Mazkur maqolada O‘zbekistonda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot o‘rtasidagi institutsional bog‘liqlik, ularning bozor raqobati, investitsiya muhiti, davlat boshqaruvi sifati va makroiqtisodiy barqarorlikka ta’siri tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi korrupsion amaliyotlarning yashirin iqtisodiyot kengayishiga ta’sir mexanizmlarini aniqlash hamda korrupsiyaga qarshi institutsional siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda tizimli tahlil, qiyosiy tahlil, iqtisodiy-statistik tahlil, huquqiy-institutsional tahlil va mantiqiy umumlashtirish usullaridan foydalanildi. Empirik baza sifatida 2017–2025-yillardagi xalqaro reytinglar, 2023–2024-yillardagi korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi, normativ-huquqiy hujjatlar va ilmiy adabiyotlar o‘rganildi. Natijalar korrupsiya nafaqat huquqbuzarlik, balki resurslar taqsimoti, budjet xarajatlari samaradorligi, soliq intizomi va yashirin iqtisodiyot hajmiga ta’sir qiluvchi tizimli institutsional omil ekanini ko‘rsatadi. Maqolada compliance control, raqamli monitoring, davlat xaridlarida shaffoflikni kuchaytirish, aktivlarni qaytarish va korrupsion risklarni oldindan baholash mexanizmlarini institutsional jihatdan takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu maqolada respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda investitsiyalardan samarali foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari kompleks tarzda ekonometrik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida 2000–2024 yillar oralig‘idagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida investitsiyalar hajmi, bandlik darajasi hamda eksport hajmining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) ta’siri chuqur tahlil qilindi. Tahlil metodologiyasi sifatida korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash, ko‘p omilli regressiya modeli tuzish, parametrlarning statistik ahamiyatliligini baholash (t-statistika), modelning umumiy mosligini aniqlash (F-statistika), shuningdek, qoldiqlarni tekshirish uchun Durbin–Watson mezonidan foydalanildi. Ekonometrik hisob-kitoblar va modelni qurish ishlari zamonaviy statistik dasturiy muhit R Studio dasturi yordamida amalga oshirildi. Olingan natijalar investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ya’ni investitsiya hajmining ortishi YAIMning o‘sishiga olib kelishini tasdiqladi. Shuningdek, model natijalari asosida investitsiyalarning samaradorligini oshirish, ularni iqtisodiyot tarmoqlari kesimida optimal taqsimlash va investitsion siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Mazkur maqolada pensiya ta’minoti va majburiy pensiya sug‘urtasining zamonaviy davlatlarning ijtimoiy himoya tizimidagi o‘rni hamda ularning barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi ahamiyati yoritilgan. Tadqiqotda Germaniya, Italiya va AQSh pensiya tizimlari misolida majburiy, korporativ va xususiy pensiya ta’minoti darajalari, ularning moliyalashtirish manbalari, ishtirokchilar doirasi hamda funksional xususiyatlari qiyosiy tahlil qilindi. Shuningdek, davlatning pensiya tizimidagi tartibga soluvchi roli, avlodlar birdamligi tamoyili, jamg‘arib boriladigan pensiya mexanizmlarining ahamiyati va aholi qarish jarayonining pensiya tizimiga ta’siri ko‘rsatib berildi. Maqolada pensiya yoshi, minimal sug‘urta staji, badallar miqdori kabi mezonlar bo‘yicha ayrim xorijiy mamlakatlar tajribasi solishtirildi. O‘zbekiston pensiya tizimining hozirgi holati, demografik o‘zgarishlar sharoitida uning moliyaviy barqarorligiga ta’sir etuvchi omillar, majburiy pensiya sug‘urtasini takomillashtirish zarurati va islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari asoslab berildi. Xulosa qismida xalqaro tajribani milliy sharoitga moslashtirgan holda pensiyaning jamg‘ariladigan qismini rivojlantirish, aktuariy baholashni kuchaytirish, majburiy va ixtiyoriy pensiya mexanizmlarining uyg‘unlashuvi pensiya tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqola sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganish, turli metodologiyalar, me’yoriy-huquqiy bazalar va global miqyosda qo‘llaniladigan ilg‘or tajribalarni tahlil qilgan holda sanoat korxonalari rivojlanishining atrof-muhitga ta’sirini baholashning innovatsion usullarini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Shuningdek Jahon bo‘yicha sanoat va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha muhim ko‘rsatkichlar hamda O‘zbekistonda sanoat korxonalaridan atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalarning yillar kesimida statistik ma’lumotlari tahlil qilingan. O‘zbekistondagi sanoat korxonalarining ekologik ta’sirini kamaytirish jarayonida bir qator tizimli muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar keltirilgan.
Ўзбекистонда махсус иқтисодий зоналар бозор иқтисодиёти институти сифатида ҳудудларни ривожлантиришга муҳим ҳисса қўшиши билан алоҳида ўрин тутади. Ҳозирги кунда махсус иқтисодий зона (МИЗ)лар хорижий ва ички инвестицияларни жалб этишнинг устувор йўналиши сифатида қаралмоқда. Шуни ҳисобга олиб мақолада махсус зоналарни ҳудудлар ва иқтисодиёт тармоқлари кесимида самарадорлигини баҳолаш ва уларда меҳнат муносабатларини такомиллаштириш муҳим тадқиқот йўналиши ҳисобланади.
Ушбу мақолада замонавий капитал бозорининг самарадорлигига оид турли назарий асослар ва методологик ёндашувлар таҳлил қилинган. Шунингдек, капитал бозорида хавфларни баҳолаш ва башорат қилишдаги ноаниқликларнинг объектив сабаблари танқидий ўрганилган ҳамда “behavioral” хулқ-атворий молия, адаптив бозор гипотезаси, бозор микроструктураси каби назарияларнинг пайдо бўлиши янги методологик ёндашувлар сифатида талқин этилган.
Globallashuv sharoitida turizm industriyasining jadal rivojlanishi O‘zbekistonda turistik infratuzilma boshqaruvida chuqur strukturaviy o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Ushbu maqolada turistik infratuzilmaning asosiy tarkibiy unsurlari, ularning rivojlanish tendensiyalari va iqtisodiy omillar bilan o‘zaro ta’siri tizimli ravishda tahlil qilindi. Tadqiqotda 2016-2024 yillar davomida mehmonxona xo‘jaligi quvvatining oshishi, transport-logistika imkoniyatlarining kengayishi, investitsion oqimlarning faollashuvi, hududiy turizm klasterlarining shakllanishi va xizmatlar sifati bo‘yicha statistik ma’lumotlar qiyosiy o‘rganildi. Shuningdek, infratuzilma rivojlanishining turizm talabiga ta’siri, davlat siyosati va islohotlarning sektorga qo‘shimcha impulsi, pandemiya davri va undan keyingi tiklanish jarayonlari ekonometriк modellar orqali baholandi. Tadqiqot natijalari turistik infratuzilmani modernizatsiya qilish, xalqaro turistlar oqimini ko‘paytirish, hududlar bo‘yicha infratuzilma samaradorligini oshirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Ushbu maqolada davlat byudjetini barqaror ta’minlashda soliq nazorati tadbirlarining o‘rni va ahamiyati tahlil qilinadi. 2019-2024-yillar davrida soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida undirilgan soliqlar hajmi dinamikasi o‘rganilib, soliq nazoratining davlat moliyasini boshqarishdagi fiskal samaradorligi ochib berilgan. Maqolada xorijiy va mahalliy olimlarning ilmiy qarashlari asosida soliq nazoratining raqamli transformatsiyasi, risk tahliliga asoslangan yondashuvlar hamda profilaktik nazorat mexanizmlarining amaliy afzalliklari yoritilgan. Shuningdek, soliq tekshiruvlarini takomillashtirish, nazorat natijalarini oshkoralik va iqtisodiy tahlil orqali baholashga oid takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari soliqqa oid siyosatni takomillashtirish va byudjet barqarorligini mustahkamlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Мақолада Россия Федерацияси ва Ўзбекистон Республикаси ўртасидаги икки томонлама ҳамкорликнинг сезгир соҳаларида интеграция механизмларидан фойдаланишнинг ўзига хос жиҳатлари ва самарадорлиги кўриб чиқилган. Асосий эътибор томонларнинг манфаатларини мувофиқлаштириш ва тартибга солишда махсус ёндашувни талаб қиладиган йўналишларни таҳлил қилишга қаратилган. Буларга савдо-иқтисодий, энергетика ва миграция соҳалари киради. Амалдаги интеграция воситалари баҳоланиб, уларнинг самарадорлигини чекловчи институционал ва ташкилий тўсиқлар аниқланган. Хусусан, Евроосиё интеграция жараёнлари шароитида ҳамкорликни янада чуқурлаштириш салоҳиятига ва ўзаро иқтисодий фойдани оширишга кўмаклашадиган ўзаро таъсирнинг оптимал моделларини излашга алоҳида эътибор қаратилган. Олинган хулосалар ва тавсиялар Россия–Ўзбекистон муносабатларини ривожлантириш стратегияларини шакллантиришда ва минтақада интеграция сиёсатини такомиллаштиришда қўлланилиши мумкин.
Iqtisodiy xavfsizlik, «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish bilan bog‘liq global o‘zgarishlar sharoitida barqaror rivojlanishning asosiy elementi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida tabiiy resurslarni boshqarishni optimallashtirish, energiya samaradorligini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish zaruratidan kelib chiqib, bu jarayon strategik ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Maqolada «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashning asosiy muammolari va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, qonunchilik bazasini takomillashtirish va institutsional mexanizmlarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Taqdim etilgan chora-tadbirlar barqaror o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish, ekologik yukni kamaytirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Мақола солиқ органлари фаолиятининг баҳоланиш тартиблари, баҳолашнинг асосий мақсадлари, бу борада илмий изланишлар олиб борган олимлар, уларнинг қарашлари, солиқ органлари фаолияти самарадорлигини баҳоловчи кўрсаткичлар уларнинг мазмун-моҳияти, Ўзбекистон Республикаси ва хорижий мамлакатларда солиқ органлари фаолиятининг самарадорлигини баҳоланиши ва уларнинг бугунги кундаги ҳолати ҳақида тушунча беради.
Boshqaruv samaradorligini oshirish ko‘p jihatdan boshqaruv xodimlarining mehnatini munosib baholash masalalariga bog‘liq. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada boshqaruv samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini joriy qilish masalalari muhokama qilingan.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan har bir rahbar va xodim faoliyatining samarali bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratilib, davlat xizmatchisi ishini ana shu tamoyillar asosida tashkil etishi zarurligi yoritilgan.
Ўзбекистонда амалга оширилаётган солиқ сиёсати стратегиясининг самарадорлигини баҳолаш, унинг тактик йўналишларини таҳлил қилишга алоҳида эътибор қаратилган. Тадқиқотда ҳар хил иқтисодий кўрсаткичлар, фискал маълумотлар ва ижтимоий-иқтисодий таъсирларни ҳисобга оладиган кенг қамровли ёндашув қўлланилди. Тадқиқотда солиқ сиёсатининг миллий иқтисодий мақсадларга мувофиқлиги, унинг бизнеснинг рақобатбардошлигига таъсири, иқтисодий ўсиш ва ривожланишни рағбатлантириш қобилияти баҳоланди. Бундан ташқари, тадқиқот солиқ сиёсатининг даромадлар тенгсизлигини камайтириш ва ижтимоий фаровонликни оширишга қанчалик ҳисса қўшишини ўрганилган. Ўзбекистонда солиқ сиёсатининг умумий самарадорлигини ошириш учун стратегия ва тактикада такомиллаштиришнинг потенциал йўналишларини таклиф этилган.
Maqolada sanoat korxonalarining innovatsion va investitsiya loyihalari samaradorligini baholashda moliyaviy ko'rsatkichlarning ahamiyati ko‘rib chiqiladi. Ta’kidlanishicha, sanoat korxonalarining o‘sishi va bozorga qo‘shgan hissasi ularning rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari bo'lmasligi kerak. Shuningdek, maqolada AQSh kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida, innovatsiyalarning korxonalarning iqtisodiy va texnologik rivojlanishi uchun ahamiyati yoritilgan. Sanoat sektorini innovatsion rivojlantirishda universitetlarning roli, shuningdek, innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirish va ilg‘or texnologiyalarni ta’minlashning ahamiyati ta’kidlangan. Zamonaviy ishlab chiqarish fondlarining ahamiyati va korxonalarni rivojlantirish uchun kreditlar ajratish kabi moliyaviy resurslarga bo'lgan ehtiyoj haqida ham ma’lumot berilgan. Yana bir muhim jihat-sanoat korxonalari ishchilari, mutaxassislari va rahbarlarini tayyorlash, shu jumladan, innovatsion loyihalarni davlat tomonidan moliyalashtirish, soliq imtiyozlari, fan va sanoat hamkorligi masalalariga ham to‘xtab o‘tilgan. Shuningdek, kichik biznes innovatsiyalarini qo'llab-quvvatlash va innovatsion infratuzilmani yaratish haqida so‘z yuritiladi.
Bugungi kunda global rivojlanish iqtisodiy faoliyat yurituvchi sub’yektlar oldiga o‘z faoliyatlarini raqamlashtirish vazifasini dolzarb qilib qo‘ymoqda. Raqamlashtirish alohida shaxs, mikro, mezo va makro darajada iqtisodiy faoliyat samaradorligin oshirishning muhim manbai hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, mazkur maqolada raqamlashtirish sharoitida inson kapitalini rivojlantirish masalalari bayon qilinadi.