Maqola O‘zbekiston Respublikasi sanoat korxonalari iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash tizimiga raqamli texnologiyalarni yashil iqtisodiyot tamoyillari asosida integratsiyalash mexanizmlarini tadqiq etishga bag‘ishlangan. Ishda sanoat sektorining raqamli transformatsiyasining hozirgi holati tahlil qilinib, raqamli va yashil texnologiyalarni bir vaqtning o‘zida joriy etishning sinergetik ta’sirlari aniqlangan. Tadqiqot 2019-2024-yillar oralig‘idagi statistik ma’lumotlarning kompleks tahlili, ekspert baholari va xalqaro tajribalarga asoslangan. Raqamlashtirish sharoitida iqtisodiy xavfsizlikning asosiy tarkibiy qismlari belgilandi: kiberxavfsizlik, texnologik suverenitet, operatsion barqarorlik va ekologik mas’uliyat.
Mazkur maqola innovatsion iqtisodiyot sharoitida mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining kelajakdagi senariylarini ilmiy asoslangan holda tahlil qiladi. Kirish qismida zamonaviy tendensiyalar (raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, yashil texnologiyalar va iqlim oʻzgarishi) belgilangan boʻlib, adabiyotlar sharhi soʻnggi 5 yildagi nufuzli jurnallardagi bir qancha ilmy tadqiqot ishlariga asoslangan, RIS (mintaqaviy innovatsion tizimlar) evolyutsiyasi, empirik modellar va siyosiy tavsiyalarni qamrab oladi. Metodologiya sistematik adabiyotlar tahliliga (SLR) va senariy rejalashtirishga asoslangan. Natijalar uchta senariyni koʻrsatadi: optimistik (raqamli integratsiya orqali 2–5% oʻsish), pessimistik (tengsizlik va stagnatsiya) va aralash (transformatsion moslashish). Xulosada RISni mustahkamlash va yashil innovatsiyalarga sarmoya kiritish taklif etilgan.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududiy rivojlanish dasturlarida BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) integratsiyasi masalalari o‘rganilgan. Tadqiqot davomida 2017-2023 yillarda qabul qilingan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar kontent-tahlil usuli orqali tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ayrim hududlarda SDG tamoyillari yuqori darajada aks etgan bo‘lsa, boshqalarda faqat umumiy g‘oya darajasida tilga olingan. Maqolada hududlar bo‘yicha integratsiya darajasi farqlari aniqlanib, konseptual yondashuvni kuchaytirish, indikatorlarni moslashtirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu maqolada mikrorayon hududida insolyatsiyani optimallashtirish orqali aholi uchun sanitariya va ekologik sharoitlarni ta’minlashning ilmiy-amaliy jihatlari ko‘rib chiqiladi. Insolyatsiya sog‘lom va qulay shahar muhitini shakllantirishda asosiy omillardan biri ekani, binolarning energiya samaradorligiga, ekologik muvozanatga hamda arxitektura va shaharsozlik yechimlariga bevosita ta’sir ko‘rsatishi qayd etiladi. Hisoblash usullari qurilish geometriyasi, mintaqaviy iqlim xususiyatlari hamda matematik modellashtirishdan foydalanishga asoslangan. Mikrorayon infratuzilmasini optimallashtirishda sanitariya, ekologik va demografik sharoitlarning o‘zaro bog‘liqligi namoyish etiladi. Toshkent shahri amaliyotidan va xorijiy tajribadan misollar keltiriladi. Insolyatsiya talablarini mintaqaviy shaharsozlik dasturlariga integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Xalqarolashtirish oliy ta’lim sohasida raqobatbardoshlikning asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda, u oliygohlarning global maydondagi mavqei, imiji va bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlarini belgilab beradi. Rivojlanayotgan davlatlar uchun esa bu jarayon xalqaro ilmiy hamjamiyatga kirish va jahon reytinglarida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini beradi. Ushbu maqolaning maqsadi – O‘zbekiston universitetlarining raqobatbardoshligini oshirishda xalqarolashtirishning qanday rol o‘ynashini turli oliygohlar va mutasaddi tashkilot vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida tahlil qilishdir. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston universitetlari xalqarolashtirishni faol qo‘llayotgan bo‘lsalar-da, boshqaruv, resurslarni taqsimlash va til salohiyatida muammolar mavjud. Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) va Toshkent shahridagi Vebster universiteti kabi xalqaro hamkorlikka ega oliygohlar xalqaro tarmoqlardan samaraliroq foydalanmoqda, milliy universitetlar asta-sekinlik bilan talabalar almashinuvi dasturlari va xorijda o‘qituvchilar malakasini oshirish orqali harakat qilmoqda. Maqolada ta’kidlanadiki, agar xalqarolashtirish ta’lim, ilmiy tadqiqot va boshqaruv jarayonlariga to‘liq integratsiya qilinmasa, u O‘zbekiston oliy ta’limida barqaror raqobatbardoshlik omili sifatida qaralishi mumkin emas.
Ushbu maqola mintaqalar iqtisodiy rivojlanishidagi tafovutlarni baholashdagi zamonaviy yondashuvlarni ilmiy asoslangan holda tahlil qiladi. Kirish bo‘limida global iqtisodiyotdagi mintaqaviy tafovutlarning muhimligi, raqamlashtirish, barqarorlik va chidamlilik tendensiyalari ta’kidlangan. Adabiyotlar sharhida so‘nggi yillar ichidagi nufuzli xalqaro jurnallardagi 15 tadan ortiq maqolaga asoslanib, fazoviy modellashtirish, raqamli tahlil, chidamlilik va institutsional omillar guruhlari muhokama qilingan. Metodologiya mixed-methods dizayniga asoslangan bo‘lib, adabiyotlar sintezi va sistematik tahlilni o‘z ichiga oladi. Tahlil natijalari fazoviy avtokorrelatsiya, ekologik sezgirlik va institutsional indikatorlar orqali tafovutlarning dinamikasini ochib beradi, rivojlanayotgan mamlakatlarda divergensiya jarayonlarini ko‘rsatadi. Xulosada yondashuvlarning afzalliklari va cheklovlari baholanib, joyga asoslangan siyosatlar, yashil investitsiyalar va raqamli integratsiya tavsiya etilgan. Natijalar mintaqaviy tafovutlarni kamaytirishda ilmiy va amaliy qiymatga ega.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida yoqilg‘i-energetika resurslari (YER) iste’moli tuzilmasi va energiya samaradorligi bo‘yicha qiyosiy tahlil o‘tkazilgan. 2024-yil statistik ma’lumotlari asosida hududlararo sezilarli nomutanosibliklar aniqlangan: energiya samaradorligi ko‘rsatkichi Andijon viloyatida 1,3%dan Toshkent viloyatida 8,0%gacha farqlanadi. Qator hududlarda (Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo viloyati) energiya samaradorligining yuqori darajasi qazib olinadigan yoqilg‘iga yuqori darajada bog‘liqlik (73%dan ortiq) bilan uyg‘unlashgani aniqlangan bo‘lib, bu ekologik barqarorlik uchun xavflar keltirib chiqaradi. Klaster tahlili asosida iste’mol profillari o‘xshash bo‘lgan hududlar guruhlari shakllantirilgan hamda har bir guruh uchun differensial siyosiy chora-tadbirlar taklif etilgan. Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya balansini diversifikatsiya qilish va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish sharoitida raqamli yechimlarni integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.