Raqamli iqtisodiyot sharoitida sanoat korxonalarining innovatsion faoliyati ularning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi. “Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati” AJ misolida aqlli texnologiyalarni joriy etish evolyutsiyasi va ularning ishlab chiqarish jarayonlariga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Kombinat ishlab chiqarish operatsiyalarini optimallashtirish, samaradorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan raqamli еchimlarni faol integratsiya qilmoqda. Ushbu innovatsiyalarning korxona ishlab chiqarish samaradorligiga ta’siri tahlil qilinadi, shuningdek, raqamlashtirish kontekstida kelgusidagi rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
Mazkur maqola innovatsion iqtisodiyot sharoitida mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining kelajakdagi senariylarini ilmiy asoslangan holda tahlil qiladi. Kirish qismida zamonaviy tendensiyalar (raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, yashil texnologiyalar va iqlim oʻzgarishi) belgilangan boʻlib, adabiyotlar sharhi soʻnggi 5 yildagi nufuzli jurnallardagi bir qancha ilmy tadqiqot ishlariga asoslangan, RIS (mintaqaviy innovatsion tizimlar) evolyutsiyasi, empirik modellar va siyosiy tavsiyalarni qamrab oladi. Metodologiya sistematik adabiyotlar tahliliga (SLR) va senariy rejalashtirishga asoslangan. Natijalar uchta senariyni koʻrsatadi: optimistik (raqamli integratsiya orqali 2–5% oʻsish), pessimistik (tengsizlik va stagnatsiya) va aralash (transformatsion moslashish). Xulosada RISni mustahkamlash va yashil innovatsiyalarga sarmoya kiritish taklif etilgan.
Ushbu maqola Markaziy Osiyoda innovatsiya va yuqori o‘sishli tadbirkorlikni rivojlantirishga intilayotgan O‘zbekistonda venchur kapital ekotizimining paydo bo‘lishi va rivojlanishini o‘rganadi. Innovatsion moliyalashtirish va tadbirkorlik ekotizimlari bilan bog‘liq nazariy asoslarga tayanib, tadqiqot O‘zbekistonda venchur kapital faoliyatining hozirgi holatini tahlil qiladi, chiqish imkoniyatlarining cheklanganligi, moliyaviy savodxonlikning pastligi, tijoratlashtirish to‘siqlari va huquqiy-me’yoriy bo‘shliqlar kabi asosiy tarkibiy muammolarni aniqlaydi hamda so‘nggi siyosiy-iqtisodiy tashabbuslarning samaradorligini baholaydi. Tahlil KPMGning 2024-yilgi Markaziy Osiyo bo‘yicha hisobotidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi va uni xalqaro amaliy tadqiqotlarning qiyosiy xulosalari, jumladan Isroilning "Yozma" dasturi, Singapurning hamkorlikdagi investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va Janubiy Koreyaning jamg‘armalar jamg‘armasi (fond-of-fonds) modeli bilan to‘ldiradi. Maqolada venchur kapital ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar, jumladan, huquqiy islohotlar, investorlar uchun soliq imtiyozlari, birgalikda sarmoya kiritish mexanizmlari va salohiyatni oshirish tashabbuslari taklif etilgan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda venchur kapitali sektori endigina shakllanayotgan bo‘lsa-da, maqsadli davlat aralashuvi uning innovatsion iqtisodiy o‘sishning kuchli, global integratsiyalashgan harakatlantiruvchi kuchiga aylanishini tezlashtirishi mumkin.
Mazkur ilmiy tezisda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning nazariy asoslari, iqtisodiy rivojlanishdagi oʻrni hamda zamonaviy sharoitlarda rivojlanish yoʻnalishlari tadqiq qilingan. Tadbirkorlik faoliyatining mohiyati, tarixiy rivojlanishi va kichik biznes subyektlarining iqtisodiyotdagi ahamiyati ilmiy adabiyotlar asosida tahlil qilingan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy omillari, davlat qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari hamda sohani takomillashtirish masalalari oʻrganilgan. Tadqiqot natijalari kichik biznes va tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi turmush darajasini oshirish jarayonlaridagi muhim oʻrnini koʻrsatadi.
Мақолада рақамли иқтисодиёт шароитида ERP (Enterprise Resource Planning) тизимларини жорий этиш бўйича халқаро тажриба таҳлил қилинган. Бизнес-жараёнларни интеграциялашнинг энг ривожланган ечимларидан бири сифатида SAP технологик экотизимининг роли кўриб чиқилади. Саноат ва нефт-газ соҳаларида SAP S/4HANA платформасини қўллаш самарадорлигини белгилаб берувчи асосий омиллар аниқланди. Хорижий кейслар асосида ERP лойиҳаларининг муваффақиятли амалга оширилишига таъсир этувчи қонуниятлар, чекловлар ва таваккалчиликлар таҳлил қилинди ҳамда рақамли трансформация босқичида турган компаниялар учун услубий тавсиялар ишлаб чиқилди.
Ushbu maqolada AQShning Silikon vodiysida shakllangan innovatsion startap ekotizimi iqtisodiy va statistik yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda startaplar rivojlanish bosqichlari, venchur kapital dinamikasi, mehnat bozori o‘zgarishlari, demografik ko‘rsatkichlar hamda texnologik faollikning mehnat bozori, migratsiya oqimlari, patentlash sur’atlari va investitsiya hajmlari bilan o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. 2020–2023 yillar davomida Silikon vodiysidagi startaplar soni dinamikasi, AI startaplar ulushi, yangi tashkil etilgan texnologik kompaniyalar, venchur kapital taqsimoti hamda gender tarkibi bo‘yicha statistik tendensiyalar tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari Silikon vodiysida iqtisodiy va demografik diversifikatsiya, investitsiya imkoniyatlari hamda inson resurslari salohiyati ekotizimning barqaror o‘sishi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Mazkur tajriba O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy siyosat va institutsional mexanizmlarni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega.
Maqolada tezlashayotgan texnologik rivojlanish va yettinchi texnologik tuzum shakllanishi sharoitida innovatsion jarayonning nazariy asoslari va evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Chiziqli modellaridan tizimli ko‘p darajali yondashuvlarga o‘tish sanoat rivoji va global sanoat integratsiyasi bilan bog‘liqligi ko‘rsatiladi. Institutsional va infratuzilmaviy mexanizmlar hamda mamlakatlarning global innovatsion zanjirlarga qo‘shilishini belgilovchi mega-mexanizmning roli yoritiladi. Sanoat-innovatsion bosqichdagi davlatlar uchun samarali mexanizmlarni shakllantirishning ahamiyati asoslanadi.
Ushbu maqolada Jahon banki ma’lumotlari va Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksining qiyosiy tahlili yordamida Markaziy Osiyodagi monetar va ko‘p o‘lchovli kambag‘allik dinamikasi o‘rganilgan. Tadqiqotda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistondagi mavjud kambag‘allikni pasaytirish modellari tahlil qilingan, bu sohadagi yutuqlar va tarkibiy to‘siqlar ko‘rsatilgan. Iqtisodiy o‘sish, mehnat daromadlari, pul o‘tkazmalari va ijtimoiy transfertlar tufayli monetar kambag‘alligining sezilarli darajada kamayishiga qaramay, ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indekslari turmush darajasi va asosiy xizmatlardan foydalanishdagi doimiy kamchiliklarni ko‘rsatadi. Natijalar mamlakatlararo sezilarli o‘zgaruvchanlikni ko‘rsatadi va daromadlarning oshishini inson kapitali va ijtimoiy infratuzilmaga investitsiyalar bilan birlashtirgan muvofiqlashtirilgan kambag‘allikka qarshi siyosat zarurligini ta’kidlaydi.
Mazkur maqolada qurilish xizmatlarining iqtisodiy mohiyati, mazmuni va tasnifi ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilinadi. Xizmatlar sohasi nazariyasining evolyutsiyasi doirasida qurilish xizmatlarining mustaqil iqtisodiy faoliyat turi sifatidagi o‘rni ochib beriladi. Tadqiqotda qurilish xizmatlarining investitsiya-qurilish jarayonidagi roli, ularning real sektor rivojlanishi, hududiy iqtisodiy o‘sish va inson kapitalini shakllantirishga ta’siri asoslab berilgan. Shuningdek, qurilish xizmatlarining funksional, texnologik va iqtisodiy belgilariga ko‘ra tasnifi ishlab chiqilib, ushbu xizmatlarning yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishdagi ahamiyati yoritilgan. Olingan xulosalar qurilish xizmatlari bozorini rivojlantirish, boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda amaliy ahamiyat kasb etadi.
Ushbu maqolada biz davlat xususiy sheriklik g‘oyasi qachon paydo bo‘lgani, nega bu mexanizmning yaratilishiga ehtiyoj tug‘ilgani va shu bilan birga qanday afzalliklarga ega ekanligini o‘rgandik. Umumiy tarixiny shakllanish bosqichlarini tahlil qilish natijasida mamlakatlar rivojlanish bosqichiga ajratdik va shu bosqichdagi mamlakatlar uchun mos DXSH bosqichidagi siyosatni to‘g’ri tanlash prinsiplariga ajratib chiqdik. Maqsadimiz mamlakatlar DXSH siyosatini to‘g‘ri vaqtda samarali qo‘llash uchun qo‘llanma uchun asos bo‘lishini istardik.
Maqolada investitsiya portfelini shakllantirishda moliyaviy risklarni boshqarish modellari evolyutsiyasi tahlil qilingan. Zamonaviy portfel nazariyasini asoschilaridan G.Markovits nazariyasi va uning asosiy g’oyalari o’rganilgan. Markovitsning ilmiy ishini uning shogirdi U.Sharp tomonidan takomillashtirilgan nazariyasi va ular o’rtasidagi asosiy farqli jihatlari, ustunlik va xatolik darajalari ko’rilgan. Portfel nazariyasiga salmoqli xissa qo’shgan S.Rossning “Arbitraj narxlar nazariyasi” o’rganilgan, uning boshqa modellardan farqli jihatlari tahlil qilingan. Keyingi portfel nazariyasini rivojlantirgan olimlar Nedosekin va Zaychenko hisoblanadi, ular tomonidan ishlab chiqilgan “Noaniq toʻplami modeli” maqolada ko’rib chiqilgan. Shuningdek, investitsion portfelning optimallashtirish modellari, ularning yutuqlari va kamchiliklari, hamda bir-biridan farqli jihatlari o’zaro taqqoslangan.
. Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida elektron pullar va raqamli to‘lov tizimlarining rivojlanish tendensiyalari hamda ularning iqtisodiyotga ta’siri kompleks tahlil qilingan. Tadqiqot doirasida 2017–2024 yillarda elektron pul shaklidagi depozitlar hajmining o‘sishiga ta’sir qilgan iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy omillar o‘rganildi. Jumladan, plastik kartalar soni, elektron to‘lovlar aylanmasi, bank depozitlari va to‘lov terminallari tarmog‘i kabi ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik korrelyatsion-regression tahlil asosida baholandi. Shuningdek, elektron pullarning evolyutsiyasi, plastik kartalar va raqamli to‘lov tizimlarining rivojlanish bosqichlari hamda ularning iqtisodiy samaradorlikka ta’siri tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari tranzaksiya xarajatlarining kamayishi, moliyaviy shaffoflikning oshishi va moliyaviy inklyuziyaning kengayishi elektron to‘lov infratuzilmasining asosiy iqtisodiy afzalliklari ekanligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, raqamli moliya infratuzilmasi rivojlanishi bilan bog‘liq kiberxavfsizlik masalalari, jumladan phishing, malware va DDoS kabi kiberxujumlar tahdidlari ham tahlil qilindi. Olingan natijalar asosida 2025–2029 yillar uchun elektron to‘lovlar va elektron depozitlar rivojlanishining prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi. Tadqiqot xulosalari elektron pullar va raqamli to‘lov tizimlari iqtisodiy samaradorlikni oshirish, moliyaviy nazoratni kuchaytirish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim omil ekanligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, raqamli moliya infratuzilmasining barqaror rivojlanishi uchun kiberxavfsizlik tizimlarini takomillashtirish va aholining raqamli savodxonligini oshirish zarurligi asoslab berilgan.
Mazkur maqolada milliy buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish yoʻnalishlari kompleks tarzda tadqiq etilgan. Xususan, IFRS, CAS va AAOIFI standartlarining nazariy asoslari, qoʻllanilish xususiyatlari va ularning milliy hisob tizimiga taʼsiri qiyosiy tahlil qilingan. Tadqiqotda xalqaro standartlarni joriy etishga oid ilmiy qarashlar iqtisodiy, institutsional va geoiqtisodiy yondashuvlar nuqtayi nazaridan tizimlashtirilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston buxgalteriya tizimining hozirgi holati xalqaro modellar bilan solishtirilib, uning gibrid xususiyatga egaligi asoslab berilgan. Maqolada xalqaro standartlarga oʻtish jarayonini bir yoʻnalishli islohot sifatida emas, balki iqtisodiy, strategik va ijtimoiy omillarni qamrab olgan kompleks transformatsiya sifatida baholash zarurligi ilmiy jihatdan asoslangan. Shu asosda milliy hisob tizimini takomillashtirish boʻyicha konseptual yondashuvlar, jumladan, asosiy savdo hamkorlariga moslashish, mintaqaviy integratsiya va islom moliyasi tamoyillarini hisobga olishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.