Mazkur tadqiqot ishida investitsiya loyihalarini boshqarish jarayonida vaqt va samaradorlik omillari qanday baholanayotgani yoritib beriladi. Asosiy e'tibor loyihaning hayotiy sikli davomida samaradorlikni oshirish va loyihaning amalga oshirilish muddatlarini qisqartirish orqali iqtisodiy foyda olish imkoniyatlariga qaratilgan. Bu mavzu hozirgi kunda juda dolzarb bo‘lib, loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va ularning iqtisodiy samaradorligini oshirish uchun asosiy mezonlardan biri sifatida qaralmoqda. Investitsiya loyihalari bo‘yicha qaror qabul qilish jarayoni ko‘pincha resurslarning cheklanganligi va vaqt omili bilan bog‘liq bo‘lib, samarali rejalashtirish va boshqaruv talab etiladi. Tadqiqotda loyihalarni boshqarishning nazariy va amaliy jihatlari o‘rganilgan. Jumladan, loyihalarning vaqtni tejash imkoniyatlari va rentabelligini oshirish uchun samaradorlik mezonlari tahlil qilingan. Vaqtni boshqarishning loyiha iqtisodiyotiga ta'siri chuqur o‘rganilib, turli loyihalarni amalga oshirishda vaqtni qisqartirish orqali iqtisodiy foyda olish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotda loyiha boshqaruvi samaradorligini oshirish uchun zarur bo‘lgan omillar, shu jumladan, moliyaviy resurslarning optimal taqsimoti, ish kuchi va texnologik infratuzilma kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilinadi. Loyiha boshqaruvida vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish va samarali foydalanishning investitsiya jarayoniga ta'siri amaliy misollar yordamida ko‘rsatilgan. Ishda nazariy asoslar bilan bir qatorda, O‘zbekiston va xalqaro tajribaga asoslangan misollar keltirilgan.
Mazkur maqolada vaqtli qatorlarning chiziqsiz trendlarini aniqlash, matematik modellash, regressiya usullari bilan trend tenglamalarini topish va bashoratlash kabi bosqichlar yoritilgan. Ayniqsa, iqtisodiy jarayonlarning murakkab dinamikasi hisobga olingan holda, eksponensial, logarifmik va polinomial modellarning ustun jihatlari tahlil qilingan. Amaliy misollar orqali bashorat natijalarining aniqligi va xatolik mezonlari ko‘rib chiqilgan.
Ushbu maqolada, suv resurslaridan samarali foydalanishni boshqarish muammolari va ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rsatilgan. Jumladan, suv resurslarini vaqt va xududlar bo’yicha qayta tarqatish, yekologik barqarorlik talablarini hisobga olgan holda atrof muhit barqarorligini ta’minlash va iqtisodiyot sohalarining suv resurslariga bo’lgan talablarini optimal ravishda qondirish, talab yetilgan miqdor va sifat bilan zarur bo’lgan vaqtida yetkazish, suv resurslarini boshqarishni - suv resurslarining vaqt va makonda tabiiy tarqalishi hamda sifat ko’rsatkichlarini rejimini iste’molchilarning talablariga moslashtirish jarayoni bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Ушбу мақолада акциядорлик жамиятларида молиявий ҳисоботнинг халқаро стандартларини биринчи марта қўлланиши, унинг ўзига хос жиҳатлари очиб берилган. Бунда биринчи марта халқаро стандартларни қўллаш жараёнида ўзига хос хусусиятлари очиб берилган. Шу жумладан биринчи марта молиявий ҳисоботларни шакллантирилиши, унинг ўзига хос томонлари, молиявий ҳолат тўғрисидаги ҳисобот, фойда ва зарарларни ҳисоботда акс эттирилиши жиҳатларини Ўзбекистон Республикаси Президентининг “Молиявий ҳисоботнинг халқаро стандартларига ўтиш бўйича қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида” 2020 йил 24 февраль, ПҚ-4611-сон Қарори асосида ташкил қилиниши бўйича тавсиялар ишлаб чиқилган.
Ushbu maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarida ishlab chiqarish faoliyatining iqtisodiy samaradorligi va tashkiliy mexanizmlari tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va samaradorligini oshirishda ilg‘or boshqaruv yondashuvlari - tejamkor ishlab chiqarish, o‘z vaqtida ishlab chiqarish va olti sigma tizimi muhim rol o‘ynaydi. Ishlab chiqarish jarayonlarining iqtisodiy jihatlari (resurslardan foydalanish, tannarx, energiya va suv sarfi) va tashkiliy jihatlari (bo‘limlararo muvofiqlashtirish, sifat nazorati, xodimlar malakasi) o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularning kompleks boshqaruvi korxonaning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, maqolada tarmoqdagi modernizatsiya jarayonlari, eksport ko‘rsatkichlari va ishchi kuchi samaradorligi ham tahlil qilindi.
Bilim uchun toʻlov sanoati va intellektual talentlarni baholash platformalarining tez rivojlanishi sharoitida mijozlarni jalb qilish xarajatlarining oshishi bilan birga foydalanuvchilarni ushlab qolish va qayta xarid darajasining pastligi platformalarning barqaror rivojlanishi uchun hal qiluvchi cheklovga aylanmoqda. Amaldagi tajriba koʻpincha bir martalik baholash va hisobotni taqdim etishni xizmatning yakuniy nuqtasi sifatida koʻrib, foydalanuvchilarning keyingi xulq-atvori qarorlari va uzoq muddatli oʻsish trayektoriyalarini tizimli boshqarishni eʼtibordan chetda qoldiradi, bu esa baholashdan keyin ularning ommaviy chiqib ketishiga olib keladi. Ushbu amaliy muammoga javoban, mazkur tadqiqot isteʼmolchi psixologiyasi va xulq-atvori qaror qabul qilish nazariyalarini tizimli ravishda integratsiyalab, dizayn ilmiy tadqiqotlari paradigmasida kontseptual modellashtirish yondashuvini qoʻllagan holda «Foydalanuvchining doimiy oʻsishini boshqarish modeli»ni quradi. Model foydalanuvchi xulq-atvori yoʻlini beshta oʻzaro bogʻliq bosqichga ajratadi: «Kognitiv ishonchni shakllantirish», «Emotsional identifikatsiya va qadriyatlar muvofiqlashuvi», «Past kirish chegarasidagi harakatlarni boshlash», «Qadriyat yechimlarini taqdim etish» va «Oʻsish natijalari boʻyicha teskari aloqa va mustahkamlash», hamda har bir bosqichda psixologik mexanizmlar va qaror qabul qilish mantiqini ochib beradi. Nazariy tahlil shuni anglatadiki, mahsulot dizaynida mos mexanizmlarni tizimli joylashtirish orqali platformalar bir martalik baholash munosabatlarini uzoq muddatli, oʻsishga yoʻnaltirilgan hamkorlikka aylantirishi mumkin, bu esa foydalanuvchining butun hayoti davomida yaratadigan qiymatini sezilarli darajada oshiradi. Ushbu tadqiqot nafaqat baholash kontekstida foydalanuvchi xulq-atvorini tushunish uchun integratsiyalashgan kontseptual modelni taqdim etadi, balki platforma kontent tuzilmasini loyihalash va operatsion strategiyani ishlab chiqish uchun amaliy koʻrsatmalarni ham taklif etadi.
Ushbu maqola raqamli texnologiyalar asosida buxgalteriya hisobining modernizatsiyasini o‘rganadi. Buxgalteriya hisobi sohasidagi innovatsiyalar, asosan, raqamli tizimlarning joriy etilishi va avtomatlashtirilgan jarayonlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan. Maqolada buxgalteriya hisobining raqamli transformatsiyasi jarayonidagi asosiy muammolar va imkoniyatlar tahlil qilinadi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt, bulutli tizimlar va blokcheyn texnologiyalari orqali buxgalteriya amaliyotining samaradorligini oshirish, xatoliklarni kamaytirish, va vaqtni tejash imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. Maqolada buxgalteriya hisobining raqamli inqilobi sharoitida yuzaga kelgan muammolar, xususan, texnologik to‘siqlar, malakali mutaxassislarning yetishmasligi va tizimlar o‘rtasidagi moslashuv muammolari batafsil yoritiladi. Shu bilan birga, ushbu yangi texnologiyalarning imkoniyatlari, innovatsion yechimlar va kelajak istiqbollari hamda buxgalteriya tizimlarining modernizatsiyasiga qo‘yiladigan talablar o‘rganiladi. Maqola natijalari, ayniqsa, buxgalteriya hisobining raqamli tizimlar bilan integratsiyasi jarayonidagi o‘zgarishlarni chuqur tahlil qilishga va ilmiy-amaliy takliflar berishga yo‘naltirilgan.
Ushbu maqolada soliq qarzdorligini undirish, qarzdorlikni bartaraf etish, qay holatlarda qarzdorlik vujudga kelishini o‘rganish, soliq to‘lash vaqtlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Soliq tushunchasi, qay holatda soliqlar o‘z vaqtida to‘lanishi haqida tushunchalar yuritiladi va ularni bartaraf etish yo‘llari izlanadi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning, shu jumladan, jismoniy shaxslarning soliq qarzlari tahlil qilingan.
Ushbu tadqiqot O'zbekistonga xorijiydan to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar oqimiga Inson taraqqiyoti indeksi, ayollar, biznes va qonun indekslari, shuningdek, biznesni osonlashtirish indeksi va import darajasi bilan bog'liqlikni o'rganishni o’z ichiga qamrab oladi. OLS regresiyasi, korrelyatsiya tahlili, kointegratsiya testlari va boshqa iqtisodiy-analitik usullardan foydalanib, 2005-2019 yillar davridagi vaqt seriyasi ma'lumotlar asosida ushbu tahlil, ko'rsatkichlarning to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar oqimiga ta'sirini aniqlaydi. Tahlil natijalari inson taraqqiyoti indeksi, ayollar indeksi, biznes va qonun indeksi va import darajasi o'zgarishlari O'zbekistonga xorijiy investitsiyalar oqimiga ijobiy bog'liqlikni ko'rsatdi. Bu inson rivojlanishi, jinsning tengligi, biznes muhitining qulaylashishi va import siyosatining yaxshilanishida xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning ahamiyatini ko'rsatdi.
Mazkur maqolada O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish korxonalarini soliqqa tortishning ilmiy-nazariy masalalari, alohida yondashuvlar asosida xizmatlar sohasini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy resurslar va infratuzilma bilan ta’minlash hamda ularga qulay soliq rejimini joriy etish” bugungi kundagi dolzarb masalalar sifatida belgilab olinganki, bu esa xizmat ko‘rsatish korxonalariga qulay soliq rejimlarini qo‘llash va uning natijadorligiga erishishga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishni taqozo etadi. Shu bilan birgalikda tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga chiqarish, aholining soliq ma’murchiligi bo‘yicha savodxonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni qo‘llabquvvatlash, teng raqobat sharoitini yaratish va iste’molchilarning huquqlarini kafolatlash hamda yashirin iqtisodiyotni jilovlashda keng jamoatchilikning faol ishtirokini rag‘batlantirishga asoslangan ma’murchilikni takomillashtirish yoritilgan. Shu bilan birga, sohalar o‘rganilib, xorij tajribasi, mamlakatimizda uni qo‘llash bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosa va takliflar shakllantirilgan.
Tadqiqotda raqamli marketing usullari tijorat banklarining iqtisodiy ko'rsatkichlariga, ayniqsa bank sektorining o'zgaruvchan muhitida qanday ta'sir ko'rsatishi batafsil ko'rib chiqilgan. Tadqiqotda Oʻzbekistondagi ATIB Ipoteka bankining 18 yillik moliyaviy maʼlumotlaridan foydalangan holda raqamli marketing xarajatlarining koʻpayishi, xodimlarni rivojlantirishga investitsiyalarning ortishi va uning banklar daromadiga taʼsiri oʻrtasidagi bogʻliqligi o’rganildi. Tadqiqotda bank sohasida marketing strategiyalar ta'sirini bashorat qilish va baholash uchun VAR (Vector Autoregressive) va ARDL (Autoregressive Distributed Lag) modellari ishlab chiqildi. Natijalar raqamli marketing harajatlarining ortishi, bank ishchi xodimlariga qilingan investitsiyalarning o‘sishi va tijorat banklarining moliyaviy muvaffaqiyatlari o'rtasidagi kuchli bog'liqligi ochib berildi. Ushbu tadqiqot raqamli marketing samaradorligi bo'yicha kengroq munozaraga hissa qo'shadi va moliyaviy institutlar uchun marketing strategiyasi va inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali iqtisodiy samaradorligini optimallashtirishga qaratilgan qimmatli tushunchalarni taqdim etadi.
Мазкур мақолада тадбиркорлик субъектларига хизмат кўрсатишни янги босқичга чиқариш, аҳолининг солиқ маъмурчилиги бўйича саводхонлигини янада ошириш, тадбиркорликни қўллаб-қувватлаш, тенг рақобат шароитини яратиш ва истеъмолчиларнинг ҳуқуқларини кафолатлаш ҳамда яширин иқтисодиётни жиловлашда кенг жамоатчиликнинг фаол иштирокини рағбатлантиришга асосланган маъмурчиликни такомиллаштириш ёритилган. Кейинги йилларда дунё мамлакатлари қисқа ва узоқ муддатли бюджет-солиқ сиёсатига оид стратегиясини ишлаб чиқишда солиқ тўловчилар томонидан солиқдан қочиш ҳолатлари олдини олиш ва уни камайтиришнинг турли хил механизмларини жорий этишга алоҳида эътибор бермоқда. Шу билан биргаликда ноқонуний молиявий оқимларни камайтириш, солиқ тўловчилар томонидан солиқдан қочиш ҳолатларини келтириб чиқарувчи омилларни таҳлил қилиш, яширин иқтисодиётни камайтириш орқали солиқ тўлашдан бўйин товлаш жараёнларининг илмий-назарий жиҳатларига қаратилган илмий тадқиқот ишларини олиб бориш устувор йўналишлардан бири бўлиб қолмоқда. Шу билан бирга, соҳалар ўрганилиб, хориж тажрибаси, мамлакатимизда уни қўллаш бўйича илмий-амалий хулоса ва таклифлар шакллантирилган.
Ушбу мақолада мамлакатимизда транспорт-логистика тизимини ривожлантиришни такомиллаштириш ва Ўзбекистоннинг транспорт-логистика каридорларига қаратилган жиддий эътибор асосланган. Шу билан бирга “Ўзбекистон-2030” стратегиясида белгиланган вазифаларини бажариш механизмлари, ҳозирги замон талабларига жавоб берувчи замонавий транспорт-логистика тизимини такомиллаштириш йўлларини амалиётга жорий этиш таклиф этилган.
Ушбу мақолада мамлакатимизда ва Марказий Осиёда сув муаммосини бартараф этиш йўллари асосланган. Шу билан бирга хозирги замон талабларига жавоб берувчи замонавий рақамли технологияларни, яъни сув тежовчи технологияларни амалиётга жорий этишни тезлаштириш, шу орқали қишлоқ хўжалиги маҳсулотларини таннархи ошиб кетишини олдини олиш масалалари таклиф этилган.
Ушбу мақолада банк экотизимларини Ўзбекистон Республикаси миллий банк-молия соҳаларида жорий қилишнинг назарий-услубий жиҳатлари таҳлил қилинган, шунингдек, банк бизнесида рақамли технологияларни ривожлантириш масалалари кўриб ўтилган. Шу билан бирга банк фаолиятида рақамли технологияларни ривожлантириш муаммолари аниқланган ва уларни бартараф этиш бўйича таклифлар келтирилган.
Мазкур мақолада Қашқадарё вилоятида аҳолининг такрор барпо бўлиш жараёнларининг меҳнат ресурслари шаклланишига таъсири социологик тадқиқотлар асосида баҳоланган. Тадқиқот доирасида ҳудуд аҳолиси ўртасида ўтказилган сўровнома натижалари таҳлил қилиниб, туғилиш даражаси, оилаларда фарзандлар сони, никоҳ ёши, миграция жараёнлари, турмуш шароити ва аҳоли саломатлиги каби омилларнинг меҳнат ресурслари шаклланишига таъсири аниқланган. Таҳлил натижаларига кўра, ҳудудда демографик жараёнларнинг барқарорлиги ва юқори туғилиш майли меҳнат ресурслари ўсиши учун асос яратаётгани, бироқ миграция ва ижтимоий инфратузилма билан боғлиқ айрим муаммолар мавжудлиги қайд этилган. Тадқиқот натижалари асосида меҳнат ресурсларидан самарали фойдаланиш ва демографик жараёнларни тартибга солиш бўйича амалий таклифлар ишлаб чиқилган.
Меҳнат унумдорлиги корхона рақобатбардошлигининг энг ишончли кўрсаткичларидан бири бўлиб қолмоқда, бироқ кичик бизнес корхоналари ўз меҳнат салоҳиятининг фақат бир қисмидан фойдаланади. Мазкур мақолада кичик корхоналар меҳнат унумдорлигининг яширин захираларини аниқлаш ва уларни амалий, ўлчаниши мумкин бўлган натижага айлантириш механизмлари тадқиқ этилади. Тадқиқот адабиётларнинг тизимли таҳлили, бошқарув амалиётининг қиёсий таҳлили ва иккиламчи статистик маълумотларга таянади. Ишда захираларни аниқлашга хизмат қилувчи ташхис механизмлари — иш вақтини таҳлил қилиш, омилли декомпозиция, бенчмаркинг ва асосий кўрсаткичлар тизими — ҳамда уларни сафарбар этувчи механизмлар — рағбатлантириш тизимини лойиҳалаш, лин ва узлуксиз такомиллаштириш усуллари, малака ва кўп функциялиликка сармоя, танлаб рақамлаштириш ҳамда меҳнатни қайта ташкил этиш — ажратиб кўрсатилади. Таҳлил шуни кўрсатадики, йирик корхоналардан фарқли ўлароқ, кичик корхоналар захиралари капитал талаб қилувчи технологик ўзгаришларда эмас, балки меҳнатни ташкил этиш, мотивация ва бошқарув эътиборининг сифатида жамланган. Мақолада захираларни аниқлаш ва сафарбар этишни ягона, узлуксиз бошқарув жараёни сифатида кўрувчи интеграллашган стратегик цикл таклиф этилади. Натижалар кичик бизнес соҳасида меҳнат унумдорлигини оширишга интилаётган тадбиркорлар, маслаҳат институтлари ва сиёсат ишлаб чиқувчилар учун, айниқса бу сектор бандликнинг ортиб бораётган улушини ўз зиммасига олаётган ривожланаётган иқтисодиётларда, фойдали бўлиши мумкин.
O‘zbekiston Respublikasining 3 ta hududi bo‘yicha 2010–2024 yillardagi panel ma’lumotlarga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarish dinamikasi ekonometrik modellashtirilgan. Tadqiqotda Two-Way Fixed Effects (FE) va Log Trend Interaction modellari yordamida hududiy bo‘yicha vaqtga xos strukturaviy o‘zgarishlar tahlil qilingan. Empirik tahillar natijalariga ko‘ra, baliqchilik ishlab chiqarishdagi variatsiyalarning 78,8 tezligini oshirish mumkin. 2025–2027 yillar uchun oshirilgan ekonometrik prognozlar uchun tarmoq ishlab chiqarish ishlab chiqarish o‘sishda davom etishini va hududiy o‘sish dinamikasini rivojlanishini ko‘rsatmoqda.
Ушбу мақолада туризм соҳасида хизматлар сифатини такомиллаштиришда сунъий интеллект технологияларининг ўрни ва аҳамияти комплекс тарзда таҳлил қилинган. Тадқиқот доирасида сунъий интеллектнинг асосий функционал имкониятлари, жумладан хизматларни индивидуаллаштириш, бизнес жараёнларни автоматлаштириш, прогнозли таҳлил ва мижозлар фикрларини рақамли таҳлил қилиш каби йўналишлар атрофлича ёритилган.Шунингдек, замонавий рақамли ечимлар - чат-ботлар, виртуал ёрдамчилар, динамик нарх шакллантириш механизмлари ҳамда автоматлаштирилган брон қилиш тизимларининг туристик хизматлар самарадорлиги ва рақобатбардошлигига таъсири илмий жиҳатдан асослаб берилган.Мақолада Ўзбекистон туризм бозори шароитида амалга оширилган таҳлиллар орқали туристик оқимнинг ортиши ва хизматларга бўлган талабнинг ўсиши сунъий интеллект технологияларини жорий этишни долзарб вазифага айлантираётгани кўрсатилган. Шу билан бирга, мазкур технологияларни самарали татбиқ этиш инфратузилма ривожи, рақамли компетенциялар ва малакали кадрлар тайёрлаш билан узвий боғлиқ эканлиги таъкидланган. Тадқиқот натижалари шуни кўрсатадики, сунъий интеллект туризм соҳасида хизмат сифатини ошириш, ресурслардан оқилона фойдаланиш ва мижозлар қониқишини таъминлашда муҳим стратегик омил ҳисобланади. Мақолада келтирилган хулосалар рақамли трансформация шароитида сунъий интеллект технологияларининг туризм соҳасидаги аҳамияти ортиб бораётганини яна бир бор тасдиқлайди.
Masofaviy ta’limning raqamli platformalari so‘nggi o‘n yillikda jahon ta’lim xizmatlari bozorining muhim qismiga aylandi: 2024-yilda uning hajmi 369,7 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va 2034-yilga borib 731,8 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Maqolada masofaviy platformalarning iqtisodiy samaradorligini baholashning analitik modeli taklif qilingan bo‘lib, u uchta ko‘rsatkichlar guruhini hisobga oladi: xarajatlar (litsenziya, infratuzilma, kontent va qo‘llab-quvvatlash), talabalar jalb qilinganligi (foydalanuvchilar faolligi, platformada o‘tkazilgan vaqt, kurslarni tugatish ulushi) va ta’lim xizmatlari sifati (qoniqish, o‘zlashtirish, karyera samarasi). Coursera, edX, Udemy, LinkedIn Learning va Khan Academy ma’lumotlari asosida 2023–2024-yillar uchun qiyosiy iqtisodiy tahlil o‘tkazildi. Raqamli platformalarni joriy etish ta’lim muassasalarining operatsion xarajatlarini 20–35% ga qisqartirishga va ayni paytda ta’lim mavjudligini oshirishga imkon berishi ko‘rsatildi. Tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasida ta’lim dasturlarining sifati va moliyaviy barqarorligini boshqarish uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Raqamli texnologiyalar O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish tizimining muhim qismiga aylanib bormoqda. So‘nggi yillarda birlamchi tibbiyot muassasalarida bemorlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish, tibbiy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash hamda qog‘ozbozlikni kamaytirish maqsadida raqamli tibbiy tizimlar joriy etila boshlandi. Biroq, ushbu tizimlarni amaliyotga tatbiq etish jarayoni operatsion darajada har doim ham muammosiz kechmayapti. Tibbiyot xodimlari kundalik faoliyatda raqamli tizimlardan foydalanish jarayonida texnik, tashkiliy va ma’muriy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mazkur maqola O‘zbekistondagi birlamchi tibbiyot muassasalarida raqamli transformatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy muammolarni sifat tadqiqoti asosida tahlil qiladi. Tadqiqot davomida birlamchi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan yarim tuzilgan intervyular o‘tkazildi. Natijalar internet aloqasining beqarorligi, tizimdagi nosozliklar, ortiqcha ish yuklamasi, tizim funksiyalarining to‘liq ishlamasligi hamda tashkiliy qo‘llab-quvvatlashning sustligi raqamli sog‘liqni saqlash xizmatlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ishtirokchilar tizimning ayrim ijobiy jihatlarini ham qayd etdilar, jumladan, tibbiy ma’lumotnomalar va laboratoriya natijalarini onlayn olish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etishni faqat texnologik jarayon sifatida baholash yetarli emas. Tashkiliy sharoitlar, xodimlar ish yuklamasi, boshqaruv amaliyoti va bemorlarning tayyorgarlik darajasi ham ushbu jarayon natijalariga ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda raqamli sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish uchun amaliy tavsiyalar beradi.
Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasi tovar bozorida tovar-moddiy resurslar harakatining 2015–2024 yillar davomidagi holati, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va tashqi savdo tarkibi qiyosiy hamda statistik tahlil usullari orqali yoritildi. Tadqiqotning asosiy maqsadi tovar bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni baholash, logistika va import qaramligi bilan bog'liq mavjud muammolarni aniqlash hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘rganilayotgan davrda mamlakat YaIM hajmi 72.6% ga, tashqi savdo aylanmasi esa 177% ga oshgan. Shuningdek, raqamli savdo hajmi yillik o‘rtacha 40.2% ga o‘sib, tovar bozorining eng istiqbolli segmentiga aylandi. Shu bilan birga, eksport tarkibida xom ashyo ulushining yuqoriligi, logistika xarajatlarining kattaligi va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy disparitet (Toshkent shahri va Qoraqalpog'iston o‘rtasida 6.3 baravarlik farq) kabi tizimli muammolar saqlanib qoldi. Tadqiqot xulosasida import o‘rnini bosish siyosatini takomillashtirish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish va mintaqaviy tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Mazkur maqolada iqtisodiyot tarmoqlarining raqamli transformatsiyasi jarayonida generativ sun’iy intellektning o‘rni, xususan, uni joriy etish samaradorligini baholash hamda texnologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari tahlil qilingan. Tadqiqotda generativ sun’iy intellekt ishlab chiqarish, moliya, logistika, davlat boshqaruvi va boshqa tarmoqlarda mehnat unumdorligini oshirish, operatsion tezlikni jadallashtirish, qaror qabul qilish sifatini yaxshilash hamda innovatsion salohiyatni kuchaytirishda strategik vosita sifatida namoyon bo‘layotgani asoslab berilgan. Shu bilan birga, uning afzalliklari bilan bir qatorda ma’lumotlar sizib chiqishi, modeldan noto‘g‘ri foydalanish, shaxsiy daxlsizlik buzilishi, ishonchsiz natijalar va kiberxavfsizlikka oid zaifliklar kabi jiddiy texnologik xatarlar ham mavjudligi ta’kidlangan. Tadqiqot OECD, Jahon banki, NIST hamda tarmoqqa oid ochiq manbali ilmiy va institutsional adabiyotlarning sifatli qiyosiy tahliliga asoslangan. Natijalar generativ sun’iy intellekt samaradorligini iqtisodiy ko‘rsatkichlar va texnologik xavfsizlik mezonlarini birlashtirgan ikki tomonlama yondashuv asosida baholash zarurligini ko‘rsatadi. Xulosa sifatida, ushbu texnologiyani barqaror joriy etish uchun nafaqat raqamli infratuzilma va tashkiliy moslashuv, balki kuchli boshqaruv mexanizmlari, inson nazorati hamda uzluksiz risk monitoringi talab etilishi qayd etilgan.
Ушбу мақолада рақамли маркетинг технологияларининг ривожланиш тенденциялари, рақамлаштириш ва тикув-трикотаж, кийим-кечак, ва тўқимачилик корхоналарида рақамли маркетинг технологияларини қўллашни ўрганиш асосларига эътибор қаратилади. Шунингдек, унда тикув-трикотаж ва тўқимачилик корхоналарида рақамли маркетинг технологияларидан фойдаланиш элементлари, ҳамда, тикув-трикотаж, тўқимачилик, кийим-кечак ва мода саноатида рақамли технологияларни қўллаш масалалари ўрганилади.