Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasida mahalliy byudjetlarning daromadlar bazasini mustahkamlash, yuqori byudjetdan quyi byudjetlarga ajratiladigan transfertlar hajmi va ularni boshqarish masalalari tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida mahalliy byudjetlarning daromad va xarajatlari dinamikasi o‘rganilib, daromadlarni oshirish hamda moliyaviy resurslardan samarali foydalanish zarurati asoslab berilgan. Shuningdek, mahalliy byudjet daromad va xarajatlari o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga kelgan holatlarda byudjet barqarorligini ta’minlash, xususan, tarnsfertlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur ilmiy maqolada turizm turlarini diversifikatsiyalashda boshqaruv mexanizmlarining samaradorligi nazariy va empirik jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda turizm tarkibiy tuzilmasining o‘zgarish dinamikasi 2020-2024 yillar ma’lumotlari asosida o‘rganilib, diversifikatsiya darajasini baholash uchun Gerfindal–Xirshman indeksi (TDI) va Shennon entropiya indeksi (EDI) qo‘llanildi. Shuningdek, turizm daromadlari bilan infratuzilma investitsiyalari, davlat-xususiy sheriklik loyihalari va raqamli marketing xarajatlari o‘rtasidagi bog‘liqlik korrelyatsiya va regressiya tahlili asosida baholandi. Empirik natijalar turizm diversifikatsiyasi darajasi bilan iqtisodiy o‘sish o‘rtasida kuchli ijobiy bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatdi. Diversifikatsiya indeksi oshishi daromadlar o‘sishini tezlashtirishi aniqlandi. Boshqaruv intensivligi va samaradorlik koeffitsientlari resurslardan foydalanish samarasi yillar davomida oshganini tasdiqladi. Tadqiqot natijalari turizm sohasida kompleks boshqaruv yondashuvi va institutsional muvofiqlashuv barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashini ilmiy asoslab berildi.
Ushbu maqolada chiqindilarni qayta ishlash sohasini takomillashtirishda yashil moliya instrumentlarining iqtisodiy va ekologik ahamiyati chuqur tahlil qilingan. Hozirgi kunda sanoat chiqindilarining ortib borishi, ekologik muammolarning kuchayishi hamda resurslardan oqilona foydalanish zarurati chiqindilarni qayta ishlash tizimini rivojlantirishni talab etmoqda. Mazkur jarayonda yashil moliya instrumentlari muhim moliyaviy mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda. Maqolada yashil obligatsiyalar, ekologik kreditlar, davlat subsidiyalari va grantlar kabi moliyaviy instrumentlarning mohiyati ochib berilgan hamda ularning chiqindilarni qayta ishlash sohasidagi amaliy qo‘llanilishi tahlil etilgan. Tadqiqot davomida chiqindilarni qayta ishlash sanoatining hozirgi holati, mavjud moliyaviy muammolari va investitsion cheklovlari o‘rganilgan. Ayniqsa, an’anaviy moliyalashtirish manbalari korxonalarning texnologik modernizatsiyasi va ekologik xavfsizlik talablarini to‘liq qondira olmasligi asoslab berilgan. Shu bois yashil moliya instrumentlari orqali uzoq muddatli va barqaror moliyalashtirish tizimini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu maqolada qayta ishlash korxonalarida xarajatlar hisobi va tahlilining dolzarbligi, uning samaradorligini oshirish usullari va zamonaviy moliyaviy boshqaruv tizimlaridagi ahamiyati ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonidagi xarajatlarni kamaytirish va resurslardan oqilona foydalanish strategiyalari ham tahlil qilinadi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarida ishlab chiqarish faoliyatining iqtisodiy samaradorligi va tashkiliy mexanizmlari tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va samaradorligini oshirishda ilg‘or boshqaruv yondashuvlari - tejamkor ishlab chiqarish, o‘z vaqtida ishlab chiqarish va olti sigma tizimi muhim rol o‘ynaydi. Ishlab chiqarish jarayonlarining iqtisodiy jihatlari (resurslardan foydalanish, tannarx, energiya va suv sarfi) va tashkiliy jihatlari (bo‘limlararo muvofiqlashtirish, sifat nazorati, xodimlar malakasi) o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularning kompleks boshqaruvi korxonaning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, maqolada tarmoqdagi modernizatsiya jarayonlari, eksport ko‘rsatkichlari va ishchi kuchi samaradorligi ham tahlil qilindi.
Ushbu maqolada kichik sanoat korxonalarida mahsulot tannarxini kamaytirish va optimallashtirishning asosiy usullari tahlil qilinadi. Tannarxni kamaytirish orqali korxonalar raqobatbardoshligini oshirish va bozor talablariga tez moslashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Maqolada ishlab chiqarish jarayonlarini samarali boshqarish, xomashyo va resurslardan oqilona foydalanish, texnologik yangilanishlarni joriy etish, shuningdek, logistika va inventarizatsiya tizimlarini takomillashtirish usullari ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, maqolada kichik biznesning iqtisodiy sharoitlariga mos keladigan tannarxni optimallashtirish strategiyalari ham tavsiya etilgan.
Ushbu maqola Qashqadaryo viloyatidagi sanoatning hozirgi holatini kompleks tahlil qiladi. Maqolada viloyat sanoatining tarkibi, rivojlanish dinamikasi, asosiy tarmoqlar va investitsiya imkoniyatlari ilmiy asosda ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, viloyat sanoatidagi mavjud muammolar, ular sababli yuzaga kelayotgan iqtisodiy to‘siqlar va sohada innovatsion yechimlarni joriy etish imkoniyatlari aniqlanadi. Tadqiqotda statistik ma’lumotlar, iqtisodiy ko‘rsatkichlar va amaliy misollar asosida analizlar olib borilgan. Natijada, viloyat sanoatining strategik rivojlanish istiqbollari, samarali resurslardan foydalanish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
This article highlights the essence and importance of the process of introducing the principles of the "green economy" in Uzbekistan. The work being carried out in the country to ensure environmental sustainability, rational use of resources, expand the share of "green energy", and use water-saving technologies in agriculture is analyzed. The opportunities and obstacles associated with this new model of the economy are also studied and ways to overcome them are indicated. The article describes in detail the prospects for green transformation using international experience, state strategies and investment projects as an example.
Mazkur ilmiy maqolada turizm turlarini transformatsiyalash va diversifikatsiyalash jarayonlari xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda 2020-2025 yillar davomida pandemiyadan keyingi tiklanish bosqichida turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar, strategik yondashuvlar va institutsional mexanizmlar o‘rganilgan. Xususan, turizmni raqamli transformatsiya qilish, mahsulot va bozor diversifikatsiyasi, mavsumiylikni yumshatish, barqaror va “yashil” turizmni joriy etish hamda turistik xizmatlar qiymatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar tahlil etilgan. Tadqiqotda turizmni transformatsiyalash va diversifikatsiyalashning asosiy omillari sifatida davlat siyosati va strategik rejalashtirish, infratuzilmaviy investitsiyalar, raqamli texnologiyalar, madaniy va tabiiy resurslardan samarali foydalanish, hamda barqaror rivojlanish tamoyillari belgilangan. Shuningdek, xorijiy tajriba asosida milliy turizm siyosatini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqilgan.