Мақолада сунъий интеллект (СИ) технологияларининг хизмат кўрсатиш соҳасини трансформация қилиш ва унинг самарадорлигини оширишдаги амалий аҳамияти глобал ва миллий даражада кўриб чиқилди. Халқаро тадқиқотлар ва статистик маълумотлар таҳлили асосида СИ жараёнларни автоматлаштириш, бизнес-моделларни оптималлаштириш ҳамда мижозлар тажрибасини персоналлаштиришга хизмат қилиши кўрсатиб берилган. Ўзбекистон тажрибасига алоҳида эътибор қаратилиб, мамлакатда СИни жорий этиш «Рақамли Ўзбекистон – 2030» давлат дастурининг асосий йўналишларидан бири сифатида баҳоланди. Ишда СИнинг банк сектори, тиббиёт, таълим ва туризм соҳаларига муваффақиятли интеграция қилинган мисоллари ёритилган, шунингдек, институционал муаммолар ва келгусидаги ривожланиш истиқболлари белгиланган.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Maqola bank sektori faol ravishda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish sharoitida uning transformatsiyasini tahlil etishga bag‘ishlangan. Unda bank faoliyatida SI qo‘llanilishining asosiy yo‘nalishlari operatsion jarayonlarni avtomatlashtirish, intellektual risk-menedjment, mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni shaxsiylashtirish va innovatsion moliyaviy mahsulotlarni rivojlantirish kabi jihatlar ko‘rib chiqiladi. Ayniqsa, SI an’anaviy bank biznes-modellari qanday o‘zgarayotganiga, banklarning raqobatbardoshligini oshirishiga va moliya bozorida yangi strategik ustunliklarni shakllantirishiga alohida e’tibor qaratilgan. Raqamli transformatsiya bilan bog‘liq chaqiriqlar va xatarlar kiberxavfsizlik, SI’dan foydalanishning etik jihatlari, shuningdek, tartibga soluvchi talablarga rioya etish masalalari tahlil qilingan. Xulosa o‘rnida aytilishicha, SI texnologiyalarining bank tizimiga integratsiyasi uning barqaror rivojlanishi va global raqobatbardoshligi uchun ajralmas shartga aylanmoqda.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda ziyorat turizmi infratuzilmasini rivojlantirish jarayonida xususiy investitsiyalarning tutgan o‘rni, ularning iqtisodiy samaradorligi hamda so‘nggi yillardagi islohotlar ta’siri chuqur tahlil qilinadi. Tadqiqot doirasida statistik tahlil, komparativ (xalqaro) taqqoslash, SWOT tahlili va kontent tahlili kabi metodlar qo‘llanib, ziyorat turizmi infratuzilmasi rivojining hozirgi tendensiyalari va investitsion salohiyat baholandi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, xususiy sektor ishtiroki sohani modernizatsiya qilishda, xizmatlar sifatini oshirishda va turistlar oqimini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lib bormoqda. Xususan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining kengayishi, raqamlashtirish, klaster yondashuvi va xalqaro hamkorlikning kuchayishi ziyorat turizmining istiqbolli rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Ushbu maqolada MICE (uchrashuv, rag‘batlantirish, konferensiya, koʻrgazma yoki tadbirlar) turizmining rivojlanishi tahlil qilinadi. MICE turizmi jahon turizm industriyasining eng dinamik yoʻnalishlaridan biriga aylanib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xalqaro hamkorlik va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga bevosita hissa qoʻshmoqda. Turizm sektori jadal rivojlanayotgan Oʻzbekiston sharoitida inklyuzivlik tamoyillarining MICE turizmiga integratsiyalashuvi ham strategik zarurat, ham innovatsion yondashuvni ifodalaydi. Inklyuzivlik jinsi, yoshi, jismoniy qobiliyati yoki mintaqaviy kelib chiqishidan qatʼi nazar, barcha ijtimoiy guruhlar uchun teng foydalanish va ishtirok etishni taʼminlash sifatida tushuniladi. Bu toʻsiqlarsiz infratuzilmani yaratish, konferensiya va koʻrgazmalar oʻtkazish uchun qulay imkoniyatlar yaratish, surdo-tarjimondan foydalanish, gender tengligi va yoshlarni jalb etishni ragʻbatlantirishni nazarda tutadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra MICE turizmidagi inklyuzivlik nafaqat ishtirokni kengaytiradi va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlaydi, balki Oʻzbekiston turizm bozorining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Mazkur maqolada O‘zbekistondagi aksiyadorlik jamiyatlarining moliyaviy hisobotlarini tayyorlash va tahlil qilish jarayonlari tahlil qilinadi. Moliyaviy hisobotlarning shaffofligi va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalalari, jumladan, MHXS (IFRS) talablarini qo‘llash orqali investitsion jozibadorlikni oshirish imkoniyatlari muhokama qilinadi. Shuningdek, milliy va xalqaro hisobot standartlarining o‘zaro qiyosiy tahlili hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni moliyaviy tahlilda qo‘llash afzalliklari yoritib berilgan. Korporativ sektorda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va uning kelajakdagi rivojlanishi uchun tahlillar asosida tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqola uy-joy kommunal sohasida innovatsion loyihalarni qo‘llashning zamonaviy yondashuvlarini tahlil qiladi. Innovatsiyalar, jumladan, energiya samaradorligini oshirish, ekologik toza qurilish materiallarini qo‘llash, suv va chiqindilarni boshqarish, shuningdek, aholi uchun qulay xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha yangi texnologiyalarni ko‘rib chiqadi. Maqolada ushbu innovatsion yondashuvlarning ahamiyati, ularning uy-joy kommunal sohasiga qo‘shayotgan hissasi va kelajakda ushbu loyihalarning rivojlanish istiqbollari muhokama qilinadi. Innovatsion loyihalar nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Maqola, shuningdek, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, davlat-xususiy sherikchilik va barqaror rivojlanish masalalariga alohida e'tibor qaratadi.
Ushbu maqolada turistik biznes taraqqiyoti va uni respublikada raqobatbardoshlikka mos rivojlantirish yo‘llarini takomillashtirish iqtisodiyotning muhim vazifalaridan biri sifatida shakllanib borayotganligiga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu soha nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, balki aholining turmush darajasini yuksaltirish, bandlikni oshirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda ham muhim rol o‘ynaydi.
Maqolada davlat, banklar va xalqaro moliya institutlari tomonidan iqtisodiyotning turli sohalarini qoʻllab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish va barqaror rivojlanishni taʼminlash maqsadida ragʻbatlantirish vositalarining huquqiy va iqtisodiy xususiyatlarini oʻrganish yuzasidan maʼlumotlar keltirilgan.
Ushbumaqolada xizmat ko‘rsatish sohasining asosiy ko‘rsatkichlari va rivojlanishistiqbollari o‘rganib chiqilgan. Shuningdek, xizmatlar sohasining milliy iqtisodiyotda tutgan o‘rni, ahamiyati, uning YaIM dagi ulushi va asosiy ko‘rsatkichlari statistik tahlil qilingan.
Ushbu maqolada, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi sohasida 2020- 2024-yillar mobaynida kuzatilgan dinamik o‘zgarishlar, ulardagi ayrim qonuniyatlar va ularning kelgusi davrlar uchun prognoz ko‘rsatkichlarga ta’siri statistik ma’lumotlar asosida yoritib beriladi. Agrar tarmoqqa oid rasmiy statistik ma’lumotlar asosida qishloq xo‘jaligida yuz berayotgan modernizatsiyalash jarayonlari natijasida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda kuzatilayotgan o‘zgarishlar va ularning aholi farovonligiga ta’siri tahlil qilinadi.
Ushbu maqola jahon iqtisodiyotida xizmatlar sohasining oʻrnini tadqiq etadi va uni soliq imtiyozlari orqali ragʻbatlantirish yoʻllarini tahlil qiladi. Jahon amaliyotida xizmatlar sohasi soliq siyosati va davlat qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha tahlil qilingan.
Ushbu maqolada globallashuv sharoitida IT-sektorning milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishdagi roli tahlil qilingan. Raqamli transformatsiya iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va inson kapitali rivojlanishida asosiy omil sifatida qaraladi. Jahon IT bozoridagi zamonaviy tendensiyalar tahlil qilinib, O‘zbekiston Respublikasida raqamli infratuzilmani rivojlantirish, xususan, Toshkentdagi IT-Park faoliyati misolida yoritilgan. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xizmatlar tuzilishi, eksport hajmi va bandlik bo‘yicha statistik ma’lumotlar keltirilgan. Davlat qo‘llab-quvvatlashi, ta’limga investitsiyalar va IT-mutaxassislarni tayyorlash muhimligi ta’kidlangan. Yakuniy qismida IT-sektorni “bilimlar iqtisodiyoti”ni shakllantirish va global raqamli maydonga integratsiyalash uchun strategik yo‘nalishlar tavsiya etilgan. Ushbu maqola “Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida xizmatlar savdosini liberallashtirish istiqbollari va muammolarini o‘rganish, shuningdek, uning hajmini oshirish va bu maqsadga erishish mexanizmlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish” nomli ilmiy tadqiqot doirasida bajarilgan.
Maqolada islomiy bank tizimining real iqtisodiyot sektoriga investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishdagi roli ko‘rib chiqiladi. Shariat tamoyillariga asoslangan islomiy moliyaviy institutlar risklarni adolatli taqsimlash, bitimlarning shaffofligini ta’minlash hamda haqiqiy iqtisodiy qiymatga ega loyihalarga yo‘naltirilishi bilan ajralib turadi. Nazariy asoslar va islomiy moliya tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasi tahlili asosida islomiy bank tizimi nafaqat ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilishga, balki moliyaviy sektor barqarorligini oshirishga ham xizmat qilishi aniqlangan. Alohida e’tibor O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etish istiqbollariga qaratilib, bu kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va bank tizimiga ishonchni mustahkamlash omili sifatida ko‘rib chiqiladi