Masofaviy ta’limning raqamli platformalari so‘nggi o‘n yillikda jahon ta’lim xizmatlari bozorining muhim qismiga aylandi: 2024-yilda uning hajmi 369,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va 2034-yilga borib 731,8 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Maqolada masofaviy platformalarning iqtisodiy samaradorligini baholashning analitik modeli taklif qilingan bo‘lib, u uchta ko‘rsatkichlar guruhini hisobga oladi: xarajatlar (litsenziya, infratuzilma, kontent va qo‘llab-quvvatlash), talabalar jalb qilinganligi (foydalanuvchilar faolligi, platformada o‘tkazilgan vaqt, kurslarni tugatish ulushi) va ta’lim xizmatlari sifati (qoniqish, o‘zlashtirish, karyera samarasi). Coursera, edX, Udemy, LinkedIn Learning va Khan Academy ma’lumotlari asosida 2023–2024-yillar uchun qiyosiy iqtisodiy tahlil o‘tkazildi. Raqamli platformalarni joriy etish ta’lim muassasalarining operatsion xarajatlarini 20–35% ga qisqartirishga va ayni paytda ta’lim mavjudligini oshirishga imkon berishi ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasida ta’lim dasturlarining sifati va moliyaviy barqarorligini boshqarish uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Ushbu maqolada oliy ta’lim muassasalari boshqaruv xodimlarining kasbiy tayyorgarligini rivojlantirish uchun davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish yo‘llari o‘rganilgan. Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik bazasi, budjet mablag‘larini taqsimlashning xalqaro ilg‘or tajribasi tahlil qilingan hamda moliyaviy resurslarni optimallashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Natijaga yo‘naltirilgan budjetlashtirish mexanizmlari, shaffoflik tamoyillari va institutsional salohiyatni oshirish yondashuvlari ko‘rib chiqilgan. Budjet taqsimlash samaradorligi va rahbar kadrlarni rivojlantirish dasturlari sifati o‘rtasidagi bog‘liqlikga alohida e’tibor qaratilgan. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, davlat budjeti resurslarini strategik taqsimlash, institutlar avtonomiyasi va hisobdorlik mexanizmlari bilan birgalikda oliy ta’limda boshqaruv kompetensiyalarining barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
Maqolada inson kapitalini rivojlantirishning kambag‘allikni kamaytirishdagi o‘rni ilmiy asosda yoritilgan. Ta’lim sifati, sog‘liqni saqlash tizimi va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish imkoniyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda inson omilining ahamiyati ochib berilgan. Tadqiqot davomida inson kapitaliga yo‘naltirilgan siyosatning samaradorligi asoslab berilib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada O‘zbekiston ta’lim tizimidagi muassasalar sifatini baholash uslublari, raqamlashtirish jarayonlari va ularning o‘zaro aloqasi tahlil qilinadi. Shu bilan birga, mavjud muammolar, raqamli texnologiyalar orqali takomillashtirish imkoniyatlari va xalqaro tajribalarga asoslangan tavsiyalar beriladi.