Maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida yoqilg‘i-energetika resurslari (YER) iste’moli tuzilmasi va energiya samaradorligi bo‘yicha qiyosiy tahlil o‘tkazilgan. 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida hududlararo sezilarli nomutanosibliklar aniqlangan: energiya samaradorligi ko‘rsatkichi Andijon viloyatida 1,3%dan Toshkent viloyatida 8,0%gacha farqlanadi. Qator hududlarda (Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo viloyati) energiya samaradorligining yuqori darajasi qazib olinadigan yoqilg‘iga yuqori darajada bog‘liqlik (73%dan ortiq) bilan uyg‘unlashgani aniqlangan bo‘lib, bu ekologik barqarorlik uchun xavflar keltirib chiqaradi. Klaster tahlili asosida iste’mol profillari o‘xshash bo‘lgan hududlar guruhlari shakllantirilgan hamda har bir guruh uchun differensial siyosiy chora-tadbirlar taklif etilgan. Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya balansini diversifikatsiya qilish va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish sharoitida raqamli yechimlarni integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Ushbu maqolada geografik axborot tizimlari (GIS) texnologiyalari asosida shahar aholisining fazoviy taqsimotini modellashtirish va prognozlash masalalari tadqiq etilgan. Tadqiqot davomida Toshkent shahri misolida aholining hududiy zichligi, urbanizatsiya jarayonlari va demografik o‘zgarishlar geofazoviy tahlil qilingan. Zamonaviy GIS dasturiy ta’minoti - ArcGIS, QGIS va Python kutubxonalari yordamida aholining fazoviy taqsimotini bashorat qilish modellari ishlab chiqilgan. Natijada 2025-2035-yillar uchun shahar aholisining geografik taqsimoti prognozi tayyorlangan va shaharsozlik rejalashtirish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Ushbu tadqiqotda ko‘p tomonlama va mintaqaviy savdo shartnomalarining O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishidagi o’rni va zarurati, savdo shartnomalarining afzalliklari ko’rsatilgan. Shuningdek, maqolada asosiy hamkor davlatlar bilan tovar va xizmatlar eksporti aks ettirilgan. Tadqiqot jarayonida MDH davlatlari, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va boshqa xorijiy davlatlar (JST a‘zolari) bilan olib borgan tashqi savdo aylanmasi tahlil qilingan.
Ushbu maqolada kichik biznes subyektlari faoliyatini kreditlash jarayonlariga ta’sir ko‘rsatuvchi muammoli holatlar tadqiq etilgan. Hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini kreditlashning samaradorligini oshirish jarayonlarining tizimli rivojlanish xususiyatlari bilan bog‘liq mutanosibli holatlar o‘rganilgan. Kichik biznes subyektlari faoliyatini kreditlash mexanizmining hududiy asoslarini takomillashtirishga doir ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar shakllantirilgan.
Mazkur ilmiy maqolada davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashning ilmiy-nazariy asoslari, iqtisodiy mexanizmlari va institutsional jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotda davlat ishtirokidagi korxonalarning fond bozorlaridagi ishtiroki bozor likvidliligini oshirishi, uzoq muddatli investitsiya resurslarini jalb etishi hamda davlat budjeti yukini kamaytirishga xizmat qilishi empirik va statistik ma’lumotlar asosida ko‘rsatib berilgan. Xususan, IPO, SPO va korporativ obligatsiyalar emissiyasi dinamikasi orqali kapital bozorlarida davlat sektorining o‘rni ochib berilgan. Tadqiqot natijalari davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya bozorlaridagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish hamda milliy iqtisodiyotning uzoq muddatli o‘sishini ta’minlashda muhim omil ekanini ko‘rsatadi.
Maqolada platforma iqtisodiyoti sharoitida bozor ekotizimining raqobat va hamkorlik uyg‘unligiga asoslangan modeli tahlil qilinadi. Tadqiqotda kompaniyaning markaziy subyekt sifatidagi o‘rni, yetkazib beruvchilar, iste’molchilar, yangi kirib keluvchilar va o‘rinbosar platformalar bilan o‘zaro munosabatlari yoritiladi. Model “koopetitsiya” tamoyili asosida raqobat bosimi va hamkorlik orqali qiymat yaratish jarayonlarini ochib beradi. Olingan natijalar platforma bozorlarida barqaror rivojlanish, innovatsiyalarni jadallashtirish va bozor samaradorligini oshirish mexanizmlarini tushuntirishga xizmat qiladi.
Maqolada O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi, xususan Jahon savdo tashkilotida ishtirok etish siyosatining iqtisodiy asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqot savdo kelishuvlarining eksport, investitsiyalar va raqobatbardoshlikka ta’sirini ochib beradi. Xalqaro va mintaqaviy tajriba asosida savdo siyosatini shakllantirishda inklyuzivlik, institutsional muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlar ishtirokining ahamiyati yoritiladi. Empirik tahlil 2000–2024-yillar uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ma’lumotlari asosida panel regressiya modeli orqali amalga oshiriladi. Natijalar JSTga a’zolik YAIM hajmini o‘rtacha 17 foizga oshirishini ko‘rsatadi. Shuningdek, JST a’zoligi investitsiya muhitini yaxshilashi, eksport diversifikatsiyasini kuchaytirishi va institutsional islohotlarni jadallashtirishi aniqlangan. Prognoz tahliliga ko‘ra, 2030-yilga kelib O‘zbekiston YAIMi JSTga a’zo bo‘lish sharoitida 245 mlrd AQSh dollariga yetishi mumkin. Maqolada savdo liberallashuvining ehtimoliy ijtimoiy va tarmoqlararo xatarlariga ham e’tibor qaratilib, muvozanatli savdo siyosati bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi.
Ushbu maqolada Navoiy viloyatining turizm salohiyatini oshirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlar aniqlangan bo‘lib, hududdagi turizm infratuzilmasi, raqamli transformatsiya jarayonlari va barqaror turizm tamoyillari tahlil etiladi. Tadqiqotda klaster yondashuvi, raqamli innovatsiyalar hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosida ilmiy takliflar ishlab chiqilgan. Natijalar Navoiy viloyati turizm sektorining raqobatbardoshligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va hududiy rivojlanish samaradorligini ta’minlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu maqolada mahalla institutlarining bandlikni ta’minlashdagi amaliy roli, mavjud tashkiliy va institutsional mexanizmlarning samaradorligi hamda ularni takomillashtirish zarurati ilmiy asosda tahlil qilinadi. Mahalla kesimida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari mahalla faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari orasida bandlik masalasining yetarli darajada markazlashmaganini va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning tizimlashtirilmaganligini ko‘rsatdi. Tadqiqot doirasida mahalla institutlarining diagnostika, kasbga tayyorlash, o‘z-o‘zini band qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy resurslarni safarbar qilish va monitoring kabi funksiyalarni integratsiyalashgan tizim sifatida shakllantirish bo‘yicha institutsional-tashkiliy mexanizm ishlab chiqildi. Taklif etilgan mexanizm mahalla boshqaruvining bandlikni ta’minlashdagi salohiyatini kuchaytirishga, uy xo‘jaligi bizneslarini rivojlantirishga hamda hududiy mehnat bozorini jonlantirishga xizmat qiladi.
O‘ZBEKISTONDA TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINING BARQARORLIK REYTINGINI JORIY ETISH ASOSLARI, METODOLOGIYA VA NATIJALAR TAHLILI
Zafarbek Abdullayev
Mazkur maqolada O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi tizimini joriy etishning huquqiy asoslari, metodologiyasi va dastlabki natijalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi reyting tizimining mazmun-mohiyatini, baholash mezonlaridagi o‘zgarishlarni va ularning soliq intizomi hamda biznes muhiti barqarorligiga ta’sirini aniqlashdan iborat. Metodologik jihatdan deskriptiv va analitik tahlil, xalqaro tajriba bilan qiyosiy yondashuv, diagnostik baholash hamda raqamli monitoring usullari qo‘llanilgan. Davlat soliq qo‘mitasi axborot tizimlari, rasmiy statistik ma’lumotlar va normativ-huquqiy hujjatlar empirik baza sifatida foydalanilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, barqarorlik reytingi joriy etilgach, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, hisobotlarni kechiktirmasdan topshirish, elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanish, ish bilan bandlik va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar bandligi sezilarli darajada oshgani aniqlangan. Shuningdek, reyting mezonlarini 30 kunlik o‘rtacha ball asosida hisoblash, yangi rag‘batlantiruvchi va kamaytiruvchi indikatorlarni joriy etish tizimning shaffofligi va selektiv fiskal boshqaruv imkoniyatlarini kengaytirgani asoslab beriladi. Muallif reyting tizimini sohaviy va hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda yanada takomillashtirish, shuningdek banklar, investorlar va davlat xaridlari amaliyotida faol qo‘llash bo‘yicha takliflar ilgari suradi.
Ushbu maqolada mintaqa sanoatida raqamli xizmatlar bozorini tijoratlashtirish jarayonlarini samarali tashkil etish uchun “Aqlli elektron” platformasini joriy etish mexanizmlari tadqiq qilingan. Raqamli transformatsiya sharoitida ushbu platforma hududdagi korxonalarni zamonaviy IT yechimlar asosida bozorga integratsiya qilish, raqobatbardoshligini oshirish va iqtisodiy o‘sishiga xizmat qiladi. Tadqiqotda platformani tashkil etishda ilg‘or xorijiy tajriba, milliy qonunchilik bazasi, asosiy biznes jarayonlarini optimallashtirish, asoslangan xavflarni aniqlash hamda samaradorligini oshirish yo‘llari tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada “Aqlli elektron” platformasi yordamida hududiy ishlab chiqarish tizimlarini raqamli iqtisodiyot sharoitiga moslashtirish, qo‘shilgan qiymatlarini oshirish va barqarorligini ta’minlash bo'yicha amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada qurilish xizmatlarining iqtisodiy mohiyati, mazmuni va tasnifi ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilinadi. Xizmatlar sohasi nazariyasining evolyutsiyasi doirasida qurilish xizmatlarining mustaqil iqtisodiy faoliyat turi sifatidagi o‘rni ochib beriladi. Tadqiqotda qurilish xizmatlarining investitsiya-qurilish jarayonidagi roli, ularning real sektor rivojlanishi, hududiy iqtisodiy o‘sish va inson kapitalini shakllantirishga ta’siri asoslab berilgan. Shuningdek, qurilish xizmatlarining funksional, texnologik va iqtisodiy belgilariga ko‘ra tasnifi ishlab chiqilib, ushbu xizmatlarning yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishdagi ahamiyati yoritilgan. Olingan xulosalar qurilish xizmatlari bozorini rivojlantirish, boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda amaliy ahamiyat kasb etadi.