Mazkur ishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning nazariy, huquqiy hamda institutsional asoslari kompleks tarzda tahlil etilgan. Tadqiqotda kichik biznesning milliy iqtisodiyot rivojidagi o‘rni, uning aholi bandligini ta’minlash, raqobat muhitini shakllantirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashdagi ahamiyati asoslab berilgan. Shuningdek, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan moliyaviy, soliq, kredit, tashkiliy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining mazmuni va samaradorligi ilmiy jihatdan yoritilgan.
Maqolada O‘zbekistonda takoful sug‘urta fondlarini tashkil etish, joriy etish, rivojlantirish va islom moliya bozorining mohiyati, uning zamonaviy islomiy moliyaviy instrumentlariga oid ilmiy yondashuvlarni tadqiq etish, hamda takoful sug‘urta bozorining ishlash mexanizmi va tipologiyasining ilmiy asoslarini ochib berish, jahon sug‘urta bozorida takoful sug‘urta fondlarining iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmuni va uning roliga oid ilmiy-nazariy qarashlarni yoritib berish, sug‘urta bozorida takoful sug‘urta fondlarining rivojlanishi va zamonaviy holatini baholash masalalari yoritilgan.
Ushbu maqolada turizm sohasida raqamli marketing vositalarining iste’molchilarning qaror qabul qilish jarayoniga ta’siri tizimli ravishda tahlil qilinadi. Tadqiqotda raqamli marketingning asosiy elementlari - ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv tizimlari marketingi, onlayn reklama, mobil ilovalar va foydalanuvchi tomonidan yaratilgan kontentning turistlarning axborot izlash, baholash va yakuniy tanlov bosqichlariga ta’siri o‘rganiladi. Shuningdek, iste’molchilarning raqamli muhitdagi xulq-atvori, ishonch omillari va shaxsiylashtirilgan marketing strategiyalarining samaradorligi ilmiy asosda yoritiladi. Tadqiqot natijalari turizm subyektlari uchun raqamli marketing vositalaridan samarali foydalanish orqali iste’molchi qarorlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur maqolada raqamli texnologiyalar tushunchasining umumiy nazariy talqinlari hamda ularning turizm sohasidagi xususiy mazmuni kompleks ilmiy yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot doirasida raqamli texnologiya tushunchasining klassik va zamonaviy ta’riflari tizimlashtirilib, ularning iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga ta’siri tahlil qilingan. Shuningdek, turizmda raqamli texnologiyalar bo‘yicha xalqaro ilmiy konsepsiyalar va UNWTO yondashuvlari o‘rganilib, ushbu tushunchaning sohaga xos jihatlari asoslab berilgan. Maqolada muallif tomonidan turizm sohasida raqamli texnologiyalarga oid yangi, integrallashgan ta’rif taklif etilib, uning ilmiy yangiligi asoslanadi. Tadqiqot natijalari turizm iqtisodiyoti nazariyasini rivojlantirish va PhD darajasidagi ilmiy izlanishlar uchun konseptual asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda ziyorat turizmi infratuzilmasini rivojlantirish jarayonida xususiy investitsiyalarning tutgan o‘rni, ularning iqtisodiy samaradorligi hamda so‘nggi yillardagi islohotlar ta’siri chuqur tahlil qilinadi. Tadqiqot doirasida statistik tahlil, komparativ (xalqaro) taqqoslash, SWOT tahlili va kontent tahlili kabi metodlar qo‘llanib, ziyorat turizmi infratuzilmasi rivojining hozirgi tendensiyalari va investitsion salohiyat baholandi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, xususiy sektor ishtiroki sohani modernizatsiya qilishda, xizmatlar sifatini oshirishda va turistlar oqimini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lib bormoqda. Xususan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining kengayishi, raqamlashtirish, klaster yondashuvi va xalqaro hamkorlikning kuchayishi ziyorat turizmining istiqbolli rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Bilim uchun toʻlov sanoati va intellektual talentlarni baholash platformalarining tez rivojlanishi sharoitida mijozlarni jalb qilish xarajatlarining oshishi bilan birga foydalanuvchilarni ushlab qolish va qayta xarid darajasining pastligi platformalarning barqaror rivojlanishi uchun hal qiluvchi cheklovga aylanmoqda. Amaldagi tajriba koʻpincha bir martalik baholash va hisobotni taqdim etishni xizmatning yakuniy nuqtasi sifatida koʻrib, foydalanuvchilarning keyingi xulq-atvori qarorlari va uzoq muddatli oʻsish trayektoriyalarini tizimli boshqarishni eʼtibordan chetda qoldiradi, bu esa baholashdan keyin ularning ommaviy chiqib ketishiga olib keladi. Ushbu amaliy muammoga javoban, mazkur tadqiqot isteʼmolchi psixologiyasi va xulq-atvori qaror qabul qilish nazariyalarini tizimli ravishda integratsiyalab, dizayn ilmiy tadqiqotlari paradigmasida kontseptual modellashtirish yondashuvini qoʻllagan holda «Foydalanuvchining doimiy oʻsishini boshqarish modeli»ni quradi. Model foydalanuvchi xulq-atvori yoʻlini beshta oʻzaro bogʻliq bosqichga ajratadi: «Kognitiv ishonchni shakllantirish», «Emotsional identifikatsiya va qadriyatlar muvofiqlashuvi», «Past kirish chegarasidagi harakatlarni boshlash», «Qadriyat yechimlarini taqdim etish» va «Oʻsish natijalari boʻyicha teskari aloqa va mustahkamlash», hamda har bir bosqichda psixologik mexanizmlar va qaror qabul qilish mantiqini ochib beradi. Nazariy tahlil shuni anglatadiki, mahsulot dizaynida mos mexanizmlarni tizimli joylashtirish orqali platformalar bir martalik baholash munosabatlarini uzoq muddatli, oʻsishga yoʻnaltirilgan hamkorlikka aylantirishi mumkin, bu esa foydalanuvchining butun hayoti davomida yaratadigan qiymatini sezilarli darajada oshiradi. Ushbu tadqiqot nafaqat baholash kontekstida foydalanuvchi xulq-atvorini tushunish uchun integratsiyalashgan kontseptual modelni taqdim etadi, balki platforma kontent tuzilmasini loyihalash va operatsion strategiyani ishlab chiqish uchun amaliy koʻrsatmalarni ham taklif etadi.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda turizm xizmatlarini boshqarish tizimini modernizatsiya qilishning zaruriyati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha samarali strategik yo‘nalishlar ilmiy asosda tahlil qilindi. Tadqiqot davomida statistika, komparativ tahlil, TOWS yondashuvi, kontent tahlili kabi metodlardan foydalanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, sohada institutsional nomuvofiqliklar, raqamli boshqaruvning sustligi, hududlar bo‘yicha xizmatlar sifati notekisligi, kadrlar malakasining pastligi va marketing siyosatining yetarli emasligi hali ham dolzarbdir. Shuningdek, smart-turizm, raqamli platformalar, xalqaro standartlar asosida xizmat sifati boshqaruvi va mahalliy aholi ishtirokini kengaytirish kabi yo‘nalishlar sektorni modernizatsiya qilishda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Mazkur maqola O‘zbekistonda turizm boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha kompleks yechimlar taklif etadi va amaliy qarorlar qabul qilishda foydali ilmiy manba vazifasini bajaradi.
Ижтимоий тармоқлар туризм маркетингига жиддий ўзгаришлар олиб кирди ва инфлуенсерлар ҳамда ижтимоий медиа фигуралари саёҳатчиларнинг туристик йўналишларга бўлган қарашларини шакллантиришда асосий рол ўйнамоқда. Instagram, YouTube ва TikTok каби платформалар инфлуенсерларга рақамли элчилар сифатида чиқиш имконини берди ва улар саёҳат жойларини кўркам, визуал жиҳатдан жозибадор контент орқали тарғиб қилинмоқда. Ушбу мақола ижтимоий медиа фигураларининг туризм соҳасида дестинация имиджи ва харид қилиш ниятларига таъсирини ўрганди ва Исландия, Япония, Швейцария ҳамда Қатар каби мамлакатларнинг муваффақиятли тажрибаларига асосланди. Шунингдек, Ўзбекистон туризм имиджини яхшилашда инфлуенсер маркетингидан қандай фойдаланиш мумкинлиги таҳлил қилинди.
Ушбу мақолада Ўзбекистонда хусусий мулкчиликнинг миллий иқтисодиётни ривожланишдаги ўрни, хусусий сектор субъектлари фаолиятининг холати баҳоланган, ривожланиш тенденциялари ва уларнинг инвестицион фаоллиги қиёсий таҳлил қилинган. Мақолада мамлакатда давлат мулкини хусусийлаштириш тамойиллари, хусусиятлари, амалга ошириш босқичлари, хусусий секторни қўллаб-қувватлашга қаратилган иқтисодий ислоҳотларнинг мазмуни, таркиби, такомиллаштириш йўналишлари тадқиқ этилган. Хусусий мулкчиликни ривожланиш омиллари, таркиби, ривожланиш истиқболлари, кичик бизнес ва хусусий тадбиркорликни рақамлаштиришни миллий иқтисодиётнинг барқарор иқтисодий ривожланишини таъминлашга қаратилган илмий таклиф ва амалий тавсиялар ишлаб чиқилган.
Мақолада суғурта компанияларининг иқтисодий ва молиявий барқарорлигини таъминлашнинг иқтисодий мазмуни ва аҳамияти тадқиқ қилинади. Суғурта соҳасининг иқтисодий муҳити, унинг ўзгаришларга бўлган сезгирлиги, шунингдек, молиявий ва статистик таҳлиллар орқали суғурта компанияларининг барқарорлигини таъминлаш илмий ва амалий жиҳатлари қиёсий ўрганилади. Шунингдек, суғурта компанияларининг молиявий барқарорлиги нафақат соҳанинг ўзига, балки миллий иқтисодиётга ҳам катта таъсир кўрсатади, шу боис мазкур мақолада мамлакатлар иқтисодиётидаги суғурта тизимини мустаҳкамлашга қаратилган таклиф ва тавсиялар ишлаб чиқилган.
Мақолада электр энергиясини етказиб бериш билан боғлиқ бўлган харажатларнинг бухгалтерия ҳисобини такомиллаштириш, шунингдек, электр йўқотишларини аниқлаш ва баҳолаш, уларни ҳисобда тўлиқ объектив ва тизимли равишда акс эттириш учун бухгалтерия ҳисобининг объекти сифатида йўқотиш тушунчасига аниқлик киритилган. Энергия таъминоти ташкилотининг иқтисодий тизимидаги йўқотишлар ташкилотда мавжуд бўлган активнинг йўқолиши, сотиш харажатлари эса ташкилотнинг харажатлари деб тушунилиши лозимлиги очиқланган. Етказиб бериш билан боғлиқ йўқотишларни таҳлил қилишда уларни батафсилроқ тўғридан-тўғри йўқотишлар ва самарасиз харажатларга бўлиш бўйича илмий асослар келтирилган.
Мақолада Янги Ўзбекистон солиқ амалиётида қўшилган қийматни солиққа тортишнинг самарали механизмини яратишнинг зарурлиги, вазифалари, тизимли муаммолари ва уларни ҳал этиш масалалари тадқиқ этилган. Мамлакат ижтимоий-иқтисодий ривожланиш истиқболларида солиқ механизмининг назарий ва услубий мазмунини асослашга муаллифнинг ёндашуви таклиф этилди ва бу солиқнинг муҳим хусусиятларини, унинг қиймати ва омил хусусиятини ва давлат солиқ механизмининг кўп даражали тузилишини аниқлаш имконини берди. Ўзбекистон Республикаси солиқ тизимида қўшилган қийматни солиққа тортишнинг самарали механизмини яратиш имкониятлари тадқиқ этилган ҳамда тавсиялар ишлаб чиқилган.
Maqolada xalqaro moliya-kredit institutlari bilan hamkorlikning iqtisodiy mazmuni, shakllari va zamonaviy mexanizmlari tahlil qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida xalqaro moliya institutlari bilan aloqalarni yanada rivojlantirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan
Мақолада ижтимоий тадбиркорликнинг мазмуни, моҳияти ва афзалликлари, унинг инновацияларни ривожлантириш, ишсизликни камайтириш, янги иш ўринлари яратиш, аҳоли турмуш даражасини яхшилаш ва жамиятдаги ижтимоий кескинликни пасайтиришда тутган ўрни ёритилган, шунингдек “ижтимоий тадбиркорлик”, “ижтимоий лойиҳа” ва “ижтимоий корхона” тушунчаларига таъриф берилган. Ижтимоий тадбиркорлик фаолиятини давлат томонидан қўллаб-қувватлашнинг янги шакллари таклиф этилган.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududiy rivojlanish dasturlarida BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) integratsiyasi masalalari o‘rganilgan. Tadqiqot davomida 2017-2023 yillarda qabul qilingan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar kontent-tahlil usuli orqali tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ayrim hududlarda SDG tamoyillari yuqori darajada aks etgan bo‘lsa, boshqalarda faqat umumiy g‘oya darajasida tilga olingan. Maqolada hududlar bo‘yicha integratsiya darajasi farqlari aniqlanib, konseptual yondashuvni kuchaytirish, indikatorlarni moslashtirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Maqolada “Pensiya tizimini moliyalashtirishning amaliy tahlili” tushunchasining mazmuni va ahamiyati, pensiya jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari, pensiya jamg’armasining moliyaviy manbalari, pensiya jamg’armasiga ta’sir etuvchi demografik, iqtisodiy, ijtimoiy omillar, davlat pensiya ta’minoti, jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti, xususiy pensiya ta’minoti, taqsimlanuvchi va aralash pensiya modellari tahlili amalga oshirilgan.
Maqola soliq organlari faoliyatining baholanish tartiblari, baholashning asosiy maqsadlari, bu borada ilmiy izlanishlar olib borgan olimlar, ularning qarashlari, soliq organlari faoliyati samaradorligini baholovchi ko‘rsatkichlar ularning mazmun-mohiyati, xorijiy mamlakatlarda va O‘zbekiston Respublikasi soliq organlari faoliyatining samaradorligi va ularning bugungi kundagi holati haqida tushuncha beradi.