Ushbu maqolada O‘zbekistonda 2021-yildan boshlab Markaziy bank tomonidan rasman qo‘llanilayotgan inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosati transmissiya mexanizmi muhokama qilinadi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, asosiy qayta moliyalash stavkasi moliyaviy tizim orqali ishlab chiqarish hajmi va narxlarga ta’sir ko‘rsatadi. Bunda 2010–2023-yillarni qamrab olgan choraklik ma’lumotlar asosida Vektor Avtoregressiya (VAR) va Strukturaviy Vektor Avtoregressiya (SVAR) usullaridan foydalanilgan. Natijalar foiz stavkasi kanali eng samarali transmissiya kanali ekanini, undan keyin valyuta kursi kanali kelishini, kredit kanalining esa bank sektoridagi tarkibiy zaifliklar sabab cheklanganligini ko‘rsatadi. Pul-kredit siyosati shoklari 12 oylik ufqda inflyatsiya dispersiyasining qariyb 18–22 foizini izohlaydi. Asosiy to‘siqlar sifatida dollarizatsiya, davlat ulushi yuqori bo‘lgan bank sektori, moliyaviy vositachilikning samarasizligi va moliyaviy savodxonlikning past darajasi qayd etilgan. Siyosiy tavsiyalar qatoriga fiskal siyosatni muvozanatlashtirish, moliyaviy sektor islohotlarini jadallashtirish hamda Markaziy bank kommunikatsiyasini kuchaytirish kiradi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning institutsional determinantlari va makroiqtisodiy oqibatlari kompleks tarzda tahlil qilinadi. Tadqiqotda rasmiy statistika, xalqaro baholashlar, normativ-huquqiy baza hamda nazariy yondashuvlar integratsiyalangan holda yashirin iqtisodiyot fiskal yuklama, tartibga solish murakkabligi, davlat boshqaruvi sifati, korrupsiya, naqd pul aylanishi va ijtimoiy ishonch bilan bog‘liq ko‘p darajali fenomen sifatida talqin qilindi. O‘zbekiston bo‘yicha kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi, tarmoqlar bo‘yicha notekis taqsimoti va rasmiy sektor bilan o‘zaro aloqalari ochib berildi. Mualliflar yashirin iqtisodiyotga qarshi siyosatni repressiv choralar bilan cheklash emas, balki rasmiy sektor jozibadorligini oshirish, raqamlashtirishni chuqurlashtirish va institutsional shaffoflikni kuchaytirish asosida qurish zarurligini asoslaydilar.
Ushbu maqolada respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda investitsiyalardan samarali foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari kompleks tarzda ekonometrik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida 2000–2024 yillar oralig‘idagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida investitsiyalar hajmi, bandlik darajasi hamda eksport hajmining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) ta’siri chuqur tahlil qilindi. Tahlil metodologiyasi sifatida korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash, ko‘p omilli regressiya modeli tuzish, parametrlarning statistik ahamiyatliligini baholash (t-statistika), modelning umumiy mosligini aniqlash (F-statistika), shuningdek, qoldiqlarni tekshirish uchun Durbin–Watson mezonidan foydalanildi. Ekonometrik hisob-kitoblar va modelni qurish ishlari zamonaviy statistik dasturiy muhit R Studio dasturi yordamida amalga oshirildi. Olingan natijalar investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ya’ni investitsiya hajmining ortishi YAIMning o‘sishiga olib kelishini tasdiqladi. Shuningdek, model natijalari asosida investitsiyalarning samaradorligini oshirish, ularni iqtisodiyot tarmoqlari kesimida optimal taqsimlash va investitsion siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada mamlakatda atrof-muhit siyosatini startegik integratsiyaga olib kelish vayashil ioqtisodiyotga o‘tish sharoitida ekologik tizimni elektron boshqaruv shaklidagi raqamli texnologiyalardan foydalangan holda atrof-muhit va yashil iqtisodiyot sohasini ma’lumotlari tizimlarini avtomatlashtirish orqali samarali natijalarga erishishni narazda tutadi. Bu esa, mamlakatda yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarida boshqaruv qarorlari va nazorat tizimida oshkoralik va shaffoflikni ta’minlab beradi. Tadqiqotda ekologik tizimni rivojlantirishda raqamli iqtisodiyotning ahamiyati yetarli darajada o‘rganilgan.
Мазкур мақолада минтақавий ривожланишни таъминлашда молиявий воситалардан фойдаланиш механизмлари ва уларнинг иқтисодий самарадорлиги таҳлил қилинган. Тадқиқотда Европа Иттифоқи давлатлари, хусусан Польша ҳамда Туркия тажрибаси асосида ҳудудий ривожланишни молиялаштириш моделлари қиёсий ўрганилган. Мақолада молиявий воситаларнинг институционал асослари, айланмали молиялаштириш механизмлари, ҳудудий ривожланиш агентликлари фаолияти ва давлат-хусусий шерикчилиги асосида амалга оширилаётган молиялаштириш тизимларининг иқтисодий натижалари таҳлил қилинган. Таҳлил натижаларига кўра, минтақавий ривожланишда молиявий воситаларнинг самарадорлиги уларнинг қайтарилувчанлиги, манзиллилиги ва институционал мувофиқлашув даражасига боғлиқ эканлиги аниқланган. Шунингдек, Польша ва Туркия тажрибаси асосида ҳудудий молиялаштиришнинг самарали моделлари, айниқса револьвер фондлар, ҳудудий ривожланиш агентликлари ва инновацион молиявий инструментлар (венчур фондлар, “яшил” облигациялар, сукук)дан фойдаланишнинг аҳамияти асослаб берилган. Тадқиқот натижалари Ўзбекистонда минтақавий ривожланишни молиялаштириш механизмларини такомиллаштириш, ҳудудлар иқтисодий салоҳиятини ошириш ва инвестиция фаоллигини рағбатлантириш бўйича амалий тавсияларни ишлаб чиқиш имконини беради.
Tadqiqot xotin-qizlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish va O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishidagi gender tengligining roliga bag‘ishlangan. Ayollarning inson kapitalini samarali amalga oshirish nafaqat ta’limda tenglikni, balki ish bilan ta’minlash, bolalarni parvarish qilish infratuzilmasini o‘z ichiga olgan institutsional yordamni ham talab qilishi ko‘rsatilgan. Gender adolati ham ijtimoiy siyosatning maqsadi, ham iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish vositasi bo‘lishi kerak.
Mazkur ilmiy maqolada turizm turlarini transformatsiyalash va diversifikatsiyalash jarayonlari xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda 2020-2025 yillar davomida pandemiyadan keyingi tiklanish bosqichida turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar, strategik yondashuvlar va institutsional mexanizmlar o‘rganilgan. Xususan, turizmni raqamli transformatsiya qilish, mahsulot va bozor diversifikatsiyasi, mavsumiylikni yumshatish, barqaror va “yashil” turizmni joriy etish hamda turistik xizmatlar qiymatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar tahlil etilgan. Tadqiqotda turizmni transformatsiyalash va diversifikatsiyalashning asosiy omillari sifatida davlat siyosati va strategik rejalashtirish, infratuzilmaviy investitsiyalar, raqamli texnologiyalar, madaniy va tabiiy resurslardan samarali foydalanish, hamda barqaror rivojlanish tamoyillari belgilangan. Shuningdek, xorijiy tajriba asosida milliy turizm siyosatini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada jamoa faoliyatining tashkilot muvaffaqiyatiga erishish va raqobatbardosh ustunlikni saqlab qolishdagi muhim roli o‘rganiladi. Ko‘p tarmoqli adabiyotlarga tayanib, tadqiqot jamoa faoliyatini vazifalarni bajarish, jamoaviy ish va hamkorlik, moslashuvchanlik va kontekstual ishlashni qamrab oluvchi ko‘p o‘lchovli konstruksiya sifatida tushuniladi. Maqolada yuqori samarali jamoalar unumdorlik, innovatsiya, sifat, samaradorlik, xodimlarni jalb qilish va mijozlar ehtiyojini qondirishga qanday hissa qo‘shishi ta’kidlangan. Unda jamoa samaradorligining asosiy omillari va moderatorlari, jumladan, yetakchilik uslublari, boshqaruv mexanizmlari, jamoa tarkibi, xilma-xillik, psixologik xavfsizlik va hamkorlik jarayonlari o‘rganiladi. Tadqiqot vazifa natijalarini, jarayonlar samaradorligini, jamoa salomatligini va tashkilot ta’sirini aniqlash uchun ko‘p darajali ishlash ko‘rsatkichlaridan foydalangan holda tizimli o‘lchash va baholashning muhimligi ta’kidlangan. Tadqiqot samarali jamoaviy ish tashkilot natijalarini qanday boshqarishi haqida integratsiyalashgan nuqtai nazarni taklif qilish orqali nazariya va amaliyotga hissa qo‘shadi va jamoaga asoslangan tuzilmalarni optimallashtirishga intilayotgan menejerlar uchun ko‘rsatmalar beradi.
Мазкур мақолада рақамлаштириш, институционал трансформация ва глобал таҳдидлар, жумладан ESG талаблари ҳамда корпоратив бошқарув шаффофлиги шароитида кончилик компанияларида стратегик бошқарув инструменти сифатида коммуникацион стратегиянинг ўрни ва аҳамияти тадқиқ этилган. Тадқиқотнинг долзарблиги Ўзбекистон Республикасида амалга оширилаётган иқтисодий ва институционал ислоҳотлар билан изоҳланади. Ушбу ислоҳотлар иқтисодиёт очиқлигини таъминлаш, инвестицияларни жалб этиш ҳамда корхоналарни жаҳон иқтисодий ҳамжамиятига интеграция қилишга қаратилган. Назарий ёндашувлар, халқаро тажриба ва «Навоий кон-металлургия комбинати» акциядорлик жамияти мисолидаги эмпирик маълумотлар таҳлили асосида коммуникацион стратегия нафақат ахборот таъминотини амалга ошириши, балки репутацион рискларни бошқариш ва бошқарув қарорларини қўллаб-қувватлашга хизмат қилиши асослаб берилган.
Ushbu maqolada tadbirkorlik subyektlarining mustaqilligini belgilaydigan huquq va erkinliklarning ta’minlanishi, yetarli moliyaviy manbalarga, umumiy tijorat qonunchiligi, soliq bo‘yicha imtiyozlarning mavjud bo‘lishi kabilar tadbirkorlikni rivojlantirishning muhim shart-sharoitlari ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra barcha mamlakatlarda xususiy tadbirkorlikning hayotiy faoliyati barqarorligini ta’minlovchi samarali dastak va mexanizmlar yaratiladi.
Hududiy raqobatbardoshlikni oshirish uchun sanoat klasterlarini rivojlantirish muhim strategik yo‘nalish sanaladi. Maqolada klasterlashuv nazariyasining ilmiy asoslari hamda O‘zbekistonda sanoat klasterlari joriy etilish tajribasi adabiyotlar va statistik ma’lumotlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari sanoat klasterlari hududlarda ishlab chiqarish samaradorligini oshirib, innovatsiyalarni jadallashtirishi va yangi biznes subyektlari shakllanishiga zamin yaratishini ko‘rsatmoqda. Muallif tomonidan hududiy raqobatbardoshlikni yuksaltirishda klasterlashuvdan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
Mazkur maqolada moliyaviy rejalashtirish iqtisodiy boshqaruv tizimining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi yoritilgan. Uning asosiy mazmuni mavjud moliyaviy resurslarni aniq maqsadlarga yo‘naltirish, ulardan samarali foydalanish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdan iboratdir. Moliyaviy rejalashtirish orqali davlat budjeti, korxona moliyasi va aholi daromadlari o‘zaro uyg‘unlashtiriladi, resurslarni taqsimlashda mutanosiblik saqlanadi hamda ustuvor yo‘nalishlarni rivojlantirish imkoniyati yaratiladi. Moliyaviy rejalashtirishning ijtimoiy ahamiyati aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, ijtimoiy sohalarni (ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va boshqalar) qo‘llab-quvvatlash, qashshoqlikni kamaytirish va bandlikni ta’minlashda namoyon bo‘ladi. Iqtisodiy jihatdan esa, u makroiqtisodiy barqarorlikka, investitsiya muhitini yaxshilashga, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Сўнгги йилларда мамлакатда хизматлар экспортини оширишга қаратилган чора-тадбирлар доирасида туризм салоҳиятини такомиллаштириш ва ундан самарали фойдаланиш масалаларига алоҳида эътибор қаратилмоқда. Мамлакатимизнинг уникал географик жойлашуви, шунингдек, Марказий Осиё минтақасининг маданий, табиий-географик жиҳатдан ўхшаш ва фарқли жиҳатларини инобатга олган ҳолда туристик маҳсулотларни таклиф этишда минтақавий тур пакетларни ишлаб чиқиш мақсадга мувофиқ. Глобал қиймат занжири ёрдамида турист харажатларини оптималлаштириш ва унга таклиф этилаётган манзиллар сафини кенгайтириш орқали минтақанинг туристик жозибадорлигини ошириш имкониятлари мавжуд.
Мазкур мақолада мамлакатимизда стартап экотизимининг ривожланиш тенденциялари, институционал муҳит, асосий муаммолар ва келажак учун муҳим йўналишлари ўрганилган. Стартап экотизимини шакллантириш борасида давлат институтлари томонидан амалга оширилган чора-тадбирларнинг ўрни ва аҳамияти, шунингдек, стартап лойиҳаларни молиялаштиришда энг самарали институтларидан бири сифатида венчур молиялаштириш зарурияти таҳлил қилинган.
Maqolada tezlashayotgan texnologik rivojlanish va yettinchi texnologik tuzum shakllanishi sharoitida innovatsion jarayonning nazariy asoslari va evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Chiziqli modellaridan tizimli ko‘p darajali yondashuvlarga o‘tish sanoat rivoji va global sanoat integratsiyasi bilan bog‘liqligi ko‘rsatiladi. Institutsional va infratuzilmaviy mexanizmlar hamda mamlakatlarning global innovatsion zanjirlarga qo‘shilishini belgilovchi mega-mexanizmning roli yoritiladi. Sanoat-innovatsion bosqichdagi davlatlar uchun samarali mexanizmlarni shakllantirishning ahamiyati asoslanadi.
Ушбу мақоладазамонавий иқтисодиёт шароитида хизматлар соҳасини ривожлантиришда аутсорсинг хизматларини такомиллаштиришнинг афзалликлари ва самарали жиҳатларига алоҳида урғу берилган. Аутсорсинг компаниялари учун юқори тезликдаги интернет ва киберхавфсизлик хизматларининг арзонлаштирилишини қўллаб-қувватлаш орқали ушбу хизмат турларини ривожлантириш бўйича таклиф ва тавсиялар берилган.
Mazkur maqola kambag‘allik muammosining global va mintaqaviy tahliliga hamda uni bartaraf etish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi va O‘zbekiston strategiyalariga bag‘ishlangan. Maqolada Oksford Kambag‘allikka qarshi kurashish va inson taraqqiyotini rivojlantirish tashabbusi (OPHI)ning "Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi 2024" hisoboti tahlil qilingan bo‘lib, unda dunyo bo‘ylab 1,1 mlrd. aholi keskin kambag‘allikda yashayotgani, ularning katta qismi qishloq joylariga va Sahroyi Kabir hamda Janubiy Osiyo mintaqalariga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, kambag‘allikni kamaytirishning samarali strategiyalari (Janubiy Koreya, Xitoy, Braziliya, Norvegiya) ko‘rib chiqilgan va bunda inson kapitaliga sarmoya kiritish hamda ijtimoiy dasturlarni iqtisodiy o‘sish bilan uyg‘unlashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Ushbu maqolada kichik sanoat korxonalarida mahsulot tannarxini kamaytirish va optimallashtirishning asosiy usullari tahlil qilinadi. Tannarxni kamaytirish orqali korxonalar raqobatbardoshligini oshirish va bozor talablariga tez moslashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Maqolada ishlab chiqarish jarayonlarini samarali boshqarish, xomashyo va resurslardan oqilona foydalanish, texnologik yangilanishlarni joriy etish, shuningdek, logistika va inventarizatsiya tizimlarini takomillashtirish usullari ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, maqolada kichik biznesning iqtisodiy sharoitlariga mos keladigan tannarxni optimallashtirish strategiyalari ham tavsiya etilgan.
Maqola O‘zbekiston tijorat banklarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bunda aktivlar rentabelligi (ROA) ko‘rsatkichiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan. Markaziy bankning ma’lumotlari asosida kredit portfelining o‘sishi va jismoniy shaxslar kreditlari ulushining oshishi tahlil qilingan. Maqolada faoliyat samaradorligini oshirishning asosiy drayverlari sifatida kredit risklarini qat’iy boshqarish, foiz marjasini optimallashtirish, raqamli texnologiyalar orqali operatsion xarajatlarni optimallashtirish va qimmatli qog‘ozlar hisobiga aktivlarni strategik diversifikatsiya qilish zaruriyati asoslangan.
Ushbu maqolada ta’lim muassasalarida innovatsion faoliyatning mazmun-mohiyati, uning zamonaviy pedagogik jarayonda tutgan o‘rni va ta’lim sifatiga ko‘rsatadigan ta’siri chuqur tahlil qilinadi. Innovatsion faoliyat o‘qituvchining pedagogik jarayonga yangi g‘oya, ilg‘or texnologiya va metodlarni joriy etishi orqali ta’lim samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks jarayon sifatida yoritiladi. Tadqiqot davomida ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan raqamli texnologiyalar, interfaol metodlar, modulli ta’lim, loyihaviy yondashuv, STEAM-integratsiya kabi innovatsion shakllarning afzalliklari, amaliy samarasi va o‘quvchilar rivojlanishiga ta’siri ilmiy asosda ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, innovatsion faoliyatning tashkil etilishiga ta’sir qiluvchi tashkiliy-metodik omillar, o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyasi, ta’lim muassasasining texnik bazasi va boshqaruv mexanizmlarining roli tahlil qilinadi. Maqola natijalari innovatsion yondashuvlarni samarali joriy etish ta’lim jarayonining sifatini oshirish, o‘quvchilarni kreativ fikrlashga undash va zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Ушбу мақолада Ўзбекистон Республикасида давлат фуқаролик хизматига кадрларни танлаб олишнинг ташкилий-ҳуқуқий асослари ва мазкур соҳада амалга оширилаётган ислоҳотлар тизимли равишда таҳлил қилинган. Шунингдек, расмий статистик маълумотлар асосида давлат фуқаролик хизматига қабул жараёнлари динамикаси кўрсатиб берилган. Мақолада давлат фуқаролик хизматини самарали ташкил этиш, кадрларни танлаб олишнинг замонавий механизмларини жорий этиш ҳамда соҳа самарадорлигини ошириш бўйича қатор таклиф ва тавсиялар илгари сурилган.
Маҳсулот таннархини аниқлаш ишлаб чиқариш ва хизмат кўрсатиш соҳасида самарали бошқарув учун муҳим омилдир. Замонавий калькуляция усуллари ахборот технологиялари ва мураккаб моделлардан фойдаланишга асосланиб, таннархни аниқлаш ва таҳлил қилишни осонлаштиради. Бу усуллар ишлаб чиқариш жараёнини оптимизация қилиш, харажатларни самарали бошқариш ва қарорлар қабул қилишда катта аҳамиятга эга. Услубларнинг ҳар бири ўзининг махсус афзалликлари билан, тўғри ҳисоб-китоб ва иқтисодий самарадорликка эришишга ёрдам беради. Замонавий технологиялар ва тажриба асосида, мазкур усулларни амалиётга жорий этиш ташкилотларга рақобатбардошликни ошириш ва ресурсларни тежаш имконини яратади.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda islom moliya vositalarini qo‘llash jarayonining metodologik asoslari, ularni takomillashtirish yo‘nalishlari va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish masalalari tahlil qilindi. AAOIFI va IFSB standartlari, shuningdek Malayziya, BAA va Turkiya kabi rivojlangan islom moliya bozorlarining tajribasi O‘zbekiston amaliyoti bilan solishtirildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, islom moliya vositalarining joriy etilishi huquqiy, institutsional, metodik va audit jarayonlarini takomillashtirishni talab etadi. Xususan, mahsulot dizayni, shariatga muvofiqlik, risk-menejment, soliq mexanizmlari va islomiy audit bo‘yicha mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish sektorning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada tijorat banklarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish jarayonlari, ularning operatsion samaradorlikka, kredit risklarini baholash sifatiga va mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimiga ta’siri ilmiy jihatdan tahlil qilindi. Xalqaro tajribalar O‘zbekiston bank tizimi amaliyoti bilan taqqoslab o‘rganildi. Tadqiqot natijalari SI texnologiyalari bank xarajatlarini kamaytirishi, firibgarlikni aniqlash samaradorligini oshirishi, xizmat ko‘rsatish tezligini yaxshilashi bilan birga, ma’lumotlar sifati, algoritmik shaffoflik va kiberxavfsizlik kabi muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Maqolada ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda turizm sohasini axborotlashtirish jarayonlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati tizimli ravishda tahlil qilingan. Tadqiqotda xalqaro tajribalar Janubiy Koreya, Singapur, Estoniya, Ispaniya va Turkiya misolida smart-turizm, e-visa, onlayn bronlash, raqamli marketing va elektron to‘lovlar kabi raqamli yechimlarning turizm rivojiga ta’siri o‘rganildi. Shuningdek, O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi raqamli infratuzilmasi, elektron xizmatlar qamrovi, turistlar oqimi va turizm eksporti bo‘yicha o‘sish dinamikasi baholandi. Qiyosiy tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish turizmning samaradorligi, xizmat sifati, bandlik darajasi va iqtisodiy faolligini sezilarli darajada oshirmoqda. Maqola yakunida turizmni yanada raqamlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.