Mazkur maqolada innovatsiyalarni iqtisodiyotda qoʻllashning xorij va oʻzbek olimlari talqinlari tahlil qilingan. Innovatsion iqtisodiyot xususiyatlari, davlatlar milliy iqtisodiyotining innovatsionlik darajasini aniqlash koʻrsatkichlari, innovatsiyalar, iqtisodiy oʻsish va bandlik oʻrtasida yuqori darajadagi izchil bogʻlanish yoritilgan. Axborot kommunikatsion texnologiyalarining rivojlanishi bilan bogʻliq ish bilan bandlikning innovatsion shakllari kengayishi jumladan, Ye-bandlikning rivojlanishi, virtual ish joylari, frilansing kabi bandlik turlari haqida maʼlumotlar berilgan. Anʼanaviy va virtual ish joylarining xususiyatlari aniqlanib, qiyosiy tahlil qilingan.
Mazkur maqolada iqtisodiyot tarmoqlarining raqamli transformatsiyasi jarayonida generativ sun’iy intellektning o‘rni, xususan, uni joriy etish samaradorligini baholash hamda texnologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda generativ sun’iy intellekt ishlab chiqarish, moliya, logistika, davlat boshqaruvi va boshqa tarmoqlarda mehnat unumdorligini oshirish, operatsion tezlikni jadallashtirish, qaror qabul qilish sifatini yaxshilash hamda innovatsion salohiyatni kuchaytirishda strategik vosita sifatida namoyon bo‘layotgani asoslab berilgan. Shu bilan birga, uning afzalliklari bilan bir qatorda ma’lumotlar sizib chiqishi, modeldan noto‘g‘ri foydalanish, shaxsiy daxlsizlik buzilishi, ishonchsiz natijalar va kiberxavfsizlikka oid zaifliklar kabi jiddiy texnologik xatarlar ham mavjudligi ta’kidlangan. Tadqiqot OECD, Jahon banki, NIST hamda tarmoqqa oid ochiq manbali ilmiy va institutsional adabiyotlarning sifatli qiyosiy tahliliga asoslangan. Natijalar generativ sun’iy intellekt samaradorligini iqtisodiy ko‘rsatkichlar va texnologik xavfsizlik mezonlarini birlashtirgan ikki tomonlama yondashuv asosida baholash zarurligini ko‘rsatadi. Xulosa sifatida, ushbu texnologiyani barqaror joriy etish uchun nafaqat raqamli infratuzilma va tashkiliy moslashuv, balki kuchli boshqaruv mexanizmlari, inson nazorati hamda uzluksiz risk monitoringi talab etilishi qayd etilgan.
Iqtisodiyot va jamiyatning raqamli transformatsiyasi dinamikasi, raqamli rivojlanishning ko‘p qirraliligi va ko‘rsatkichlarining ko‘pligi, ularning iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlari bo‘yicha sezilarli darajada farqlanishi raqamli rivojlanishni integral baholash usullarini ishlab chiqish zarurligini taqozo etmoqda. Maqolada raqamli iqtisodiyotni shakllantirish qonuniyatlarini o‘rganish asosida raqamli rivojlanish bosqichlari, maqsadli mezonlar hamda iqtisodiyot va jamiyatni raqamlashtirish bosqichlari uchun integral, umumlashtiruvchi va qisman ko‘rsatkichlar tizimi belgilab berildi. Raqamli rivojlanish holatining integral koeffitsienti haqiqiy ko‘rsatkichlarning normallashtirilgan qiymatlari asosida qo‘shimcha model yordamida hisoblanadi. Raqamli rivojlanish potentsialini baholash uchun xususiy ko‘rsatkichlarning potensial qiymatlaridan foydalaniladi.
Ushbu maqolada respublika iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda investitsiyalardan samarali foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari kompleks tarzda ekonometrik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqot jarayonida 2000–2024 yillar oralig‘idagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida investitsiyalar hajmi, bandlik darajasi hamda eksport hajmining yalpi ichki mahsulotga (YAIM) ta’siri chuqur tahlil qilindi. Tahlil metodologiyasi sifatida korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash, ko‘p omilli regressiya modeli tuzish, parametrlarning statistik ahamiyatliligini baholash (t-statistika), modelning umumiy mosligini aniqlash (F-statistika), shuningdek, qoldiqlarni tekshirish uchun Durbin–Watson mezonidan foydalanildi. Ekonometrik hisob-kitoblar va modelni qurish ishlari zamonaviy statistik dasturiy muhit R Studio dasturi yordamida amalga oshirildi. Olingan natijalar investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ya’ni investitsiya hajmining ortishi YAIMning o‘sishiga olib kelishini tasdiqladi. Shuningdek, model natijalari asosida investitsiyalarning samaradorligini oshirish, ularni iqtisodiyot tarmoqlari kesimida optimal taqsimlash va investitsion siyosatni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Maqolada Oʻzbekiston Respublikasining elektr tarmoqlarida umumiy elektr yoʻqotishlarining holati va elektr yoʻqotishlarining meʼyorlari boʻyicha maʼlumotlar keltirilgan. Elektr yoʻqotishlarini hisoblash muammosi energetiklarni juda uzoq vaqtdan buyon oʻylantirib kelmoqda. Bugungi kunda elektr yoʻqotishlarini aniqlash va hisobini yuritish uchun manbalar yetarli emas. Yoʻqotishlarni hisoblashning murakkabligi va jiddiy xatolarning mavjudligi sababli, soʻnggi paytlarda elektr energiyasi yoʻqotishlarini standartlashtirish usullarini ishlab chiqishga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Shu sababli, hududiy elektr tarmoqlarida elektr energiyasi yoʻqotishlarini tahlil qilish va ularni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish mavzusi dolzarbligicha qolmoqda.
Zamonaviy global iqtisodiyot sharoitida O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa faoliyat yo‘nalishlariga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish barqaror va dinamik rivojlanishni ta’minlash uchun muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatning ijtimoiy va davlat hayotidagi barcha jabhalarining tezkor o‘zgarishi olib borilayotgan islohotlarni eng so‘nggi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologik yechimlarga asoslangan holda tizimli qo‘llab-quvvatlashni talab qilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar O‘zbekistonni raqamlashtirish va bilimlarga asoslangan iqtisodiyotga o‘tish jarayonida jahon sivilizatsiyasi yetakchilari qatoriga olib chiqishga qaratilgan sifatli o‘tishni ta’minlashga yo‘naltirilgan. Ushbu mavzuning yuqori dolzarbligi xalqaro tajribani O‘zbekistonning milliy sharoitlariga moslashtirish va samarali innovatsion ekotizimni shakllantirish zaruratidan kelib chiqadi. Mazkur tadqiqotda iqtisodiy jihatdan rivojlangan va dinamik rivojlanayotgan mamlakatlarda innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning turli yondashuvlari tahlil qilinadi. Ushbu tahlilga asoslanib va O‘zbekiston milliy iqtisodiyoti hamda hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hisobga olgan holda, mualliflar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida innovatsion jarayonlarni davlat tomonidan rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Taklif qilingan yo‘nalishlar mamlakatning global miqyosdagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan.
Iqtisodiy o‘sishni ta’minlagan holda barqaror rivojlanishga erishish O‘zbekistonning resursni ko‘p talab qiladigan tarmoqlari va qazib olinadigan yoqilg‘iga tayanishini hisobga olgan holda muhim vazifa hisoblanadi. Ushbu maqola qayta tiklanadigan energiyaga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish, yashil texnologiya va innovatsiyalarni rag‘batlantirish va mustahkam ekologik siyosatni amalga oshirish kabi asosiy chora-tadbirlarga e’tibor qaratib, iqtisodiy o‘sishni atrof-muhitga zarar yetkazishdan ajratish strategiyalarini o‘rganadi. Tadqiqot barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyoti va xalqaro hamkorlikning ushbu o‘tishni osonlashtirishda muhimligini ta’kidlaydi. O‘zbekistonning quyosh, shamol va gidroenergetika salohiyati sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini modernizatsiya qilish bilan birgalikda atrof-muhitga ta’sirni yumshatish yo‘llarini taklif etadi. Global sheriklik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yordamida mamlakat yashil texnologiyalarni o‘zlashtirishi va rivojlanish maqsadlarini xalqaro barqarorlik standartlari bilan muvofiqlashtirishi mumkin. Bunday yondashuv iqtisodiy farovonlik va atrof-muhitni muhofaza qilish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydi, barqaror kelajakka hissa qo‘shadi.