Tadqiqot raqamli bank xizmatlarining jadal rivojlanishi sharoitida O‘zbekiston bank tizimining kiberxavfsizligi va barqaror faoliyatini taʼminlash muammolarini oʻrganishga bagʻishlangan. Bank sektorining raqamlashtirilishi raqamli banklar va ekotizimlar kabi yangi mahsulot va servislarning paydo boʻlishiga olib kelib, milliy moliyaviy hamda kiberxavfsizlik masalalarining dolzarbligini oshirmoqda. Tadqiqotning maqsadi bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasining asosiy yoʻnalishlarini kiberxavfsizlik kontekstida tavsiflashdan iborat. Maqolada bank xizmatlarining raqamli transformatsiyasi tushunchasiga doir yondashuvlar tizimlashtirilgan, jahon tajribasi asosida komparativ tahlil oʻtkazilgan, O‘zbekiston bank tizimidagi kiberxatarlar dinamikasi va ularning obyektlari tahlil qilingan hamda kiberxavfsizlikni kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari bank sektorini davlat tomonidan tartibga solish va barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda amaliy ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining shakllanishi, uning evolyutsion rivojlanish bosqichlari va zamonaviy iqtisodiy islohotlar sharoitidagi istiqbollari tahlil qilinadi. Tadqiqotda bank tizimining mustaqillik yillaridagi transformatsiyasi, xususan, 2017-yildan keyingi davrda amalga oshirilgan tub islohotlar, banklarning xususiylashtirilishi va raqamli transformatsiyasi batafsil yoritilgan. Bank tizimi barqarorligini ta'minlovchi makroiqtisodiy omillar, kapital yetarliligi va aktivlar sifati statistik ma'lumotlar asosida tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada bank xizmatlari bozorini liberallashtirish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik va sohaga zamonaviy fintex texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilinadi. Tadqiqot natijasida O‘zbekiston bank tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular sohaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Maqolada islomiy bank tizimining real iqtisodiyot sektoriga investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishdagi roli ko‘rib chiqiladi. Shariat tamoyillariga asoslangan islomiy moliyaviy institutlar risklarni adolatli taqsimlash, bitimlarning shaffofligini ta’minlash hamda haqiqiy iqtisodiy qiymatga ega loyihalarga yo‘naltirilishi bilan ajralib turadi. Nazariy asoslar va islomiy moliya tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasi tahlili asosida islomiy bank tizimi nafaqat ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilishga, balki moliyaviy sektor barqarorligini oshirishga ham xizmat qilishi aniqlangan. Alohida e’tibor O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etish istiqbollariga qaratilib, bu kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va bank tizimiga ishonchni mustahkamlash omili sifatida ko‘rib chiqiladi
Maqolada bank sektorini raqamlashtirishning zamonaviy tendensiyalari ko‘rib chiqiladi, xalqaro tajribani tahlil qilish va O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni joriy etishning o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratiladi. Tinkoff Bank, WeBank va Monzo kabi banklarning muvaffaqiyatli o‘zgarishi misollari keltirilgan, ular mobil ilovalar, sun’iy intellekt, blockchain texnologiyalari va CRM tizimlaridan foydalanish samaradorligini namoyish etadi. Kapitalbank ATBni raqamlashtirish kontekstida rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan yangi texnologiyalarni joriy etish, mijozlar xizmatini takomillashtirish va axborot xavfsizligini mustahkamlash o‘rganildi. Tahlil asosida milliy xususiyatlar va xalqaro tajribani hisobga olgan holda O‘zbekiston bank tizimining raqamli transformatsiyasini jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ushbu tadqiqotda korporativ boshqaruvning tijorat banklarida ESG (Ekologik, Ijtimoiy va Korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqotda ikkilamchi ma’lumotlardan banklarning barqarorlik hisobotlari, yillik hisobotlar, hamda O‘zbekiston Markaziy banki va xalqaro moliya institutlarining nashrlaridan foydalanilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalari, xususan, mustaqil direktorlar ulushi, gender xilma-xilligi va kuzatuv qo‘mitalari ESG tamoyillarining samarali joriy etilishiga hamda moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston banklarida ESG hisobotlarini e’lon qiluvchi muassasalar soni 2019-yildagi 2 tadan 2024-yilda 8 tagacha oshgan. Mustaqil va xilma-xil tarkibli boshqaruv kengashiga ega banklar yuqori ESG ko‘rsatkichlari hamda yuqori aktiv rentabelligi va pastroq muammoli kreditlar ulushi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, malakali mutaxassislar yetishmasligi, yagona ESG hisobot standartining yo‘qligi va siyosatlarning to‘liq amalga oshmasligi hali ham dolzarb muammolar sifatida qolmoqda.
Ushbu tadqiqot O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoda tez sur’atlar bilan moliyaviy va barqarorlik islohotlarini amalga oshirayotgan, ammo ilmiy jihatdan hali yetarlicha o‘rganilmagan rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) ma’lumotlarini oshkor etishning bank rentabelligi hamda bozor qiymatiga ta’sirini o‘rganadi. 2015–2024 yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan 22 ta tijorat bankining panel ma’lumotlari asosida yillik va barqarorlik hisobotlarining tizimli kontent tahlili orqali maxsus tuzilgan ESG oshkor etish indeksi shakllantirildi. Moliyaviy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Markaziy bankining ochiq ma’lumotlaridan olindi. Bank rentabelligi ko‘rsatkichi sifatida sof foyda marjasi (Net Profit Margin), bozor qiymatini baholash uchun esa Tobin Q koeffitsienti va bozor kapitallashuvi ishlatildi. Endogenlik va kuzatilmaydigan farqlarni hisobga olish maqsadida fiksirlangan ta’sirlar (FE), tasodifiy ta’sirlar (RE) hamda tizimli umumlashtirilgan momentlar usuli (System GMM) modellari qo‘llanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajadagi ESG ma’lumotlarini oshkor etish bank rentabelligi bilan ijobiy bog‘liq. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, ushbu bog‘liqlik asosan “boshqaruv” (G) komponenti tomonidan shakllanadi, “atrof-muhit” (E) va “ijtimoiy” (S) omillarning esa statistik jihatdan sezilarli ta’siri aniqlanmadi. Bu holat o‘tish davridagi iqtisodiyotlarda ESG o‘lchovlarining kontekstga xos ahamiyatini ta’kidlaydi. Natijalarning ishonchliligi kechiktirilgan modellardan, mulkchilik shakliga qarab sub-namuna tahlillaridan hamda muqobil ESG ko‘rsatkichlaridan foydalangan mustahkamlovchi testlar orqali tasdiqlandi. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning amaldagi institutsional muhitida korporativ boshqaruv islohotlari faol olib borilayotgan va “yashil moliya” infratuzilmasi endigina shakllanayotgan bir sharoitda kuzatuv kengashi faoliyati, risklarni boshqarish va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha oshkoralik operatsion samaradorlikni hamda manfaatdor tomonlar ishonchini oshiradi, bu esa sof foyda marjasining o‘sishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot Markaziy Osiyoda ESG va moliya o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlarni boyitadi hamda ESG komponentlarining moliyaviy ahamiyatiga oid umumiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga turtki beradi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, islohotlarning dastlabki bosqichidagi iqtisodiyotlarda “boshqaruv” komponenti eng muhim moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ustun hisoblanadi. Ushbu xulosalar tartibga soluvchilar, bank menejerlari va xalqaro investorlar uchun muhim amaliy ahamiyatga ega: ishonchli boshqaruvga oid ma’lumotlarni oshkor etishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash moliyaviy natijalarni yaxshilash va bozor legitimligini mustahkamlashning samarali strategik yo‘lidir. O‘zbekistonning “Yashil iqtisodiyot rivojlanishi bo‘yicha milliy strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonida ushbu tadqiqot bank sektorida ESG integratsiyasini bosqichma-bosqich va institutsional xususiyatlarni inobatga olgan holda yo‘lga qo‘yish uchun empirik asos yaratadi.
Ushbu tadqiqotda 2020-2025 yillar oralig‘idagi yillik va choraklik ma’lumotlardan foydalanib O‘zbekiston bank sektoridagi davlat va nodavlat banklarda muammoli kreditlarning dinamikasi tahlil qilingan. Tijorat banklari tomonidan ajratilgan jami kreditlar va muammoli kreditlar o‘rtasidagi bog‘liqlik banklarning mulkchilik shakliga ko‘ra alohida o‘rganildi. Olingan natijalar davlat ulushiga ega banklarda risklarni boshqarish samaradorligi pastligi va ular ko‘proq riskga moyilligini ko‘rsatdi.
Мақолада сунъий интеллект (СИ) технологияларининг хизмат кўрсатиш соҳасини трансформация қилиш ва унинг самарадорлигини оширишдаги амалий аҳамияти глобал ва миллий даражада кўриб чиқилди. Халқаро тадқиқотлар ва статистик маълумотлар таҳлили асосида СИ жараёнларни автоматлаштириш, бизнес-моделларни оптималлаштириш ҳамда мижозлар тажрибасини персоналлаштиришга хизмат қилиши кўрсатиб берилган. Ўзбекистон тажрибасига алоҳида эътибор қаратилиб, мамлакатда СИни жорий этиш «Рақамли Ўзбекистон – 2030» давлат дастурининг асосий йўналишларидан бири сифатида баҳоланди. Ишда СИнинг банк сектори, тиббиёт, таълим ва туризм соҳаларига муваффақиятли интеграция қилинган мисоллари ёритилган, шунингдек, институционал муаммолар ва келгусидаги ривожланиш истиқболлари белгиланган.
Ushbu maqolada O‘zbekistonda 2021-yildan boshlab Markaziy bank tomonidan rasman qo‘llanilayotgan inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosati transmissiya mexanizmi muhokama qilinadi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, asosiy qayta moliyalash stavkasi moliyaviy tizim orqali ishlab chiqarish hajmi va narxlarga ta’sir ko‘rsatadi. Bunda 2010–2023-yillarni qamrab olgan choraklik ma’lumotlar asosida Vektor Avtoregressiya (VAR) va Strukturaviy Vektor Avtoregressiya (SVAR) usullaridan foydalanilgan. Natijalar foiz stavkasi kanali eng samarali transmissiya kanali ekanini, undan keyin valyuta kursi kanali kelishini, kredit kanalining esa bank sektoridagi tarkibiy zaifliklar sabab cheklanganligini ko‘rsatadi. Pul-kredit siyosati shoklari 12 oylik ufqda inflyatsiya dispersiyasining qariyb 18–22 foizini izohlaydi. Asosiy to‘siqlar sifatida dollarizatsiya, davlat ulushi yuqori bo‘lgan bank sektori, moliyaviy vositachilikning samarasizligi va moliyaviy savodxonlikning past darajasi qayd etilgan. Siyosiy tavsiyalar qatoriga fiskal siyosatni muvozanatlashtirish, moliyaviy sektor islohotlarini jadallashtirish hamda Markaziy bank kommunikatsiyasini kuchaytirish kiradi.
Mazkur maqolada qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishda byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini integratsiyalash orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlash masalalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektori misolida davlat byudjeti subsidiyalari, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi va tijorat banklari kreditlashining o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga keladigan sinergetik samarani baholashdir. Metodologik asos sifatida ilmiy-adabiy manbalar tahlili, korrelatsion va regressiya tahlili, sug‘urta hisoblash modeli, kredit xavfi tahlili hamda fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksini baholash usullaridan foydalanildi. IMF, FAO, Jahon banki, OECD va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekistonning rasmiy statistik ma’lumotlari asosida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Tadqiqot natijalari davlat agrar xarajatlari ulushi oshishi qishloq xo‘jaligi o‘sishining o‘zgaruvchanligini kamaytirishini, sug‘urta qamrovi kengayishi agrar kreditlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashini, sug‘urtalangan kreditlarda defolt ehtimoli sezilarli darajada pasayishini ko‘rsatdi. Fermer xo‘jaliklari kapitalizatsiya indeksining pastligi O‘zbekistonda agrar kapital ta’minotini kuchaytirish zarurligini tasdiqlaydi. Mualliflar byudjet, sug‘urta va bank mexanizmlarini kompleks integratsiyalash agrar sektor moliyaviy barqarorligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishi ekanini asoslaydi va agrar siyosat uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqadi.
Мақолада Ўзбекистонда замонавий босқичда банк секторининг трансформацияси ва ривожланиши, унинг ўзига хос хуқуқий жихатлари ҳамда хусусиятлари, бу борада мавжуд муаммолар амалий маълумотлар асосида ўрганилган. Олиб борилган тадқиқот юзасидан амалий таклиф ва илмий тавсиялар ишлаб чиқилган.
Ushbu maqolada an’anaviy va islomiy banklar faoliyatining integratsiyasi jarayonlari, ularning global moliya bozoriga ta’siri va ushbu sohadagi imkoniyatlar hamda muammolar o‘rganiladi. Tadqiqotda an’anaviy banklar tarkibida “Islom darchalari”ni tashkil etishning iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi roli va moliya bozorini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, ushbu integratsiyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda bank tizimi barqarorligi va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi ahamiyati empirik va nazariy yondashuvlar asosida yoritiladi. Maqola xalqaro moliyaviy hamkorlik va islomiy moliyaning jahon moliya bozorida o‘rnini mustahkamlash istiqbollarini ochib beradi.
Ushbu maqolada moliyaviy sohani raqamlashtirish sharoitida nobank kredit tashkilotlarida buxgalteriya hisobi tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinadi. Mikromoliya tashkilotlari, lombardlar va boshqa bank bo‘lmagan kredit tashkilotlarida buxgalteriya jarayonlarining hozirgi holati tahlil qilindi. Moliyaviy hisobotlarni tashkil etishning xalqaro yondashuvlari o‘rganilib, ushbu sektorda buxgalteriya hisobining asosiy muammolari aniqlandi. Raqamli texnologiyalarni joriy etish, buxgalteriya tartib-taomillarini standartlashtirish va bankdan tashqari kredit tashkilotlarining moliyaviy hisobotlari sifatini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taklif etildi.
Maqolada Oʻzbekistonning tijorat banklarida risklarni boshqarish tizimini takomillashtirishning zamonaviy yondashuvlari tahlil etiladi. 2022 – 2025 yillar boʻyicha tijorat banklarining aniq statistik maʼlumotlari keltiriladi. Bank faoliyati va amaliyotida uchraydigan kredit, bozor, operatsion, likvidlilik, reputatsion va komplaens risklarga taʼrif beriladi va Oʻzbekiston bozorida shu risklarni qisqartirish boʻyicha takliflar beriladi. Bu borada sunʼiy intellekt, mashinali oʻrganish texnologiyalarini joriy etish orqali xavflarni kamaytirish usullari, xalqaro standartlar, texnologik innovatsiyalar va banklarning moliyaviy barqarorligini oshirish uchun inson kapitalini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan integratsiyalashgan yechimlar taklif etiladi.
Qonunchilik, farmonlar va Respublikaning 2030-yilgacha bo'lgan strategiyasida mustahkamlangan gender tengligini oshirish O'zbekiston Respublikasi hukumati oldida turgan dolzarb va muhim vazifalardan biridir. Ushbu maqolada O'zbekistondagi tijorat banklarining yuqori boshqaruv darajalarida gender xilma-xilligi holati kuzatiladi va tahlil qilinadi hamda uni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar beriladi.