritilgan.
Korxona foydasining shakllanishi va uni buxgalteriya hisobida aks ettirish moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini ta’minlash hamda boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim ahamiyatga ega.Mazkur maqolada foydaning shakllanishi, daromad va xarajatlarni tan olish, baholash hamda ularni hisobot davrlariga to‘g‘ri taalluqli qilish jаrаyonlаrini tаkоmillаshtirish mаsаlаlаri yoritilgаn.Shuningdek, foydani manipulyatsiya qilish bilan bog‘liq risklar va ularni kamaytirishda ichki nazorat tizimining ahamiyati asoslab berilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish istiqbollari ilmiy-nazariy va empirik jihatdan tahlil qilinadi. 2025-yil 9-dekabrdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-1101-sonli Qonun asosida 2026-yildan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi va keyinchalik ishsizlik nafaqasi kabi ijtimoiy xatarlarni qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda. Maqolada mavjud pensiya tizimining cheklovlari, yangi tizimning iqtisodiy-sotsial samaradorligi, demografik bosim va moliyaviy barqarorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Empirik tahlil uchun Davlat statistika agentligi, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlari asosida jadvallar va grafiklar keltirilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy sug‘urta tizimi rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, kambag‘allik xavfini kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi, ammo informal sektor va demografik qarish kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish zarur.
Maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlarining JSTga a’zo bo‘lishi loyiha boshqaruvi tizimlari rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatganligi tahlil qilinadi. Tadqiqotning dolzarbligi O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayonida institutsional islohotlarni loyiha boshqaruvi bilan uyg‘unlashtirish zarurati bilan belgilanadi. Metodologik asos sifatida sifatli qiyosiy tahlil, keys-stadi va OECD, JST, XVJ hamda Jahon banki materiallari kontent-tahlili qo‘llanilgan. Natijalar Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonda bojxona tartibotlarini raqamlashtirish, “yagona darcha”, elektron xaridlar va muvofiqlik nazorati kuchayganini ko‘rsatdi. Muallifning ilmiy va amaliy hissasi O‘zbekiston uchun loyiha monitoringi, e-xaridlar va JST talablarini integratsiyalash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilganidadir.
Mazkur maqolada norasmiy bandlikni qisqartirish orqali ijtimoiy himoya tizimi qamrovini kengaytirish masalalari tahlil qilinadi. Tadqiqotda ekonometrik va statistik tahlil usullari qo‘llanilib, norasmiy bandlik darajasi bilan ijtimoiy himoya qamrovi o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlanadi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, norasmiy sektorni qisqartirish ijtimoiy himoya tizimining barqarorligini oshiradi hamda davlat byudjeti tushumlarini ko‘paytiradi.
Ushbu maqolada respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda investitsiyalardan samarali foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari kompleks tarzda ekonometrik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida 2000–2024 yillar oralig‘idagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida investitsiyalar hajmi, bandlik darajasi hamda eksport hajmining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) ta’siri chuqur tahlil qilindi. Tahlil metodologiyasi sifatida korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash, ko‘p omilli regressiya modeli tuzish, parametrlarning statistik ahamiyatliligini baholash (t-statistika), modelning umumiy mosligini aniqlash (F-statistika), shuningdek, qoldiqlarni tekshirish uchun Durbin–Watson mezonidan foydalanildi. Ekonometrik hisob-kitoblar va modelni qurish ishlari zamonaviy statistik dasturiy muhit R Studio dasturi yordamida amalga oshirildi. Olingan natijalar investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ya’ni investitsiya hajmining ortishi YAIMning o‘sishiga olib kelishini tasdiqladi. Shuningdek, model natijalari asosida investitsiyalarning samaradorligini oshirish, ularni iqtisodiyot tarmoqlari kesimida optimal taqsimlash va investitsion siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorida agro-sanoat integratsiyasining iqtisodiy samaradorlikka ta’siri 13 ta hudud bo‘yicha shakllangan panel ma’lumotlar asosida ekonometrik usullar yordamida o‘rganilgan. Agro-sanoat integratsiyasini ifodalovchi asosiy indeks sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy hajmida fermer xo‘jaliklari, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarning ulushi qo‘llanilgan. Panel ma’lumotlar regressiyasi natijasida integratsiya ko‘rsatkichlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘sish sur’atiga ijobiy va statistik jihatdan ahamiyatli ta’siri aniqlangan. Tadqiqot natijalari agro-sanoat integratsiyasini institutsional jihatdan mustahkamlash orqali qishloq xo‘jaligi sektorining samaradorligini oshirish, fermerlar daromadini kengaytirish va qishloq aholisini bandlikka jalb etish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Ushbu maqolada o‘zini o‘zi tashkil etuvchi savdo tizimida muvozanat holatini boshqarishda investitsiya oqimining ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda investitsiya oqimining iqtisodiy tizimlarga ta’siri, uning turli shakllari hamda savdo tizimining dinamikasiga ta’siri o‘rganilgan. Shuningdek, tizimga ta’sir etuvchi uzluksiz va diskret omillar sinflashtirilib, stoxastik differensial tenglama orqali model ishlab chiqilgan. Hamilton–Jakobi–Bellman tenglamasi asosida investitsiya oqimining optimal qiymatini aniqlash metodologiyasi taklif etilgan. Olingan natijalar iqtisodiy tizimlarni prognozlash, resurslarni optimal taqsimlash va bozor strategiyalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur maqolada iqtisodiyot tarmoqlarining raqamli transformatsiyasi jarayonida generativ sun’iy intellektning o‘rni, xususan, uni joriy etish samaradorligini baholash hamda texnologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda generativ sun’iy intellekt ishlab chiqarish, moliya, logistika, davlat boshqaruvi va boshqa tarmoqlarda mehnat unumdorligini oshirish, operatsion tezlikni jadallashtirish, qaror qabul qilish sifatini yaxshilash hamda innovatsion salohiyatni kuchaytirishda strategik vosita sifatida namoyon bo‘layotgani asoslab berilgan. Shu bilan birga, uning afzalliklari bilan bir qatorda ma’lumotlar sizib chiqishi, modeldan noto‘g‘ri foydalanish, shaxsiy daxlsizlik buzilishi, ishonchsiz natijalar va kiberxavfsizlikka oid zaifliklar kabi jiddiy texnologik xatarlar ham mavjudligi ta’kidlangan. Tadqiqot OECD, Jahon banki, NIST hamda tarmoqqa oid ochiq manbali ilmiy va institutsional adabiyotlarning sifatli qiyosiy tahliliga asoslangan. Natijalar generativ sun’iy intellekt samaradorligini iqtisodiy ko‘rsatkichlar va texnologik xavfsizlik mezonlarini birlashtirgan ikki tomonlama yondashuv asosida baholash zarurligini ko‘rsatadi. Xulosa sifatida, ushbu texnologiyani barqaror joriy etish uchun nafaqat raqamli infratuzilma va tashkiliy moslashuv, balki kuchli boshqaruv mexanizmlari, inson nazorati hamda uzluksiz risk monitoringi talab etilishi qayd etilgan.
Рақамли маркетинг бутун дунё бўйлаб кичик корхоналарнинг рақобатбардошлиги ва ўсишини белгилаб берувчи асосий омиллардан бирига айланди. Ўзбекистонда рақамли технологияларнинг жадал жорий этилиши, интернет қамровининг кенгайиши ҳамда ижтимоий тармоқлар оммалашувининг ортиши маркетинг соҳасида туб ўзгаришларга олиб келди. Кичик ва ўрта бизнес субъектлари (КЎБ) маҳсулотларини тарғиб қилиш, мижозлар билан алоқа ўрнатиш ва бозор қамровини кенгайтириш мақсадида рақамли воситалардан тобора кўпроқ фойдаланмоқда. Ушбу тадқиқот Ўзбекистондаги кичик бизнес корхоналари томонидан қўлланилаётган асосий рақамли маркетинг стратегияларини таҳлил қилади ҳамда уларнинг бизнес самарадорлигини оширишдаги таъсирини баҳолайди. Тадқиқот сифат усулига асосланган бўлиб, Ўзбекистон Республикасига оид илмий мақолалар, соҳавий ҳисоботлар ва рақамли маркетинг бўйича тадқиқотлар таҳлилини ўз ичига олади. Натижалар шуни кўрсатадики, ижтимоий тармоқларда маркетинг, қидирув тизимларини оптималлаштириш (SEO), инфлюенсер маркетинг ва электрон тижорат платформалари Ўзбекистондаги КЎБ томонидан энг кенг қўлланилаётган стратегиялар ҳисобланади. Шунга қарамасдан, рақамли маркетинг кенг тарқалган бўлса-да, кўплаб кичик корхоналар рақамли саводхонлик, молиявий ресурслар ва стратегик режалаштириш билан боғлиқ муаммоларга дуч келмоқда. Тадқиқот хулосасига кўра, рақамли кўникмаларни ошириш, таҳлил воситаларига сармоя киритиш ва интеграциялашган маркетинг стратегияларини ишлаб чиқиш Ўзбекистон бозорида КЎБ рақобатбардошлигини сезиларли даражада ошириши мумкин.
Ushbu maqolada aholini uy-joy bilan ta’minlash darajasiga ta’sir etuvchi ijtimoiy va iqtisodiy omillar tizimlashtirilgan holda o‘rganiladi. Ishda daromad darajasi, bandlik holati, oila tarkibi, urbanizatsiya jarayonlari, ipoteka kreditlari mavjudligi, uy-joy narxlari, davlat siyosati va subsidiyalar, demografik o‘zgarishlar, infratuzilma rivojlanishi kabi asosiy omillar guruhlashtiriladi. Tadqiqot natijalari ushbu omillarning o‘zaro bog‘liqligi va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashdagi ta’sir darajasini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, davlat siyosatini shakllantirish va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun amaliy tavsiyalar berishga xizmat qiladi
Maqolada tijorat banklarining raqamli strategiyalarini rivojlantirish jarayonlari, ularning iqtisodiy samaradorlik va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli tahlil qilinadi. Raqamli texnologiyalar, mobil va onlayn platformalar, shuningdek sun’iy intellekt va big data tizimlarining bank xizmatlarini transformatsiya qilishdagi ahamiyati o‘rganilgan. Tadqiqot natijalari banklar strategiyasini modernizatsiya qilish, xizmatlarni ommaviylashtirish, mijozlar ehtiyojlariga moslashtirish va raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi.