Ushbu maqolada masofaviy elektron deklaratsiyalash postlarini birlashtirish orqali tashkil etilgan Bojxona rasmiylashtiruv markazi faoliyati samaradorligini oshirishda xodimlarni o‘qitish va rivojlantirish asosiy omil sifatida ko‘rib chiqiladi. Vazirlik darajasidagi vazifalarning noadolatli taqsimlanishi, samaradorlikni baholashdagi yetarli shaffoflikning mavjud emasligi va yangi xodimlarni adaptatsiya qilish tizimining zaifligi kabi tashkiliy muammolar tahlil qilingan. Ilmiy metodologik yondashuvlar taqdim etilgan, raqamli instrumentlar va jarayonli boshqaruv elementlarini joriy etish zarurligi asoslab berilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kadrlar salohiyatini rivojlantirish Bojxona markazi samaradorligini oshirish va intellektual bojxona maʼmuriyatchilik modeliga o‘tishda tizimli omil hisoblanadi.
Ushbu tadqiqot Oʻzbekiston Respublikasida 2019-yildan joriy etilgan vakolatli iqtisodiy operator (VIO) institutining muhim moliyaviy imtiyozlaridan biri – bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash mexanizmidan foydalanish dinamikasini empirik jihatdan oʻrganadi. 2021-2025-yillar davomida 96 ta VIO maqomiga ega (faol) korxonaning bojxona yuk deklaratsiyalaridagi ma’lumotlari asosida oʻtkazilgan tahlil shuni koʻrsatdiki, kechiktirib toʻlangan bojxona toʻlovlari summasi ulushi 2021-yildagi 9,95 foizdan 2023-yilga kelib 33,66 foizgacha oʻsdi, soʻngra 2025-yilda 24,51 foizda barqarorlashdi. Toifaviy kesimda yaqqol tafovut aniqlandi: I toifali firmalar 9,9%, yuqori toifali firmalar (I va II, II, III toifalar) esa 28,9% ulushda kechiktirib toʻlash imtiyozidan foydalanmoqda. Tadqiqot VIO maqomining vaqt va yoʻlak samarasi bilan bir qatorda muhim moliyaviy kapital boshqaruvi vositasi ekanini empirik jihatdan asoslaydi hamda VIO institutining amaliy samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq takliflarni ilgari suradi.
Mazkur maqolada Oʻzbekistonda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish jarayonida natijaga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish tizimining oʻrni va ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqotda amaldagi normativ-huquqiy baza asosida budjet dasturlarini shakllantirish, monitoring qilish va baholash mexanizmlari oʻrganilib, ularning samaradorlikka taʼsiri baholanadi. Shu asosda budjet dasturlarining natijadorligini oshirish, monitoring va baholash tizimini takomillashtirish hamda natijaga yoʻnaltirilgan budjetlashtirishni bosqichma-bosqich rivojlantirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi.